Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Hazrati Abu Bakr roziyallohu anhu va hazrati Ali roziyallohu anhu oralaridagi munozara.
Bir kuni Abu Bakr roziyallohu anhu Rasululloh alayhissolatu vassalomning uylariga keldilar. Endi ichkariga kiraman deb turganlarida hazrati Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu ham kelib qoldilar. Hazrati Abu Bakr roziyallohu anhu orqaga tisarilib:
- Ey Ali, marhamat siz kiring, dedilar.
Hazrati Ali ham javob berdilar, natijada oralarida bunday uzun dialog bo‘ldi:
- Ey Abu Bakr! Siz avval kiring. Har yaxshilikda avvalda bo‘lgan, har xayrli ishda ilg‘or bo‘lgan, har kimdan ilgarilab ketgan Sizsiz.
Hazrati Abu Bakr roziyallohu anhu:
- Siz avval kiring! Rasululloh alayhissolatu vassalomga eng yaqin kishi Sizsiz.
Hazrati Ali roziyallohu anhu:
- Men sizdan oldinga qanday o‘taman. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eshitganman:
«Ummatimdan, Abu Bakrdan ustunroq bo‘lgan bir kimsaning ustiga quyosh chiqmadi» deb marhamat qildilar.
Hazrati Abu Bakr roziyallohu anhu:
- Men sizdan oldinga qanday o‘taman? Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qizlari Fotima roziyallohu anhoni sizga bergan kuni, «Ayollarning eng yaxshisini, erkaklarning eng yaxshisiga berdim», deb aytdilar.
Hazrati Ali roziyallohu anhu :
- Men sizdan oldinga o‘tolmayman. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ibrohim alayhissalomni ko‘rishni xohlaganlar Abu Bakrning yuziga qarasin», deb aytganlar.
Hazrati Abu Bakr roziyallohu anhu:
- Baribir, men, sizdan oldin kirolmayman. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Odam alayhissalomning hilm sifatini va Yusuf alayhissalomning go‘zal axloqini ko‘rishni istaganlar, Ali Murtazoga boqsin», deb aytganlar.
Hazrati Ali roziyallohu anhu:
- Sizdan oldin kirolmayman. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir kuni:
«Ey Robbim! Meni eng ko‘p yaxshi ko‘rgan va sahobalarimning eng yaxshisi kim, dedilar. Alloh taolo: Ey Muhammad! Abu Bakr Siddiqdir!» deb marhamat qildi, dedilar.
Hazrati Abu Bakr roziyallohu anhu:
- Men sizdan avval o‘tolmayman. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Haybarda:
«Ertaga bayroqni shunday bir kimsaga beramanki, Alloh taolo uni yaxshi ko‘radi. Men ham uni juda yaxshi ko‘raman» deb aytdilar.
Hazrati Ali roziyallohu anhu:
- Men sizdan oldin qanday kiraman? Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Jannatning eshiklarining tepasiga «Abu Bakr - Habibulloh» deb yozilgan», deb aytganlar.
Hazrati Abu Bakr roziyallohu anhu:
- Men sizdan oldinga qanday o‘taman? Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Haybar g‘azotida bayroqni sizga berib: «Bu bayroq Maliki G‘olibning, Ali ibn Abu Tolibga hadyasidir» deya marhamat qildilar.
Hazrati Ali roziyallohu anhu:
- Men sizdan oldinga qanday o‘tamanki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlarini eshitganman:
«Ey Abu Bakr! Sen mening ko‘radigan ko‘zim va biladigan qalbim o‘rnidasan».
Hazrati Abu Bakr roziyallohu anhu:
- Men sizning oldingizga qanday tushaman? Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam buyurdilarki:
«Qiyomat kunida Ali jannatning hayvonlaridan biriga mingan holida keladi. Janobi Haq buyuradiki: «Ey Muhammad sollallohu alayhi vasallam! Sening bobong Ibrohim Halil qanday go‘zal bobodir. Sening birodaring Ali ibn Abu Tolib qanday go‘zal birodardir!»
Hazrati Ali roziyallohu anhu:
- Men sizdan o‘tolmayman. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam buyurdilarki:
«Qiyomat kuni Jannat farishtalarining raisi bo‘lgan Ridvon nomli farishta Jannatga kiradi. Jannatning kalitlarini keltirib, menga beradi. So‘ngra Jabroil alayhissalom kelib, Ey Muhammad sollallohu alayhi vasallam! Jannatning va jahannamning kalitlarini Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuga ber, istagan kishisini Jannatga, tilaganini Jahannamga yuborsin, deydi»
Hazrati Abu Bakr roziyallohu anhu:
- Men sizdan oldinga qanday o‘taman? Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilarki: «Ali qiyomat kunida mening yonimda bo‘ladi. Havzi Kavsar yonida men bilan bo‘ladi. Alloh taoloni ko‘rganida ham men bilan birga bo‘ladi».
Hazrati Ali roziyallohu anhu:
- Men avval kirolmayman. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Abu Bakrning iymoni, butun mo‘minlarning iymoni bilan tortilsa, Abu Bakrning iymoni og‘ir keladi», deb aytganlar.
Hazrati Abu Bakr roziyallohu anhu:
- Men sizdan oldinga qanday qilib o‘taman? Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam buyurdilarki:
«Men ilmning shahriman, Ali esa uning eshigidir».
Hazrati Ali roziyallohu anhu:
- Men qanday qilib sizdan oldinga o‘taman. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qildilarki:
«Men sodiqlikning shahriman, Abu Bakr uning eshigidir».
Hazrati Abu Bakr roziyallohu anhu:
- Men sizdan oldinga qanday o‘taman. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam buyurdilarki:
«Qiyomat kuni Ali bir otga minadi. Uni ko‘rganlar, ajabo, bu qaysi payg‘ambar ekan? deydilar. Shunda Alloh taolo: Bu Ali ibn Abu Tolibdir», deb aytadi.
Hazrati Ali roziyallohu anhu:
- Men sizning oldingizga qanday o‘taman? Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam buyurdilarki:
«Men va Abu Bakr bir tuproqdanmiz. Takror bir bo‘lamiz».
Hazrati Abu Bakr roziyallohu anhu:
- Men sizdan avval qanday kiraman? Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam buyurdilarki:
«Alloh taolo: Ey Jannat! Sening to‘rt burchagingni, to‘rt odam bilan bezayman. Biri payg‘ambarlarning ustuni Muhammad sollallohu alayhi vasallamdir. Biri Allohdan qo‘rquvchilarning ustuni Alidir. Uchinchisi ayollarning ustuni Fotimatuz-Zahrodir.To‘rtinchi chetidagi esa pokiza insonlarning ustuni Hasan va Husandir, - dedi».
Hazrati Ali roziyallohu anhu:
- Men sizdan oldin kirolmayman. Chunki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qildilarki:
«Sakkiz Jannatdan shunday bir ovoz keladi: «Abu Bakr! O‘zing sevgan insonlaring bilan birga kel. Hammangiz birga Jannatga kiring»».
Hazrati Abu Bakr roziyallohu anhu:
- Men sizdan oldin kirolmayman. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam buyurdilarki:
«Men bir daraxtga o‘xshayman. Fotima uning ildizi, Ali tanasi, Hasan va Husayn mevasidir».
Hazrati Ali roziyallohu anhu:
- Men sizdan avval kirolmayman.
Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilarki:
«Alloh taolo Abu Bakrning butun qusrlarini afv etsin. Chunki u qizi Oyshani menga berdi. Hijratda menga yordamchi bo‘ldi. Biloli Habashiyni men uchun ozod qildi».
Rasululloh alayhissolatu vassalom, bu ikki yaxshi ko‘rgan odamlari eshikda shunday so‘zlashar ekanlar, buni ichkaridan eshitib o‘tirar edilar. Shu vaqt Hazrati Alining roziyallohu anhu so‘zlarini bo‘lib ichkaridan shunday ovoz berdilar:
- Ey birodarlarim, Abu Bakr va Ali! Yetar endi. Ichkariga kiring. Jabroil alayhissalom kelib menga dediki, yerdagi va yetti qat osmondagi farishtalar sizni tinglayaptilar. Qiyomatga qadar bir-biringizni maqtasangiz ham, Alloh taolo huzuridagi qiymatingizni anglata olmaysiz.
Shundan so‘ng ikkovlari bir-birlari bilan quchoqlashib Rasulullohning sollallohu alayhi vasallam huzurlariga kirdilar.
Rasululloh soollallohu alayhi vasallam:
- Alloh taolo ikkovingizga ham yuz minglarcha rahmat etsin. Ikkovingizni yaxshi ko‘rgan insonlarga ham, yuzminglarcha rahmat etsin. Sizning dushmanlaringizga esa yuz minglarcha la’nat bo‘lsin, deya marhamat qildilar...
Shamsiddin Ahmad Afandining «To‘rt katta Xalifa» kitobidan
Shoolim Shomansur tarjimasi.
Insoniyat tarixida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan buyuk allomalarimizdan biri Imom Abu Mansur Moturidiydir. Ul siymo faqat bir zamonning emas, balki barcha zamonlarning dolzarb va muhim masalalariga asosli hamda qat’iy javoblarni bera olgan mutafakkir olim.
U zotning dunyo ilm-faniga, ayniqsa, aqida ilmiga qo‘shgan hissasi, aql va naqlni uyg‘unlashtirishdagi o‘rni haqida zamondoshlari hamda muhaqqiq olimlar tomonidan yuksak baholar berilgan.
Ko‘pchilik «Abu Mansur» nisbasini eshitganda, u zotning o‘g‘li «Mansur» bo‘lganmi, degan savolga to‘xtaladi. Lekin manbalarda Imom Moturidiy rahimahullohning «Mansur» ismli o‘g‘li bo‘lgani aytilmagan. Ammo tadqiqotchilar manbalarga tayanib, u zotning qizi bo‘lganini ta’kidlagan. Lekin Imom Moturidiy o‘z tafsirida o‘g‘il farzandli bo‘lishni orzu qilganini va uni «Mansur» deb nomlashini aytib o‘tgan. Bu haqda «Ta’vilot al-Qur’on»da shunday deyiladi: «Abu Mansur» deb, unga «Mansur» ismli o‘g‘il tug‘ilishi umidida ishlatiladi».
Bu orzu amalga oshgan yoki yo‘qligi haqida tarixiy ma’lumot uchramaydi. Qayd etilgan jumla Imom Moturidiyning shaxsiy hayotidagi sodda bir orzuni ko‘rsatsa-da, uning tuyg‘ulari qanchalik samimiy ekanini bildiradi.
Imom Moturidiyning ilmdagi darajasi haqida u zotning shogirdlari va izdoshlaridan yetishib chiqqan yetuk olimlar yuksak baholar bergan. «Sayful-haq» (Haqiqat qilichi) degan sharafli unvonga sazovor bo‘lgan olim Abu Muin Nasafiyning ta’kidlashicha: «Agar ahli sunna olimlari orasida faqat Imom Abu Mansur Moturidiyning o‘zi bo‘lganida ham, yetarli bo‘lar edi». Bu ta’rif Imom Moturidiyning ahli sunna va jamoa asosini barpo etishdagi o‘rnini yorqin namoyon qiladi.
Undan tashqari, Abu Muin Nasafiy Imom Moturidiyga: «Ilm ummoniga sho‘ng‘ib, undagi noyob durlarni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgan, dinning hujjat-dalillarini bayon etib, ularni o‘z fasohati, chuqur ilmi va yuksak aql-zakovati bilan sayqallashtirgan olim», degan ta’rifni bergan.
Ustozi Abu Nasr Iyoziyning u zotga nisbatan hurmati va e’tirofi ham juda ta’sirli. U dars majlislarida Moturidiy hozir bo‘lmaguncha gapirmas edi. Har gal uni uzoqdan ko‘rib, hayrat bilan nazar tashlar va Qur’oni karimdan quyidagi oyatni tilga olardi: «Parvardigoring xohlaganini yaratadi va ixtiyor etadi» (Qasos surasi 68-oyat).
Abdulhay Laknaviy «al-Favoidul-bahiya» asarida Imom Abu Mansur Moturidiyni mutakallimlar imomi va musulmonlarning to‘g‘ri aqidasini asoslab bergan buyuk alloma sifatida tavsiflaydi. Uning ta’kidlashicha, Imom Moturidiy benazir asarlar yaratib, botil aqida vakillarining buzg‘unchi g‘oyalariga raddiyalar bergan.
Ayrim manbalarda Imom Moturidiy tariqat shayxlari tomonidan ham ummatni to‘g‘ri yo‘lga yo‘llovchi shaxs sifatida e’tirof etilgani aytiladi. Imom Abu Bakr Ahmad ibn Is'hoq ibn Solih Juzjoniy Imom Moturidiyning tasavvufdagi ustozlaridan biri bo‘lgan.
Zamonaviy moturidiyshunos olimlardan Ahmad Sa’d Damanhuriy o‘zining Imom Moturidiyga bag‘ishlab yozgan asarida shunday deydi: «Imom Moturidiy fiqh, ilm, taqvo, dinu diyonat, fazilat va yaxshilikda peshqadam bo‘lib, u bilan hamfikr yoki unga qarshi bo‘lganlarning barchasi uning benazir olim ekanini e’tirof etgan. U sunnatning keskir qilichi, bid’at va gumrohlikka qarshi kurashgan alloma bo‘lgan. Ul zot ko‘plab kitoblar yozib, islom dinini himoya qilgan, unga qarshi chiqqanlarni mag‘lub etgan».
Moturidiyshunos olim So‘nmas Qutlug‘ esa shunday deydi: «Imom Moturidiy Alloh taolo tomonidan insoniyatga berilgan eng ulug‘ in’om, bebaho tuhfadir».
Ayrimlar «Kitob at-tavhid»ning kirish qismidagi aqliy dalillarga qarab, u zot faqat aqlga tayangan deb xulosa qiladi. Lekin Yaratuvchining mavjudligini inkor qilayotgan insonga o‘sha mavjudlikni aql orqali isbotlash tabiiy va zaruriy uslubdir. Imom Moturidiy naqlni chetlatmagan, balki uni o‘z o‘rnida ishlatgan. Aksincha, Imom Moturidiy ilmda naql va aqlni mukammal tarzda uyg‘unlashtira olgan olim edi. U zot o‘zining sog‘lom e’tiqodga bag‘ishlab yozgan «Kitob at-Tavhid» asarida Qur’oni karimning 77 ta surasining, 350 ta oyatidan foydalangan. Bu esa Moturidiyning aqida masalasida naqlga naqadar e’tibor qilganini ko‘rsatadi. Turk olimi Bakr To‘pol ushbu ko‘rsatkichlarni tahlil qilib, hatto Imom Moturidiyning ishora qilib ketgan oyatlarini ham keltirgan va bu son yanada yuqori chiqqanini ta’kidlagan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan buyuk olimga yuksak hurmat ifodasi o‘laroq «Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida»gi qaror qabul qilingani, albatta, butun dunyo moturidiyshunoslarini cheksiz quvontirdi. Bu esa har bir insonning qalbida faxr va shodlik tuyg‘usini uyg‘otmay qolmaydi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Imom Abu Mansur Moturidiy – islom aqidasini himoya qilgan, ahli sunna val-jamoa ta’limotining ilmiy asoslarini tizimlashtirib, mustahkamlagan buyuk olimdir. U o‘z asarlari va ilmiy bahslari orqali turli bid’atchi toifalarning noto‘g‘ri aqidalarini rad etgan. Imom Moturidiy faqatgina raddiya beruvchi emas, balki aqidaviy masalalarga aql va naql asosida yechim topa bilgan buyuk shaxsiyat edi.
Ixtiyor Abdurahmonov,
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi
Manba: uza.uz