Sayt test holatida ishlamoqda!
16 May, 2025   |   18 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:28
Quyosh
05:04
Peshin
12:24
Asr
17:25
Shom
19:39
Xufton
21:08
Bismillah
16 May, 2025, 18 Zulqa`da, 1446
Maqolalar

Agar shayton vasvasa qilsa…

04.04.2025   6791   3 min.
Agar shayton vasvasa qilsa…

1. Shayton insonlarning qo‘lidagi narsaga ta’magirlik qilishga vasvasa qiladi.

Shunda Alloh taoloning quyidagi va’dasini eslang: “Yerda o‘rmalovchi biror narsa (jonzot) yo‘qki, uning rizqi (ta’minoti) Allohning zimmasida bo‘lmasa! (U) uning qarorgohini ham, oromgohini ham bilur. Hammasi aniq Kitob (Lavhul-mahfuz)da (yozilgan)dir” (Hud surasi, 6-oyat).


2. Shayton uzun orzular qilishga vasvasa qilib, o‘limni unuttiradi.

Shunda Alloh taoloning quyidagi oyatini eslang: “Biror jon ertaga nima ish qilishini bilmas. Biror jon qayerda o‘lishini ham bilmas. Albatta, Alloh (hamma narsani) biluvchi va xabardor zotdir (Luqmon surasi, 34-oyat).


3. Shayton bu dunyoni o‘yin-kulgu, maishat bilan o‘tkazishga vasvasa qiladi.

Shunda Alloh taoloning quyidagi oyatini eslang: (Ey, Muhammad!) Ularga qo‘yib bering: yesinlar, foydalansinlar va orzular ularni mashg‘ul qilaversin! Bas, yaqinda (qilmishlarining oqibatini) bilib olurlar” (Hijr surasi, 3-oyat).


4. Shayton insonlardan umidvor bo‘lishga, ularga suyanishga vasvasa qiladi.

​Shunda Alloh taoloning quyidagi oyatini eslang: “Kimki Allohga taqvo qilsa, U unga (tashvishlardan) chiqish yo‘lini (paydo) qilur. Yana, uni o‘zi o‘ylamagan joydan rizqlantirur. Kimki Allohga tavakkul qilsa, bas, (Allohning) o‘zi unga kifoya qilar...(Taloq surasi, 2-3 – oyatlar).


5. Shayton musulmonlar ustidan mazax qilishga, ularni kamsitishga vasvasa qiladi.

Shunda Alloh taoloning quyidagi oyatini eslang: “Holbuki, kuch-qudrat faqat Allohniki, Uning payg‘ambariniki va mo‘minlarnikidir. Lekin munofiqlar (buni) bilmaslar” (Munofiqun, 8-oyat).


6. Shayton obro‘-e’tibor qozonish, odamlarning olqishlariga uchishga vasvasa qiladi.

Shunda Alloh taoloning quyidagi oyatini eslang: (Ey, Muhammad!) Robbingizning rahmatini (payg‘ambarlikni) ular taqsimlaydilarmi?! Ularning dunyo hayotidagi tirikchiliklarini ham ularning o‘rtalarida Biz taqsimlaganmiz va bir-birlarini bo‘yin sundirish (ishlatish)lari uchun ba’zilarini ba’zilaridan darajalarini ko‘tarib qo‘yganmiz. Robbingizning rahmati esa ular to‘playdigan narsa (boylik)laridan yaxshiroqdir” (Zuhruf surasi, 32-oyat).


7. Shayton ziqnalik qilishga, mol-dunyo to‘plashga vasvasa qiladi.

Shunda Alloh taoloning quyidagi oyatini eslang: “Sizlarning huzuringizdagi narsalar tugab ketur. Alloh dargohidagi narsalar esa boqiydir. Biz, albatta, sabr etganlarni o‘zlari qilib o‘tgan go‘zal (solih) amallari barobaridagi mukofot bilan taqdirlaymiz” (Nahl surasi, 96-oyat).


8. Shayton g‘ururga ketishga, boshqalarni past sanashga vasvasa qiladi.

Shunda Alloh taoloning quyidagi oyatini eslang: “Ey, insonlar! Darhaqiqat, Biz sizlarni bir erkak (Odam) va bir ayol (Havvo)dan yaratdik hamda bir-birlaringiz bilan tanishishingiz uchun sizlarni (turli-tuman) xalqlar va qabila (elat)lar qilib qo‘ydik. Albatta, Alloh nazdida (eng azizu) mukarramrog‘ingiz taqvodorrog‘ingizdir..." (Hujurot surasi, 13-oyat).


Alloh taolo barchamizni to‘g‘ri yo‘li – hidoyatida sobit qadam qilsin. Shayton vasvasasidan o‘z panohida saqlasin.


Davron NURMUHAMMAD

 

Boshqa maqolalar

O‘tirgan tik turgandan yaxshiroq

14.05.2025   2321   3 min.
O‘tirgan tik turgandan yaxshiroq

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Fitna – bu jamiyatda ixtilof, nizo va buzg‘unchilikka olib keladigan omillar majmuasidir. Tarix davomida fitna turli ko‘rinishlarda – siyosiy qarama-qarshilik, diniy ziddiyat yoki ijtimoiy beqarorlik sifatida namoyon bo‘lgan.

Fitna jamiyat rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, munosabatlarning buzilishiga sabab bo‘ladi. Ijtimoiy nizolar odamlar o‘rtasida ishonchni yo‘qotadi, bu esa hamkorlik va birdamlikka putur yetkazadi. Masalan, siyosiy fitnalar davlat institutiga bo‘lgan ishonchni kamaytirib, qonun ustuvorligiga xalaqit beradi. Iqtisodiy jihatdan, fitna savdo-sotiq, investitsiyalar va ishlab chiqarishning pasayishiga olib keladi. Tarixdagi ko‘plab misollar mavjud bo‘lib, fuqarolik urushlari, ommaviy tartibsizliklar fitnaning iqtisodiy va ijtimoiy zararlarini ko‘rsatadi.

Diniy yoki mafkuraviy fitnalar esa jamiyatdagi ma’naviy qadriyatlarga tahdid soladi. Bunday nizolar odamlarni guruhlarga bo‘lib, bir-biriga qarshi qo‘yadi, bu esa uzoq muddatli parokandalikka sabab bo‘ladi. Fitna ko‘pincha yoshlarning radikallashuvi, axloqiy buzilish va ma’naviy yo‘qotishlar bilan bog‘lanadi.

Baqara surasi 217-oyatida “Fitna qotillikdan ham og‘ir gunohdir”, 191-oyatda “Fitna qotillikdan ham yomondir” deyilgan.

“Tafsiri Irfon”da, zolim va qonxo‘r kimsalar hamisha insonlar, butun-butun qabilalar o‘rtasida fitna, nifoq solib, jamiyatning tinch hayotini parokanda qilishi, fitna esa odamlarni qatl qilishdan ham og‘ir jinoyat ekani aytilgan.

Fitna konstruktiv yo‘naltirilib, oldi olinmasa, buzg‘unchilik va beqarorlikka sabab bo‘ladi. Imom Buxoriy va Muslim rivoyat qilgan hadisda, “Yaqin orada fitnalar bo‘ladi. O‘sha chog‘da o‘tirib olgan odam tik turgandan yaxshiroqdir. O‘rnida jim tik turgan esa yurayotgan odamdan yaxshiroqdir. Yayov yurgan esa tez-tez yurayotgan odamdan yaxshiroqdir. Kim o‘sha fitnalarga e’tibor bersa uni fitna o‘ziga tortib ketadi. Kimki qutulishga joy topa olsa, o‘sha joyda fitnadan himoyalansin!”, deyilgan.

Bu hadisda Rasul alayhissalom fitnaga aralashib qolishdan qaytarib, undan chetda bo‘lish yo‘llarini bayon qilgan. Fitnaga qiziqmaslik, e’tibor qilmaslik, qo‘shilmaslik bilan himoyalanishni tavsiya qilganlar.

Fitnaning zararli ta’sirini kamaytirish uchun jamiyatda ma’rifat va muloqotni kuchaytirish zarur. Ta’lim va axborot vositalari orqali odamlarning tanqidiy fikrlash qobiliyatini oshirish, ularni fitna unsurlaridan himoya qiladi. Davlat va jamoat tashkilotlari esa adolatli qonunlar va ochiq muloqot orqali ishonch muhitini shakllantiradi.

Bundan tashqari, fitnaning oldini olishda ma’naviy-axloqiy tarbiya muhim o‘rin tutadi. Dini va milliy qadriyatlarga asoslangan tarbiya odamlarda birdamlik va o‘zaro hurmat tuyg‘usini mustahkamlaydi. Nihoyat, fitnaga qarshi kurashishda har bir fuqaroning mas’uliyatli va faol ishtiroki muhimdir.

Alloh taolo Hujurot surasi 6-oyatda “Ey iymon keltirganlar! Agar fosiq xabar keltirsa, aniqlab ko‘ringlar, bilmasdan bir qavmga musibat yetkazib qo‘yib, qilganingizga nadomat chekib qolmanglar” deb fitnaga sabab bo‘luvchi gap-so‘zlarga ko‘r-ko‘rona ergashib ketmasdan tekshirib ko‘rish lozimligini ta’lim bergan.

Shunday ekan, fitnani oldini olish, fitna keltirib chiqaruvchi sabablarni bartaraf etish, unga qarshi kurashish jamiyatning barcha a’zolari uchun umumiy vazifadir.

Shermuhammad Boltayev,
Xorazm viloyati Shayx Qosim bobo jome masjidi imom-xatibi.