Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Shifokor huzuriga bezovtalikdan shikoyat qilgan xasta keldi. Bajarishi zarur bir dunyo yumushi borligini, lekin ulgurolmayotgani, ishlar esa kutib turmasligini kuyunib aytdi. Shifokor so‘radi:
- Bu ishlarni boshqa birov qilolmaydimi yoki birontasi yordam bersa-chi?
- Yo‘q, ularni faqat o‘zim uddalay olaman. Boshqasining eplashiga ko‘zim yetmaydi.
- Sizga bir retsept beraman, - dedi shifokor.
- Unga to‘liq amal qilsangiz, davo topasiz.
Bemor retseptni o‘qib, hayron qoldi. Unda har kuni ikki soat sayr qilish va haftada yarim kunni qabristonda o‘tkazish tavsiya etilgan edi.
- Sayrni-ku tushundim, lekin qabriston nega kerak? - so‘radi shifokordan.
- Qabristonga borib, mozorlarga boqing. U yer o‘zini hammadan kerakli bilgan odamlar bilan to‘la. Siz ham qabrga kirgach, faqat mengina qodirman, deb o‘ylagan ishlaringizni boshqalar davom ettirishiga amin bo‘lasiz...
«Qalbga taskin bitiklar» kitobidan
Qariyb o‘n oydirki, yurtimizning barcha hududlarida “Yangi O‘zbekistonning fidoyisi bo‘lib, ma’naviyat targ‘ibotchisiga aylanamiz” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda.
Hoji ota, hoji onalar, imom-xatib va faollar bilan birga mahallalarda istiqomat qiluvchi ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan, notinch, ajrim yoqasida turgan oilalar holidan xabar olib, qimmatli va’z-nasihatlar bilan ularning ko‘ngillariga iliqlik olib kirish barobarida xayriya va ehsonlar ulashmoqda.
Bugunga qadar 84 ming 793 ta tadbir o‘tkazildi. Ularda 518 121 nafar yurtdoshimiz qamrab olindi. 11 mingdan ziyod hojilar ishtirok etayotgan tadbirlar natijasida jamiyatdagi ma’naviy muhit yanada yaxshilanmoqda. Zero, ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot kishilik jamiyatida doimiy qilinishi lozim bo‘lgan ishlar sirasiga kiradi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati