Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Shifokor huzuriga bezovtalikdan shikoyat qilgan xasta keldi. Bajarishi zarur bir dunyo yumushi borligini, lekin ulgurolmayotgani, ishlar esa kutib turmasligini kuyunib aytdi. Shifokor so‘radi:
- Bu ishlarni boshqa birov qilolmaydimi yoki birontasi yordam bersa-chi?
- Yo‘q, ularni faqat o‘zim uddalay olaman. Boshqasining eplashiga ko‘zim yetmaydi.
- Sizga bir retsept beraman, - dedi shifokor.
- Unga to‘liq amal qilsangiz, davo topasiz.
Bemor retseptni o‘qib, hayron qoldi. Unda har kuni ikki soat sayr qilish va haftada yarim kunni qabristonda o‘tkazish tavsiya etilgan edi.
- Sayrni-ku tushundim, lekin qabriston nega kerak? - so‘radi shifokordan.
- Qabristonga borib, mozorlarga boqing. U yer o‘zini hammadan kerakli bilgan odamlar bilan to‘la. Siz ham qabrga kirgach, faqat mengina qodirman, deb o‘ylagan ishlaringizni boshqalar davom ettirishiga amin bo‘lasiz...
«Qalbga taskin bitiklar» kitobidan
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Juma kuni o‘n ikki soatdir. Undan qaysi soatda musulmon Allohdan biror narsa so‘rasa, Alloh taolo unga o‘sha narsani berur. Uni asrdan keyingi oxirgi soatda izlanglar", dedilar.
Solihlardan biri aytadi: "Juma kuni asr bilan shom orasida duo qilganimda Robbim duolarimni ijobat qilaverdi. Hatto Robbimdan biron narsa so‘rashga uyaladigan bo‘lib qoldim".
Fazl ibn Fazola rahimahulloh juma kuni asr namozini o‘qigach to quyosh botgunicha duo qilishdan to‘xtamas edi.