Bugungi kunda yoshlarning turli mafkuraviy ta'sirlar nishoniga aylanishi va turli oqimlarga kirib qolishlarining asosiy sabablari: diniy ilmlarni o'rganish uchun munosib ustoz tanlamaslik, ishonuvchanlik, ayrim hollarda qaysarlik va shon-shuhratga tez ega bo'lishga harakat qilishlaridir. Bu omillardan esa buzg'unchi g'oyalarning tarafdorlari unumli foydalanib qolmoqdalar.
Muqaddas dinimiz shuning uchun ham farzandlarimizni ham jismoniy, ham ma'naviy ta'lim-tarbiyasiga kuchli ahamiyat berishga undaydi. Hususan, Qur'oni karimda mingdan ortiq oyatlar odob-ahloq, tarbiya va ilmga aloqadorligi insonni barkamollikka etaklaydigan mezon bo'lsa, farzand tarbiyasiga ham alohida e'tibor qaratilishi dinimizni naqadar mukammal ekanligini ko'rsatib beradi. Bu haqda Alloh taolo shunday deydi:“Ey iymon keltirganlar! O'zingizni va ahli ayolingizni yoqilg'isi odamlaru toshdan bo'lgan olovdan saqlang” (“Tahrim” surasi 6-oyat).
Inson o'zi, ahli ayoli va farzandlarini qanday qilib olovdan saqlashi mumkin? Bu saqlash avvalo o'zidan so'ng ahllaridan jaholatni ketkazib, dunyo hayotida oqibati olovga olib boradigan turli jinoyatu gunohlardan, nodonligu badxulqliklardan ta'lim va tarbiya vositasida saqlash bilan bo'lar ekan.
Shuningdek, ba'zi oilalarda farzandlarining televizor yoki telefonlardan qanday foydalanayotganiga ahamiyat qaratmaydilar. Ularning farzandlarini o'zlari emas, balki o'sha texnik jihozlar “tarbiyalamoqda”. Har bir ota bolalari tarbiyasi uchun javobgar ekanini unutmasligimiz va oxiratda bu haqda aynan ota so'ralishini yodimizdan chiqarmasligimiz kerak! Bu ishlari esa – ahlini, oyatda aytilganidek, do'zaxdan saqlash emas, balki do'zaxga ro'baro' qilishdir!
Dunyoda ilm-fan shiddat bilan rivojlanmoqda, har kuni kashfiyotlar qilinmoqda. Lekin shu kashfiyotlarning qancha qismi musulmonlar hissasiga to'g'ri kelmoqda? Afsuski, bu nisbat juda kam bo'lib, bizni ogohlikka, ilm-fan bilan yanada jiddiyroq shug'ullanishga undaydi va turtki bo'lishi kerak. Tarixda esa musulmon olimlari dunyo xalqlariga ko'plab kashfiyotlarni taqdim etganlar.
Ota-onalar farzandlarining bu kabi holatlaridan bexabarliklari yoki ko'z yumishlari aslo to'g'ri kelmaydi!
Har bir ota-ona farzandi dunyoda baxt-saodatli, ilm-ma'rifatli, obro'-e'tiborli bo'lishini xohlaydi, oxiratda esa jannatiy bo'lishi orzusida bo'ladi. Shunday ekan, har birimiz yoshlarimizni odob-axloqli, ilm-ma'rifatli qilish bilan birgalikda, Yaratganni tanitib, Payg'ambari kim, dini nima, imon kalimasini biladimi, mazhabi qaysi, mazhabida mahkam turish lozimligi, har xil buzg'unchi oqimlardan jiddiy ehtiyot bo'lish kabi zaruriy narsalarni o'rgatishimiz ham kerak. Chunki musulmonning farzandi bularni bilmasligi ota-onalarining kamchiligi hisoblanadi. Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam marhamat qiladilar:
“Kishi farzandiga odob berishi – bir so' ehson qilishidan afzaldir” (Imom Termiziy rivoyatlari). (Bir so' – taqriban 4 kilogrammdir).
Farzandlarga ilm berish borasida esa Mu'oz ibn Jabal raziyallohu anhu shunday deydilar:
“Bilmaganga ilm o'rgatish – sadaqadir”.
Farzandlarini yomon xulqli kimsalar ta'siridan himoya qilish ham – ota-onaning burchidir! Ota-ona farzandlariga yaxshi, rostgo'y do'st tanlashda yordam berishi kerak. Chunki o'spirinlik vaqti insonning fe'l-atvori va ruhiyati shakllanadigan asosiy davr hisoblanadi. Bunday paytda do'stlarning ta'siri katta bo'ladi.
Bu borada hazrati Umar o'g'illariga shunday nasihat qildilar: “Imon-e'tiqodli, aqlli va odobli kishi bilan do'stlashgin! U muhtojligingda – yordamching, qiyin kunlaringda – qo'llovching, ma'yusligingda – quvonching, xotirjamligingda – ziynating bo'ladi”.
Islom tarixiga nazar solsak, dastlab Payg'ambarimiz alayhissalom tazyiqqa uchragan musulmonlarni ikki marta Habashistonga jo'natdilar. Keyinchalik Alloh taoloning buyrug'i bilan Payg'ambarimiz alayhissalom boshchiligida sahobalar Makkadan Madinaga hijrat qilganlari ma'lumdir. Mana shu hijrat dinimizdagi ulug' hodisa sifatida qamariy yil hisobining boshlanish sanasi sifatida tanlangan.
Mazkur hijratlarda musulmonlar o'z yashab turgan erlaridan boshqa yurtlarga ko'chib ketishga jonlari, e'tiqodlari va mol-mulklariga nisbatan xatarning o'ta kuchayganligi oqibatida sodir bo'lgan. Abu Usmon Mujoshi' ibn Mas'ud rivoyat qilgan hadisi shirifda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam aytdilar:
“Makka fathidan keyin hijrat yo'q” (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Abdulloh ibn Amr raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda aytiladi:
“Rasululloh sallallohu alayhi va sallmaning huzurlariga bir kishi kelib: “Ey Allohning Rasuli, men ota-onamni yig'lagan holda tashlab, hijrat qilish uchun sizning huzuringizga keldim”, – dedi. U Zot alayhissalom esa: “Ota-onangiz oldiga qaytib, ularni qanday yig'latgan bo'lsangiz, shunday kuldiring”, – deb javob berdilar (Imom Nasoiy rivoyatlari).
Shuningdek, ayrim kimsalar tomonidan maqsadli ravishda islom mohiyatiga zid bo'lgan turli xil asossiz axborotlar, manbasi aniq bo'lmagan diniy xabarlar yoki kishilarni vahimaga soluvchi foto va videolavhalar keng targ'ib etilmoqda. Ba'zi yoshlarning bu kabi dinimizga zid bo'lgan xabarlar, aniq manbasi ko'rsatilmagan ma'lumotlarga ishonib qolishayotgani biz – musulmonlarni tashvishlantirmoqda.
Ma'lumki, dinimizda ham naql qilingan biror xabarga ishonishdan avval uni tekshirib, aniqlab olish talab etiladi. Bu borada Qur'oni karimda shunday deyiladi:
“Ey, mo'minlar! Agar sizlarga biror fosiq kimsa xabar keltirsa, sizlar (haqiqiy ahvolni) bilmagan holingizda biror qavmga aziyat etkazib qo'yib, (keyin) qilgan ishlaringizga pushaymon bo'lmasligingiz uchun (u xabarni) aniqlab (tekshirib) ko'ringiz! (Hujurot surasi 6-oyat).
Demak, har bir olingan ma'lumotni tekshirib, asosli yoki asossiz ekanini aniqlamay turib, o'sha ma'lumotga qarab ish tutish, islom mohiyatiga ko'ra, shayton yo'liga kirish hamda yolg'onchi bo'lib qolish bilan barobar bo'ladi.
Abdulaziz BOBAMIRZAYeV
Maxluqotlar ichida eng mukarram zot qilib yaratilgan insonning eng go‘zal xulqlaridan biri isrofdan saqlanish, Alloh o‘ziga rizq qilib bergan bergan ne’matlarni o‘rinsiz, behuda sarflamaslikdir. Bu fazilat har birimizning ezgu odatlarimizdan biriga aylansa, shubhasiz, hayotimizdagi juda ko‘p muammolarning eng maqbul yechimini topgan bo‘lar edik.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashining yaqindagina e’lon qilingan murojaatini o‘qib, bunga yana bir karra amin bo‘ldim va beixtiyor bunda roppa rosa bir yuz o‘n yil muqaddam, ya’ni 1915 yilda taniqli adibimiz Abdulla Qodiriyning “To‘y” she’rini esladim. Unda, jumladan, quyidagi misralar bor:
Qildi bu vaqt bizda javlon to‘y,
Oqchasi yo‘qni etdi hayron to‘y.
Bir-biridan oshurdilar to‘yni,
Topdi ravnaq g‘ayrat ila boyon to‘y.
Besh kun o‘tmay to‘yni so‘ngidin
Ketibon mulklar bois fig‘on to‘y.
Boyon to‘yig‘a yerlilar qarab,
Etdi sarf toki tandagi jon to‘y...
Ming taassuflar bo‘lsinki, bu holatlar bugungi kunimizda ham davom etmoqda. Eng achinarlisi, yildan yilga to‘ylar, oilaviy tantanalar, marhumlar xotirasi, haj va umraga borib-keluvchilarni kutib olishga bag‘ishlangan yig‘inlar turi yanada ko‘payib, sarf-xarajati oshsa-oshyaptiki, kamaymayapti. Abdulla Qodiriy bobomiz ta’kidlaganlaridek, “Boyon to‘yig‘a yerlilar qarab, Etdi sarf toki tandagi jon to‘y” bo‘lmoqda. Ko‘pincha, bor-budini sarflab, to‘y qilgan kishidan shu kungacha nechta kitob o‘qib chiqqanligi yoki farzandlariga qaysi kitoblarni olib berganligini so‘rasang, javob bera olmaydi. Uyida farzandlari kitob o‘qishi, vazifa tayyorlashi uchun sharoit ham yaratib berilmagan. Ayrimlar bilan suhbatlashsangiz, maktab uchun zarur bo‘lgan daftar-qalam kabilarning narxi oshib ketganidan, kitoblar qimmatligidan noliydi, lekin qizining bir kunlik to‘y libosiga, o‘nlab mashinalar saf tortgan nikoh kortejiga, dabdabali to‘y bazmiga g‘ing demay millionlarni sarflab yuborishga tayyor.
Yillar davomida, ko‘pincha, xorijda ishlab topganini ana shunday behuda, bu dunyo uchun ham, oxirat uchun ham hech qanday manfaat keltirmaydigan ishlarga sarflab yuboradi-da, qarzlarini uzish uchun yana chetga otlanadi yoki umuman o‘sha yerdan turib, to‘yni “moliyalashtiradi”, ming orzu-havaslar bilan qilgan to‘yida o‘zi ishtirok etmaydi. To‘y-ma’rakalarimizdagi isrofgarchiliklar zamiridagi eng katta muammolardan yana biri ayrim oilada farzandlar voyaga yetishi bilan ularni o‘qitib olim qilish uchun emas, balki pul topish uchun xorijga jo‘natishdir.
Bugun bunday yoshlarimizning ko‘pchiligi biror sohani tanlab, chuqur va har taraflama bilim olish uchun o‘qish o‘rniga xorijda kasbsiz-hunarsiz kimlarningdir qo‘liga qaram bo‘lib qolayotgani hech kimga sir emas. Murojaatda “...bir-biridan o‘tib tushadigan, kimo‘zarga, riyoga, isrofga to‘la ishlar xalqimizning jiddiy muammolaridan biri bo‘lib kelmoqda” deya ta’kidlanishdan maqsad to‘y-ma’rakalarimizning xuddi ana shu jihatlariga e’tibor qaratishdir.
Murojaatda ta’kidlangan yana bir jihat diqqatimni o‘ziga tortdi: “Shu o‘rinda, ziyolilar, yoshi keksa otaxonu onaxonlar, nuroniylarga aytar so‘zimiz, keling, birgalikda yurtimiz aholisiga, ayniqsa, yuqoridagi kabi isrofgarchilik va dabdaba qilayotganlarga tushuntirish ishlarini ko‘paytiraylik, bu kabi illatlarga birgalikda barham beraylik. Alloh taolo ato etgan mol-dunyoni isrof qilish – katta gunoh, ekanini uqtiraylik! Buning o‘rniga topganlarimizni savobli ishlarga sarflab, beva-bechora, nochor, muhtojlarga yordam beraylik, ana shunda ulkan savobga ega bo‘lamiz, inshoaalloh!” – deyiladi unda.
Darhaqiqat, bu muammolarni hal etish bir-ikki kishining qo‘lidan keladigan ish emas. Unga barchamiz bir yoqadan bosh chiqarib, bir tan, bir jon bo‘lib kirishishimiz, yoshlarimizga bugungi xatti-harakatlari, kuch-g‘ayratlari, bilimlarini bir-ikki kunlik to‘y-tomosha uchun mablag‘ topish, so‘ng hammaning “havasini keltiradigan” to‘y uchun emas, balki kelajakda o‘zining birovga muhtoj bo‘lib qolmasligi uchun intilishga qaratishlari zarurligini uqtirishimiz kerak.
Shu o‘rinda Hazrat Alisher Navoiyning “Hayrat ul-abror” dostonidagi “Hotami Toy” haqidagi hikoyati esga tushadi. Unda aytilishicha, o‘zining o‘ta saxiyligi bilan dong taratgan Hotami Toydan: “Siz o‘zingizdan ham himmatliroq kishini ko‘rganmisiz?” – deb so‘rashibdi. Shunda u bir kuni yuz tuya va hisobsiz qo‘y-qo‘zilarni so‘yib, elni chorlab, juda katta ziyofat uyushtirganini, orada biroz nafas rostlash uchun ko‘chaga chiqqanini va yelkasida bir bog‘ o‘tin, qo‘lida hassa bilan har qadamda bir nafas rostlab kelayotgan qariyani ko‘rganini aytadi. O‘zining unga: “O‘zingni buncha qiynab nima qilasan. Eshitmadingmi, bugun Hotami Toy juda katta bazm uyushtirib, butun elni chorlab, ziyofat bermoqda. Tashla o‘tiningni, kir, sen ham bu ziyofatdan bahramand bo‘l!” – deganini aytadi. Shunda qariyaning javobini tinglang:
...K-ey solibon hirs ayog‘ingg‘a band,
Ozu tama’ bo‘ynuga bog‘lab kamand.
Vodiyi g‘ayratg‘a qadam urmag‘on,
Kunguri himmatg‘a alam urmag‘on.
Sen dog‘i chekkil bu tikan mehnatin,
Tortmag‘il Hotami Toy minnatin.
Bir diram olmoq chekibon dast ranj,
Yaxshiroq andinki birov bersa ganj...
Demak, haqiqiy himmat kimgadir qaram bo‘lish, kimlardandir nimaningdir ilinjida yashash emas, balki o‘z kuchi, g‘ayrati, bilimi bilan hayotdagi orzu-maqsadlariga erishishdir. Shu o‘rinda orzu-maqsadlarning ham qanday bo‘lishiga e’tibor qaratish zarur.
Yuqorida aytib o‘tganimizdek, to‘y-tomosha, turli tadbir va ma’rakalarni el ko‘ziga, “odamlar nima deydi” uchun tashkil qilish emas, balki, ortiqcha sarf-xarajatlarsiz, dabdabalarsiz o‘tkazish, ortib qolgan mablag‘ni o‘zining, farzandlarining ilm olishlari uchun sarflashni maqsad qilish ayni muddao bo‘lar edi. Chunki Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Albatta, amallar niyatga bog‘liqdir. Albatta, har bir kishiga niyat qilgan narsasi bo‘ladi...» dedilar».
Demak, biz nimani niyat qilib, ishga kirishsak, shubhasiz, o‘sha maqsadimiz amalga oshadi. Hotami Toy birovlarning minnatli taomidan ko‘ra, o‘z mehnati bilan topgan bir dirhamni afzal ko‘rgan ana shu o‘tinchi cholni o‘zidan ko‘ra himmatliroq hisoblagan ekan. Albatta, har bir jamiyatda bo‘lgani kabi bizning oramizda ham u yoki bu sabab tufayli sog‘lom kishilar bilan birga imkoniyati cheklangan kishilar borligi ayni haqiqat. Biroq ko‘rib turibmizki, bunday kishilarning hammasi ham kimlargadir muhtoj bo‘lib yashashni emas, o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda bilim olish, kasb-hunarga ega bo‘lish va o‘z ehtiyojlarini o‘zi qondirishni afzal ko‘rmoqdalar. Aksincha, ba’zida to‘rt muchasi sog‘lom kishilar kambag‘allikni o‘ziga “imtiyoz” sanab, tinimsiz ravishda turli idoralarga “shikoyatlar” yog‘dirmoqdalar. Murojaatda ta’kidlangan xayru saxovatni amalga oshirishda bunday “imtiyoz” egalari emas, haqiqatan ham shunga muhtoj oilalarni izlab topish va “otaliqqa olib, ularning farzandlarini o‘quv kurslarida o‘qitishi, kasb-hunarga o‘rgatishi va doimiy daromadga ega bo‘lishiga ko‘maklashish” zarur. Ha, ayni ko‘maklashish, ya’ni ularni xayru saxovatga o‘rgatib, kimlarningdir yelkasiga yuklab qo‘yish emas, balki kelajakda to‘g‘ri yo‘l topib olishlari uchun moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash kerak.
Albatta, har bir hududda o‘ziga to‘q, boy-badavlat kishilar bor. Allohga hamdlar bo‘lsinki, yurtimizda yaratilayotgan shart-sharoitlar natijasida bunday oilalarning soni oshib bormoqda. Ularning ko‘pchiligi xayru saxovatli insonlar ekanligi ham hech kimga sir emas. Murojaatdan ko‘zlangan yana bir xayrli maqsad shuki, imom-xatiblarimiz o‘z hududlaridagi ana shunday saxovatpesha insonlarni yaxshi tanishadi va bilishadi. Shuning uchun ularni o‘z hisoblaridan yoshlarimizning ilm olishlariga ko‘maklashish, buning uchun maktablarimizni zarur asbob-uskunalar bilan jihozlanishiga ham o‘z hissasini qo‘shishga chaqirish ham savobdi ishlardan biridir.
Murojaatda ta’kidlangan yana bir jihat biz imom-xatiblar uchun juda muhim ekanligini e’tirof etish kerak deb, o‘ylayman. Unda “imom-xatiblar tomonidan to‘y-ma’raka marosimlardagi isrofgarchilik, umra ziyoratidan qaytgandan keyin har xil xo‘jako‘rsin marosimlari uyushtirishdek illatlarning oldini olish yuzasidan targ‘ibot ishlarini amalga oshirish” belgilab qo‘yilgan. Bu vazifani amalga oshirishda, avvalo, har bir imom-xatibning o‘zi shaxsiy namuna ko‘rsatishi, o‘zlari qilayotgan, shuningdek, masjidlar hududida o‘zlari ishtirok etayotgan to‘y-marosimlarini ortiqcha dabdabalarsiz, isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymasdan o‘tkazilishiga erishishi kerak. Shundan keyin targ‘ibot olib borilsa, ko‘ngildagidek bo‘ladi. Aks holda xalq orasida turli mish-mishlar, fitnalar avj olishi va natijada qosh qo‘yaman deb, ko‘z chiqarishi ham hech gap emas.
So‘zimga yakun yasar ekanman, Adiy ibn Hotam roziyallohu anhudan rivoyat qilingan quyidagi hadisni eslashni lozim topdim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Yarimta xurmo (ni infoq qilib) bo‘lsa ham, do‘zaxdan saqlaninglar”, (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Alloh har birimizni xayru saxovatli bandalaridan qilsin!
Alisher domla NAIMOV,
Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari