Bugun, 4 aprel kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari juma namozini Samarqand shahridagi "Namozgoh" jome masjidida ado etdilar.
Jamoat namozidan oldin Muftiy hazratlari jomega yig‘ilganlarga qadim Samarqand shahrida bo‘layotgan "Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi" birinchi sammiti xalqaro iqlim forumining ahamiyati haqida so‘zlash barobarida “O‘zgalarga ozor bermaslik – dinimiz talabi” mavzusida suhbat qilib berdilar.
Muftiy hazrat ma’ruza davomida ahillik, birodarlik, o‘zaro hamjihatlik bo‘lgan yurtda taraqqiyot, ravnaq va el-yurt osoyishtaligi-yu farovonligi hukm surishi, aksincha qay bir jamiyatda murosasizlik, o‘zaro xusumat kuchaysa, bunday jamiyatlarda urush va mojarolar avj olib, yurt vayron, el parokanda bo‘lishini bayon etdilar. Shuningdek, o‘zga din vakillariga ham ozor bermaslik, ular bilan jamiyatda tinch-osuda, ahil-inoq bo‘lib yashash zarurligi haqida so‘z yuritdilar.
Mav’iza asnosida o‘zgalarga ozor berish dinimizda katta gunohlardan biri sanalishi, Qur’oni karimdagi: “Mo‘min va mo‘minalarga qilmagan gunohlari bilan ozor beradigan kimsalar bo‘hton va aniq gunohni o‘zlariga olgan bo‘lurlar” (Ahzob surasi, 58-oyat), degan mazmundagi oyati karimani sharhlab, unda o‘zgalarga ozor yetkazish nojoizligi, bu ozor yetkazishning har qanday ko‘rinishini o‘z ichiga olishi, o‘zgalarga ozor bermaslik sadaqaning bir turi ekanini hayotiy misollar bilan so‘zlab berdilar.
Mazmunli suhbat yakunida Muftiy hazratlari Haq taolo barchaga ikki dunyo saodatini nasib qilishini so‘rab, elu yurtimiz haqqiga xayrli duolar qildilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan noyob hujjatli film – “Usmon Mus'hafi: Madinadan Movarounnahr sari” nomli loyiha ustida ish boshlanmoqda. Filmda dunyodagi eng qadimiy Qur’on qo‘lyozmasi – VII asrda pergamentga yozilgan, hajmi 53x68 sm bo‘lgan va 353 varaqdan iborat Usmon Mus'hafining Madinadan Movarounnahrgacha bo‘lgan tarixiy yo‘li yoritiladi.
Filmda qo‘lyozmaning yaratilishidan tortib, turli sivilizatsiyalar davrida boshdan kechirgan murakkab tarixiy jarayonlar, uning O‘zbekistonga qanday saqlanib kelgani va hozirda Islom sivilizatsiyasi markazida muqaddas meros sifatida e’zozlanayotgani hujjatlar, tarixiy manbalar hamda mutaxassislarning izohlariga tayangan holda yoritiladi.
Mazkur hujjatli film markazdagi ekspozitsiya tarkibiga kiritilishi rejalashtirilgan bo‘lib, u ziyoratchilar va mehmonlar uchun muhim ma’naviy-tarixiy tajribani taqdim etadi. Film orqali tomoshabinlar nafaqat Qur’onning tarixiy qadr-qimmati, balki O‘zbekiston zaminining bu bebaho merosni asrab-avaylashdagi tutgan o‘rni haqida chuqur tasavvurga ega bo‘lishadi.
cisc.uz