Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Azizlar siz bilan bashariyatning, xususan, mo‘min-musulmonlarning ashaddiy dushmani bo‘lmish shayton haqidagi fikrlar dunyosiga sayr qilib ko‘ramiz!
Qur’oni Karimda shayton haqida 60 dan ziyod oyat bor. Shulardan 4 tasini keltirib o‘tsak:
«(Iblis) aytdi: «Robbim! Qasamki, meni yo‘ldan ozdirganing sababli ixlosli bandalaringdan boshqa barchasiga yerdagi (barcha gunoh ishlarni) chiroyli ko‘rsatib qo‘yaman va hammalarini yo‘ldan ozdiraman.» (Hijr surasi, 39-40-oyatlar).
«U (alamidan) dedi: «Qasamyod etamanki, meni yanglishtirganing tufayli Sening To‘g‘ri yo‘ling (Islom dini) uzra ular (odamlarni chalg‘itish) uchun o‘tiraman. So‘ngra, ularga oldilaridan, ortlaridan, o‘ng tomonlaridan va so‘l tomonlaridan (chalg‘itish uchun) kelaman. (Natijada) ularning aksariyatini shukr qiluvchi holda topmaysan» (A’rof surasi, 16–18-oyatlar).
«Sizlarni shayton (Allohning diniga e’tiqod qilishdan) sira to‘smasin! Albatta, u sizlarga aniq dushmandir» (Zuxruf surasi, 62-oyat).
«Shayton sizlarga dushmandir! Uni dushman tutingiz! U o‘z firqasini (o‘ziga ergashganlarni) do‘zax ahli bo‘lishga da’vat qilur» (Fotir surasi, 6-oyat).
Mazkur oyati karimalarni yaxshilab tadabbur, tafakkur qilib ko‘raylik!
Shayton Odam alayhissalomdan avval yaratilgan va qiyomatgacha mavjud bo‘lib qoladi. O‘sha davrdan beri qanchadan-qancha insonlarga, xususan, payg‘ambarlar, rasullar va ularning yo‘lini tutgan salafi solihlar, mujtahid olimlaru obidlarga dushmanlik qilib, vasvasa solish mumkin bo‘lganlarini vasvasaga giriftor etib, jannat yo‘lidan adashtirishga, Alloh taolo sari bir qadam bosishga ham yo‘l qo‘ymaslikka urinib keldi. Va qaysidir ma’noda Alloh taologa aytgan qasamlarining uddasidan chiqdi va shunday qilishda davom etmoqda.
Uning yagona vazifasi, ko‘zlagan maqsadi – bizga to‘laqonli dushmanlik qilish, jannat sari yetaklaydigan odimlarimizni chalg‘itish, yo‘ldan ozdirish, solih amallar qilishimizga to‘sqinlik qilish, xayrli amallarni unuttirish va hokazo... U bu borada aslo tinmaydi, charchoq neligini ham bilmaydi. U o‘ta bilimdon, juda ayyor, makkor, sodda qilib aytganda, sizu bizdan anchagina ilmli, turli usullarni biladigan darajada uddaburon. Bu borada ancha tajribaga ham ega.
Har bir kishining nozik nuqtasini topib, o‘shanga hujum qiladi. Qalbga kiradigan biror tirqishni ko‘rib qolsa bormi, albatta, o‘sha joydan kirib borishga urinadi. U insonni birdaniga yomon amallarga boshlamaydi. Inson payqab qolishi mumkinligini bilgani holda buning ehtiyotini qiladi! Shuning uchun arqonni uzun tashlab qo‘yadi. Bandani adashtirish uchun obdan vaqt ajratadi, kuch sarflaydi. Uning vasvasasini sezib, darrov zikr qilsa: «Mayli, sen Allohni eslayapsan, men ketdim, lekin yaqinda qaytaman», deya shu zahoti gumdon bo‘ladi. Keyin yana keladi va ishini shunday davom ettiraveradi.
Avvalo kichik gunohlar sari undaydi. Sekin-astalik bilan Alloh taologa osiy bandaga aylantiradi, bora-bora gunohkor, osiy insonni noshukrga aylantirib, eng katta gunoh hisoblangan shirk va kufr amallarni qildirishgacha boradi va o‘zining oliy maqsadi – jahannamiy qilishning uddasidan ham chiqadi. Alloh taolo barchamizni asrasin!
Dushmanimizning qay darajada kuchli, uddaburon ekanini ko‘rdingizmi?
Insonlarning dushmanligi shaytonning dushmanligi oldida hech narsa emas. Inson chirkin maqsadiga erisha olmasa, yomonlikdan voz kechishi mumkin. Balki, sizga, mol-dunyoingiz, amalingizga zarar yetkazish orqali ta’sir eta olar. Siz bu ziyonning o‘rnini qoplay olasiz, vaqti kelsa, balki o‘sha dushmaningizdan o‘ch ham olarsiz. Lekin iblisning sizga yetkazgan zararining o‘rnini to‘ldira olmaysiz. Chunki uning oliy maqsadi – bizni jahannam sari uloqtirish, Alloh taoloning noshukr, osiy, g‘azabiga duchor bandalariga aylantirishdir. Bundan ortiq dushmanlik bo‘lishi mumkinmi? Yo‘q, albatta. Yuqoridagi oyatlarda butun olamlar Robbi Alloh taolo shayton bizning ashaddiy g‘animimiz ekani, uni dushman tutishimiz lozimligi haqida ogohlantirmoqda.
Ana o‘sha dushmanimiz hozir kishanda. Salafi solihlar Ramazon kirib kelganida bejiz xursand bo‘lishmagan. Ular ashaddiy dushmanlari bo‘lmish shaytonning zanjirband etilishini to‘la his qila olishgan. Bu ular uchun tom ma’noda bayramga aylangan. Ramazon oxirlagani sari mahzunliklari ortavergan. Buning bir qancha sabablari bor, lekin eng asosiysi – bu shaytonning kishandan ozod bo‘lishi hisoblangan. Ular shaytonning sharridan doimo Allohdan panoh so‘rashgan. Katta sahobalardan Abu Hurayra roziyallohu anhu duo qilsalar, eng katta gunohlar, jumladan, xamr (mast qiluvchi ichimlik) ichish, zino, o‘g‘rilik, kufr, shirk qilishdan panoh so‘rar ekanlar. Buni eshitganlar: «Shu gunohlarni qilib qo‘yaman deb o‘ylaysizmi?» deb so‘rashganida: «Modomiki iblis tirik ekan, o‘zimga ishonmayman. Qalblarni buruvchi Zot xohlagan tomonga bura oladi», der edilar.
Bu so‘zlar kimning og‘zidan chiqayotganiga e’tibor bering-a! Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga hamroh bo‘lgan, oldilaridan jilmaydigan, u zotdan eng ko‘p hadis rivoyat qilgan, tirikliklarida Alloh taolo ulardan rozi bo‘lgan, jannatiy buyuk sahobiyning og‘zidan chiqmoqda!
Ha, azizlar, biz ham shaytonga nisbatan xuddi shunday xavotirda bo‘lishimiz lozim. Doimo uning makru hiylalaridan omonda qilishini Yaratgandan so‘rashimiz kerak.
Shaytonning dushmanligini ozroq bo‘lsa ham his qildingizmi?
Bir kishiga emas, bir qancha yaqinlarimga o‘zimcha: «Noxush xabar! Eshitdingizmi? Juda yomon bo‘lar ekan», desam, «Obbo, yana qanday noxush xabar ekan?» deb birdan hammalarining savoli: «Tinchlikmi?» bo‘ldi. Men: «Tinchlik emas-da!» desam, xavotirlari yanada oshib: «Ayta qoling, yurakni siqmasdan, nima bo‘ldi o‘zi?» deb qistayverishdi. Keyin men: «Ogoh bo‘ling! Shayton yaqinda zanjirlaridan ozod bo‘lar ekan!» desam, yengil tortib: «E, shumidi, nima bo‘libdi ekan debman», deyishdi.
Subhanalloh! Bu eng yomon xabar emasmi?! Nahotki, uni eshitgan inson xavotirga tushmasa, mahzun bo‘lmasa?! Bundan ham yomonroq xabar bo‘lishi mumkinmi?!
Ha, azizlar, achchiq bo‘lsa-da, haqiqat shu, bizning holimiz shunday... Shaytonni ashaddiy dushman sanamaganimiz yoki uning ashaddiy g‘anim ekanini to‘liq his qila olmaganimiz sabab ana shunday holatga tushib qolganmiz. G‘ofillikdan uyg‘onmasak ahvolimiz ne kechadi?! Tasavvur qilish qiyin...
Ana shunday his-tuyg‘ulari bo‘lgan haqiqiy mo‘min-musulmon Ramazonni intiqlik bilan kutadi. Ramazon kirib kelsa, boshi ko‘kka yetadi, qalbi shodlanadi. Ko‘proq ibodatlar qilishga Robbi bilan ahdlashadi. Dengizga tushgan baliq qanday yayrasa, u ham Ramazonda shunday yayraydi. Har bir lahzadan unumli foydalanib qolishga, 11 oy davomida ulgurmagan amallarni bor kuchi bilan ko‘proq qilib olishga, oxirati uchun og‘ir va salmoqli zaxira to‘plashga harakat qiladi. Biroq «Yaqinda shayton chiqarkan, ozod bo‘lar ekan» degan xabarni eshitishi bilan siqilib, qalbini mahzunlik qamrab oladi, xotirjamligi yo‘qoladi. Mo‘min-musulmonning ashaddiy dushmani bo‘lmish shaytonning zanjirlari oz fursatdan keyin yechilishi haqidagi xabar unga og‘ir botadi.
Xo‘sh, bu xabardan keyin endi haqiqiy mo‘min nima qilishi kerak? Eshitganlaridan ta’sirlanib, jim bo‘lib qolishi, amallardan to‘xtab qolishi kerakmi?!
Yo‘q, aslo! Bu xabarni eshitgan kishi ko‘zini kattaroq ochadi, yanada sergak tortadi. Ashaddiy dushmaniga qarshi qurollanishga, 11 oy davomida uning aldovlari, yolg‘on va’dalari, vasvasalariga uchib qolmaslik uchun mohirona tayyorgarlik ko‘rishga qat’iy kirishadi. Shu vaqtgacha shayton qaysi tomondan o‘ziga hujum qilgani, qay tirqishu teshiklar orqali vasvasa qilgani haqida mulohaza qilib, darhol shu kamchiliklarini bartaraf etishga, qalb qal’asini 11 oylik ozuqa bilan ta’minlashga, poydevoriyu binosini mustahkamlashga tirishadi. Zaif tomonlarini o‘rganib, ularni to‘g‘rilashga harakat qiladi.
Mo‘minning shaytonga qarshi quroli nima? Albatta, Alloh taoloni rozi qiladigan har qanday solih amallar shaytonga qarshi qurol hisoblanadi. Bu amallar ixlos bilan amalga oshirilishi, faqat shu oy bilan kifoyalanib qolmay, umrining oxirigacha bardavom bo‘lishini Yaratgandan so‘rashi, bu borada qat’iy azmu qaror qilishi lozim. Siz ega bo‘lishingiz kerak bo‘lgan qurollarni e’tiboringizga havola qilamiz:
Ilm o‘rganish, Alloh taoloni tanish, kalomini o‘rganish, uni fahmlash, tadabbur-tafakkur qilish, undagi Robboniy buyruqlarni tahlil qilib, hayotga tatbiq qilish, qaytariqlardan tiyilish, nabaviy ko‘rsatmalarga amal qilish, rostgo‘y, go‘zal xulqli bo‘lish, g‘azab qilmaslik, ota-onaga itoat, g‘amxo‘rlik qilish, namozlarga mustahkam bel bog‘lash, imkon bo‘lsa, haj va umrani ado qilish, zakot berish, mo‘min-musulmon va qiynalganlar holidan xabar olish, ro‘zadorlarga iftorlik qilib berish, doimiy tahoratda yurish, Alloh taoloni zikr qilish, xususan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va sahobalar tark qilmagan doimiy tonggi va tungi zikrlarni yodlab, o‘qib yurish, muntazam ravishda istig‘for, salavotlar aytish, juma kuni Kahf surasini o‘qish, namozlarini doimo jamoat bilan ado etishga harakat qilish, kundalik sunnat namozlarni tark etmaslik, ko‘p duo qilish, yetim-yesirlarning boshini silash, ularga g‘amxo‘rlik qilish, do‘stu birodarlarning ehtiyojlarini qondirish, hayoli, iffatli bo‘lish, insonlarning aybini yashirish, shirk va kufr amallardan saqlanish, musulmon va boshqalarga til bilan ham, qo‘l bilan ham aziyat bermaslik, ayolning eriga itoat qilishi, er-xotin bir-birlarining haq-huquqlari va majburiyatlariga rioya etishi, hasad va baxillikdan ehtiyot bo‘lish, Alloh taologa shukrona aytib yurish va hokazo...
Azizlar, dushmanimizga qarshi qurollana olyapmizmi?! Ashaddiy dushmanimiz bo‘lmish shaytonning ozodlikka chiqishi sizni ham xavotirga soldimi? Ramazonning bebaho lahzalarini behuda narsalar bilan o‘tkazib qo‘ymayapmizmi? Dushmanimizni haqiqatdan his qila oldikmi? Shayton hujum qiladigan binoimizni mustahkam qilishga kirishdikmi? Kamchiliklarimiz, shayton kira oladigan tirqishlarni berkitishga harakat qilyapmizmi?
O‘zi qaysi tomondamiz: Robbimizning nurli yo‘lidami yoki shaytonning zulmat so‘qmoqlaridami? Kimga do‘stmiz? Jahannam sari yetaklashga urinadigan shayton va uning gumashtalarimi yoki abadiy hayot – jannatga chorlaydigan Alloh taolonimi? Kimga quloq solmoqdamiz? Ashaddiy dushmanimiz shayton yoki uning toifasidagi insonlargami yoki biz uchun eng mehribon bo‘lgan Zot – Alloh taolo va uning suyukli Rasuli Muhammad sollallohu alayhi vasallam, ularning yo‘lini tutgan haqiqiy mo‘min-musulmonlargami?
Yo‘limizni, maqsadimizni aniqlab olish vaqti kelmadimi?! Hozir shuni qilmasak, hayotimizni kerakli tomonga yo‘naltirmasak, keyin kech bo‘lib qolishi mumkin! Yana bir bor eslatamizki: Ashaddiy dushmanimiz shaytonning ozod bo‘lishiga sanoqli kunlar qoldi. Unga qarshi qurollanib olaylik!
Alloh taolo barchamizni shayton va uning yomonliklaridan, shaytoniy insonlar va ularning yaramasliklaridan O‘z panohida asrasin! Ushbu Ramazondan keyingi Ramazonga qadar shaytonga qarshi kurasha oladigan kuch-quvvat, mustahkam iymon ato qilsin, solih amallar bilan qurollantirsin!
«Ramazon sog‘inchi» kitobidan olindi
Xorazm viloyatining turizm salohiyatini yuzaga chiqarish bo‘yicha qilinayotgan ishlar katta natija bermoqda, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, buni hududga xorijiy sayyohlarning tashrifi yetti-sakkiz yil oldingi davrga nisbatan 30 barobar ko‘payganida ham ko‘rish mumkin. Sohadagi o‘zgarishlar hisobiga viloyat turizm xizmatlari eksporti 2017 yildagi 7 million dollardan o‘tgan yilda 380 million dollarga yetdi.
Sir emas, ilgari hudud turizmi haqida gapirilganda ko‘pchilik faqat Ichan qal’ani hayoliga keltirar edi. Keyingi vaqtlarda bu boradagi qarashlar butunlay o‘zgardi. Sayyohlar uchun qirqdan ortiq turistik yo‘nalishlar ishlab chiqildi va ularning umumiy soni yuztaga yetdi.
Endi bu yerda yana bir noyob majmua – "Arda Xiva" bor. Uning ochilishi Xorazm viloyatiga Prezident tashrifining muhim voqeasi bo‘ldi.
Majmua qadim kent ichra yana bir betakror shaharni eslatadi. Mazkur maskan o‘zida tarix va bugunni uyg‘unlashtirgan me’moriy yechimi bilan noyob loyiha sanaladi.
"Arda Xiva" hududdagi 25 gektarlik past unumli, sho‘rxok maydonda qurildi. Uning bir tomoni 150 gektarlik G‘ovuk ko‘lga tutashib ketgani, bu maydonlarda esa yashil hududlar tashkil etilayotgani loyihani sayyohlar uchun yanada jozibador ko‘rsatishga xizmat qiladi.
Davlatimiz rahbari majmua bo‘ylab yurib, bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirdi. Hunarmandchilik, badiiy va amaliy san’at ko‘rgazmalari hamda bozor rastalarini tomosha qildi.
Bu yerda sayyohlarga xizmat ko‘rsatish uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Xususan, qadimiy shahar muhitini aks ettiruvchi binolar, jami ming o‘rinli 20 ta mehmonxona qurildi. Ochiq-yopiq akvapark va attraksionlar, uch ming o‘rinli amfiteatr va musiqali favvora barpo etildi.
Shuningdek, tarixiy qiyofadagi 11 ta hunarmand uyi, sharqona bozor, "Ko‘hna Urganch" muzeyi mehmonlar uchun qiziqarli bo‘ladi. Ikki kilometrlik kanalda qayiqda sayr qilish imkoniyati yana bir o‘ziga xos yangilik.
Beshta kinoteatr va konsert zali, ko‘plab restoranlar, zargarlik markazi, savdo do‘konlari va rastalari, suv moto-turizmi joyi hamda avtoturargoh zamonaviy talablarga mos tarzda qurilgan. Hududdagi barcha inshootlar uchun yagona sovitish va isitish tizimi barpo etilgan. Elektr energiyasi ta’minoti uchun quyosh panellari o‘rnatilgan.
Majmua yiliga uch million nafar tashrif buyuruvchini qabul qilish imkoniyatiga ega. Bu yerda ikki mingdan ziyod kishi ish bilan ta’minlanadi.
Ichan qal’a tarixiy bo‘lsa, "Arda Xiva" Xorazmning zamonaviy "tashrif qog‘ozi" bo‘ladi.
Davlatimiz rahbari shu yerda xorazmlik yoshlar bilan samimiy muloqot qildi.
- Har qanday zaxira, yerosti boyliklari qachonlardir tugaydi. Lekin bobolarimiz bizga shunday buyuk ma’naviy meros, ulug‘vor obidalar qoldirganki, ular asrlar davomida xalqqa xizmat qilib kelayapti. Biz mana shu boylikdan elimiz manfaati yo‘lida foydalanishimiz kerak. Ancha ishlar qilindi, lekin hali rejalar ham ko‘p. Men bu yo‘lda siz, yoshlarga ishonaman. Sizlar baland cho‘qqilarni ko‘zlab, shunga yarasha bilim olsangiz, zamonaviy kasblarning ustasi bo‘lsangiz, yuksak maqsadlarimizga albatta erishamiz, - dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.
Yoshlarning o‘qishdagi muvaffaqiyatlari, orzu-intilishlari haqida fikr almashildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati