Bugungi kunda siz bilan biz amal qilayotgan ko‘pgina odatlarni din ham, jamiyat ham rad etadi. Shariat joriy qilgan amallar bilan bid’at va xurofotni ayirib olish aslida uncha mushkul vazifa emas. Dastavval, «bid’at», «xurofot» so‘zlarining lug‘aviy ma’nosi xususida: «Bid’at» — so‘zi aynan tarjima qilinsa «yangidan o‘ylab chiqilgan odat» degan ma’noni beradi. «Xurofot» esa «asossiz» degan ma’nodadir. Ya’ni, dinda asosi yo‘q, behuda ishlar, odatlardir.
Ba’zi «bid’at» va «xurofot» amallar borki jamiyatimizda ildiz otib, ham diniy, ham dunyoviy urf-odatlarimizga qorishib ketgan. Yurtimizda bid’at va xurofot odatlardan voz kechayotgan, boshqalarga tushuntirayotgan, bu tushuntirishni amalda isbot etayotgan musulmonlarimiz ko‘p. Bid’at va xurofotdan qutulish qiyin emas. Bu masalani yaxshi yechib beruvchi ulamolarimiz, ilmiga amal qilg‘uvchi domla-imomlarimizning so‘zlarini yaxshi fahm etsak kifoya.
Mazkur me’yorni bilmaydigan kishilarimiz esa sunnat bilan bid’atning farqini ajrata olmasdan xurofiy ishlarni Islom dini odatlaridan deb biladilar. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam xurofiy munkar ishlarni qoralab, bunday deganlar: “Azayimxonlik, tumor taqish va sehru jodu bilan shug‘ullanish Allohga shirk keltirish bilan baravardir”. Ming afsuski, hozirgi paytda boshiga biror tashvish tushgan yoki biror narsasini yo‘qotgan ayrim kishilar darrov folbin huzuriga borib, fol ochtirishga, “issiq-sovuq” qildirishga, uning aytganlarini bajarishga o‘rganib qolishgan. Sehr, ya’ni ko‘zbo‘yamachilik, “issiq-sovuq” qilishlar katta gunohdir. Sehr qilingani uchun olinadigan haq ham shariatda ta’qiqlangan. Alloh taoloning izni bo‘lmasa, shayton hech kimga zarar yetkaza olmasligi Qur’oni karimda bayon qilingan. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam sehrni yetti halok etuvchi ulkan gunohlar qatorida sanaganlar. Mo‘min kishi dunyo va oxiratda pushaymon bo‘ladigan ishlardan saqlanishi lozim. Sehrga aralashib yurgan gumroh kimsalarning aksariyat qismi ishlarida shirk va kufr so‘zlarni qo‘llaydilar. Vaholanki, kim imon shartlaridan birini rad etsa, kofir bo‘ladi. “Issiq-sovuq” Alloh taolo bergan taqdiriga ta’sir etadi, deb e’tiqod qilish shirkdir.
Duoxonlik, azayimxonlik, dam solish kabi odatlar qadimdan hamma xalqlarda mavjud. Bu narsalar ichida shar’an ruxsat etilgan va ruxsat etilmaganlari bor. Islom ta’limoti bu ishlardan shariatga zidlarini ta’qiqlagan, mos keladiganlarini aniqlab bergan. Masalan, kasalga yoki boshiga biron tashvish tushgan kishiga oyatlardan o‘qib dam solish, hadislarda kelgan duolarni o‘qib shifo tilash joiz, balki sunnat hamdir. Ammo kufroniy so‘zlar, ma’nosiz to‘qima duolarni o‘qib dam solish ta’qiqlanadi. Ibn Hajar Asqaloniy rahmatullohi alayh so‘ziga ko‘ra, ulamolar dam solishning uchta sharti borligiga ijmo qilishgan:
1. Allohning Kalomi, ism va sifatlaridan o‘qish;
2. Arab tili yoki boshqa tilda bo‘lsa ham, ma’nosi ma’lum va shar’iy bo‘lishi;
3. Duo va dam solishning o‘zi mustaqil ta’sir qilmaydi, balki Allohning izni va taqdiri bilan ta’sir qiladi, deb ishonish.
Demak, oilamiz tinch va omon bo‘lishi, ayniqsa, yangi turmush qurgan yosh kelin-kuyovlar o‘zaro mehr-muhabbat va inoqlikda yashashlari, muqaddas oila qo‘rg‘onining yanada mustahkam bo‘lishi uchun avvalo dinimiz ta’limotlarini boamal bo‘lib lozim darajada o‘rganishlari hamda dinimizda yot hisoblangan turli bid’at va xurofatlardan saqlanishlari maqsadga muvofiqdir.
Shari’atimizda man qilingan bid’at amallar:
Folbinlik – g‘aybni bilish da’vosidagi kimsalarning mashg‘uloti. Kohinlik, arroflik kabi nomlari mavjud.
Kohinlik – kelajakda bo‘ladigan narsalar haqida xabar beraman deydi va bu xabarlarni unga jinlar yetkazishini da’vo qiladi.
Arroflik – turli ishlarning boshlanish sabablari hamda o‘g‘irlangan narsalarni, uni kim o‘g‘irlaganini yoki qayerda ekanini bilishini da’vo qiluvchi kishi.
Azayimxonlik – bunda dam soluvchi odam jinlardan madad so‘rab duo o‘qiydi.
Avfok – bu maxsus geometrik shakllar ichiga yozilgan raqam va yozuvlar. Bunda shakllarni biror vaqtga yozib o‘zi bilan olib yursa, baxt keltiradi yoki omad uning ketidan quvib yuradi deb hisoblaydilar.
Munajjimlik – bunda, yulduzlarning joylashuviga qarab bo‘ladigan hodisalarni bilishni da’vo qiladi. Hozirgi kunda gazeta-ro‘znomalarda chiqadigan “munajjimlar bashorati” ham shu turga kiradi.
Sehr – lug‘atda “sababi maxfiy bo‘lgan narsa” ma’nosini anglatadi.
Sehrning quyidagi turlari mavjud:
Sha’vaza – bu fokus usulida chaqqon harakat bilan ko‘rsatish.
Nushra – bu jin tekkan kishining sehrgar yoki folbin huzuriga borib davolanishiga aytiladi. Bular ham jinlarning madadiga tayanadi.
Mushkul kushod – mushkullarni oson qilish maqsadida masalan, qizga sovchi kelmaganda, yigitga qiz topilmaganda, ishi yurishmaganda qilinadigan xurofot amal. Bu xurofot “Bibichorshanba” va “Chiroq yoqdi” deb ham nomlanadi. “Chiroq yoqdi”da aziz-avliyolar ruhini “chaqirish” uchun sham-chiroq yoki paxta yoqishadi.
Bibiseshenba – muhtaram zotlarning ruhidan madad so‘rash, hojatlarini tilash amali.
Yuqoridagi barcha bid’at-xurofotlar Islom aqidasiga ziddir va ulkan gunoh hisoblanadi.
“Kimda-kim folbin yoki sehrgar yoki kohinning oldiga borib, uning aytganlariga ishonsa, u Muhammadga nozil bo‘lgan narsaga kufr keltiribdi” – Imom Ahmad rivoyati.
“Allohni qo‘yib, qiyomat kunigacha ham mustajob qila olmaydiganlarga iltijo qiladigan kimsadan ko‘ra kim ham adashganroqdir?! Holbuki, ular o‘shalarning duolaridan g‘ofil, bexabardirlar” – Ahqof, 5.
Bid’at-xurofotning jamiyatga ko‘rsatayotgan salbiy oqibatlari
Bid’at-xurofotning islomga va musulmon jamiyatiga yetkazadigan katta xatarlari, og‘ir oqibatlari va xavfli zararlari mavjud. Shu vaqtgacha paydo bo‘lgan turli diniy firqa va guruhlarning kelib chiqishiga bid’at sabab bo‘lganligining o‘zi uning naqadar xavfli illat ekanligini bildiradi. Bid’at-xurofotning jamiyat uchun keltiradigan iqtisodiy-ijtimoiy zararlaridan sanoqlilarini keltirish bilan kifoyalanamiz:
Bid’atchi tushunchasining buzuqligi. U yaxshilikni yomon deb, yomonlikni yaxshi deb biladi. Sunnatni bid’at deb, bid’atni sunnat deb biladi. Huzayfa ibn al-Yaman roziyallohu anhu aytadi: “Bid’at shunchalar tarqab ketadiki, agar mabodo bir bid’at tark qilinsa: “Sunnat tark qilindi” deyishadi.
Bid’atchining guvohligi va rivoyati qabul qilinmasligi. Muhaddis, faqihlar va usul ulamolari bid’ati bilan kufr keltirgan bid’atchining rivoyati qabul qilinmasligiga ijmo’ qilishgan. Bid’ati bilan kufr keltirmagan bid’atchining rivoyatini qabul qilish borasida turli fikr bildirganlar. Imom Navaviy: “Agar bid’atchining rivoyati bid’atga chorlamasa, uning rivoyati qabul qilinadi. Agar chorlasa qabul qilinmaydi”, degan.
Bid’atchi o‘z gunohi va unga ergashganlarning gunohini gardaniga oladi. Abu Hurayra roziyallohu anhu bu haqida shunday deydi: “Rasululloh sollalohu alayhi va sallam aytdilar: “Kim hidoyatga chaqirsa unga ergashganlarning ajri kabi ajr unga beriladi. Unga ergashganlarning ajridan hech narsa ozaymaydi. Kim zalolatga chaqirsa, ergashganlarning gunohichalik gunoh unga beriladi. Unga ergashganlarning gunohidan hech narsa ozaytirilmaydi” (Imom Muslim rivoyati).
Bid’atchi bid’at ishlarini to‘xtatmagunicha uning tavbasi qabul qilinmaydi. Bid’atning tarqalishi sunnat amallarining yo‘qolib ketishiga olib boradi natijada musulmonlarni dinning to‘g‘ri yo‘lini anglashida noaniqliklar yuzaga keladi.
Bid’at shirkka olib boradi va islomdan chiqaradi. Agar musulmonlar qabristonda shirk amalini bajarayotgan bo‘lsa, bu o‘zlari ma’qullagan va ashaddiy so‘fiylaridan ko‘rib olgan bid’at amallardir.
Bid’at insonlar hayotiga johiliyat asrini qaytarib olib kiradi. Xalq ichida parokandalik va nizolarni uyg‘otadi. Shunda har bir firqa o‘zinikini boshqa firqanikidan to‘g‘ri va yaxshi deb hisoblaydi. Alloh taolo ular haqida bunday deydi: “Har firqa o‘z huzuridagi narsa ila hursanddirlar”. Mo‘minun surasining 53-oyatida “Boshqa yo‘llarga ergashmang! Bas sizni uning yo‘lidan adashtirmasinlar”. Ayni shu narsa katta-katta urush-janjal, qon to‘kilishlar, xo‘rlashlar, jabru-zulmlarni keltirib chiqaradi. Sunnat esa insonlarni birlashtiradi, qalblarini bir-biriga bog‘laydi. Natijada Alloh taoloning “Barchangiz Allohning ipini mahkam tuting va bo‘linib ketmang” degan so‘ziga o‘xshab bir yo‘ldagi va bir dindagi ahil og‘a-iniga aylanishadi.
Bid’at shahvoniy amallardan ham xatarliroqdir. Chunki shaxvatparast kimsa ma’siyat ekanligini bilsa gunohlari uchun tavba qilib qaytadi. Bid’atchi esa o‘zini ibodatdaman, yaxshilik qilyapman, to‘g‘ri yo‘ldaman deb o‘ylaydi. Alloh taolo ularni bunday ta’riflaydi: “Sen: “Sizga amallari yuzasidan eng ziyonkorlarning xabarini beraymi? Ular bu dunyo hayotidayoq sa’y-harakatlari botil bo‘lgan, o‘zlari esa, go‘zal ish qilyapman, deb hisoblaydiganlardir”, – degin”.
Bid’at insonlarni Allohning dinidan to‘sadi. Kofirlarni islomga kirishiga mone’lik qiladi. Agar musulmon bo‘lmagan va islomni haqiqatini bilmagan inson ko‘p musulmonlarning bajarayotgan johilona, bid’at-xurofot amallarini, bema’ni rasm-rusumlarni ko‘rsa, bu islom ekan, din shunaqa bid’at va zalolat amallarga buyurar ekan deb o‘ylaydi. Ayni shu narsa uni islom dinini qabul qilishdan qaytaradi.
Kofirlikdan voz kechib islom dinini qabul qilgan yangi musulmonlar hali dinni o‘rganib ulgurmay, diniy amal degan o‘yda bid’atchining bid’at amallarini ixlos bilan qila boshlaydi. Shunda islomni qabul qilgan yangi musulmon kufrga olib boradigan bid’atlarni sodir etib qo‘yadi. Bir kufrdan voz kechib ikkinchi kufrga kirib qoladi.
Imron XOLMIRZAYEV,
Toshkent islom instituti talabasi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda mutafakkir allomalarimizning ibratli hayot yo‘llarini o‘rganish, ularning boy ilmiy-ma’naviy merosini keng targ‘ib qilishga har qachongidan ham ko‘proq e’tibor qaratilmoqda. Zotan, insoniyat sivilizatsiyasi rivojiga bebaho hissa qo‘shgan ajdodlarimizning asarlaridagi ezgu g‘oyalar, umuminsoniy qadriyatlar, bag‘rikenglik va mo‘tadillik, ilm-fan, aql va tafakkurning inson hayotidagi o‘rni va ahamiyatiga oid qarashlar yoshlarni komil inson etib tarbiyalash, jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashning muhim omili bo‘lib hisoblanadi.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasi o‘laroq tashkil etilgan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari boy tarixiy-madaniy merosimizni o‘rganish va qayta tiklashga xizmat qilmoqda.
Mamlakatimizda buyuk mutafakkir ajdodimiz, aqida ilmi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan Imom Abu Mansur Moturidiy va u asos solgan moturidiylik ta’limotini o‘rganishga alohida ahamiyati berilishi diqqatga sazovordir. Hanuz o‘z dolzarbligini yo‘qotmasdan kelayotgan mazkur ta’limotning bugungi kundagi o‘rni va ahamiyati haqida muhtaram yurtboshimiz: “Moturidiy ta’limoti ilm egallash jarayonida bag‘rikenglik g‘oyasi asosida inson aql-zakovatining o‘rni va ahamiyatiga yuksak e’tibor qaratadi. Bu o‘z navbatida ushbu ta’limotning keng ommalashuvida muhim o‘rin tutgan. Bunday g‘oyalarga bugungi kunda ham insoniyat katta ehtiyoj sezmoqda”, deb ta’kidlagan edi.
So‘nggi kunlarda mamlakatimiz tarixida, xususan, moturidiyshunoslik sohasida yuqorida zikr qilingan ishlarga hamohang bo‘lgan ulkan tarixiy voqelik sodir bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti muhtaram Shavkat Mirziyoyev “Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida” qaror qabul qildi. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, ushbu qaror nafaqat yurtimizda, balki xalqaro miqyosda ham Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotini tizimli hamda ilmiy asosda o‘rganishni yangi bosqichga olib chiqishga zamin yaratadi.
Unga muvofiq, joriy yilda buyuk ajdodimiz, mutafakkir olim Imom Abu Mansur Moturidiy tavalludining 1155 yilligi mamlakatimizda keng nishonlanadi. Shu munosabat bilan tashkil qilinadigan tadbirlar doirasida Samarqand shahrida “Moturidiylik – bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat ta’limoti” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkillashtirish, xorijlik tadqiqotchilar o‘rtasida moturidiylik ta’limoti bo‘yicha ilmiy tanlov o‘tkazish, olim asarlarining o‘zbek tilidagi ilmiy-izohli akademik tarjimalarini nashr qilish, uning serqirra hayot yo‘li va ilmiy merosining bugungi kundagi ahamiyatini ochib beradigan badiiy-publitsistik film yaratish, esdalik suvenirlari, pochta markalari, taqvimlar va boshqa ko‘rgazmali axborot vositalarini muomalaga chiqarish, Samarqand shahridagi Imom Abu Mansur Moturidiy majmuasini qayta ta’mirlash va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish belgilab olindi.
Mazkur Qarorning qabul qilinishi nafaqat O‘zbekistonda, balki musulmon mamlakatlarida ham katta quvonch bilan kutib olindi. Ta’kidlash lozimki, Qaror yurtimizda Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotini o‘rganishni yanada rag‘batlantirish, bu borada amalga oshirilayotgan ishlarni mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarish, Imom Moturidiy siymosini xalqimizga yanada kengroq tanitishga xizmat qilishi bilan birga, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga alohida mas’uliyat ham yuklaydi. Birinchi navbatda, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotini o‘rganish va keng targ‘ib qilish yuzasidan amalga oshiriladigan ishlar, ilmiy tadqiqot mavzularini Qarorda belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda belgilab, asosiy faoliyat yo‘nalishlarini muvofiqlashtiradi.
Imom Abu Mansur Moturidiy musulmon olamida buyuk mutakallim, qomusiy olim va ulug‘ mutafakkir, moturidiylik ta’limotining asoschisi sifatida keng e’tirof etiladi. U asos solgan moturidiylik ta’limoti paydo bo‘lganidan to hozirgi kunga qadar e’tiqod musaffoligini asrab-avaylash, musulmonlarning jipsligi va birdamligini ta’minlash, islom niqobi ostidagi oqimlarning buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi raddiyalar berishda muhim ilmiy-amaliy ahamiyatga ega bo‘lib kelmoqda. Xususan, turli adashgan oqimlarning g‘oyalariga qarshi naqliy va aqliy dalillar asosida raddiya berish metodologiyasi hamda ma’rifiy asoslarini ishlab chiqqan Imom Moturidiy mazkur xizmatlari uchun “Imom al-huda” – “Hidoyat imomi”, “Musahhih aqida al-muslimin” – “Musulmonlarning aqidasini to‘g‘rilovchi” degan sharafli nomlarga sazovor bo‘lgan. Allomaning Abu Muin Nasafiy, Abu Barakot Nasafiy, Abu Hafs Nasafiy kabi izdoshlari uning yo‘lini munosib davom ettirib, ixtilofli aqidaviy muammolarga ilmiy yechim topish, mo‘tadil ta’limotni odamlar orasida keng tarqatishga ulkan hissa qo‘shganlar.
Imom Moturidiyning mutaassiblikka qarshi kurash metodologiyasi ham naqliy, ham aqliy dalillarga asoslangani sababli buzg‘unchi oqimlar faoliyatiga barham berishda o‘ta samarali bo‘lgan. Ushbu metodologiyaning asosini olimning “Qurolingni ilmda yasa”, degan hikmatli so‘zi tashkil qilgan. Bugungi kunda Imom Moturidiyning ushbu hikmati mamlakatimizda muvaffaqiyatli qo‘llanilayotgan “Jaholatga qarshi ma’rifat” g‘oyasi bilan har tomonlama mushtarak ekanligini ko‘rishimiz mumkin. Umuman olganda, yuqoridagilardan kelib chiqib, Imom Moturidiy hayoti, ilmiy merosi va moturidiylik ta’limotini o‘rganish hamda keng targ‘ib qilish yoshlar tarbiyasida, shuningdek, jamiyatda bag‘rikenglik va mo‘tadillik tamoyillarini qaror toptirib, ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirishda naqadar yuksak ahamiyatga ega ekanligi oydinlashadi.
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotining o‘rganilishi xususida shuni aytish mumkinki, bugungi kunda Markazda bu borada keng ko‘lamli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Eng birinchi navbatda, Markaz qoshida tashkil qilingan Xalqaro ilmiy hay’at faoliyatini alohida tilga olish zarur. Misr, Turkiya, Iordaniya, Bosniya va Gersegovina, Germaniya, Rossiya, Malayziya kabi mamlakatlarning yetuk olimlari, mahalliy mutaxassislarni o‘z tarkibida jamlagan ushbu Hay’at ilmiy tadqiqot mavzularini mazmunan boyitish va yanada takomillashtirish, Markaz faoliyatini zamonaviy talablar asosida yo‘lga qo‘yishda benazir platforma vazifasini bajarmoqda. Shu bilan birga, Hay’at a’zolari Imom Moturidiy siymosini jahonga tanitishga ham katta hissa qo‘shmoqdalar.
Shuningdek, Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha islom tashkiloti (ICESCO), Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq qilish markazi (IRCICA), Turkiya Islom tadqiqotlari markazi (ISAM), Islom tafakkuri instituti, Saljuq universiteti, Anqara Yildirim Boyazid universiteti, al-Azhar universiteti, Malayziya islom ilmlari universiteti kabi jahonning nufuzli ilmiy va ta’lim muassasalari bilan imzolangan hamkorlikka oid memorandumlar doirasida moturidiylik ta’limoti tarixi va bugungi kundagi ahamiyati, shuningdek, zamonaviy islomshunoslikka oid dolzarb muammolarni hal qilishga qaratilgan konferensiya, seminar, davra suhbatlari va boshqa ilmiy-ma’rifiy tadbirlar muntazam tashkil etib kelinmoqda.
Markaz tomonidan Misrning al-Azhar majmuasi tadqiqotchilari o‘rtasida Imom Moturidiy merosi bo‘yicha xalqaro tanlov o‘tkazildi. Shuningdek, xorijlik tadqiqotchilar uchun Imom Moturidiy nomidagi xalqaro stipendiya joriy qilindi. Bu o‘z navbatida O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ijobiy o‘zgarishlarni jahon hamjamiyatiga yetkazish bilan birga, Markaz faoliyatini ham xorijda keng targ‘ib qilishga xizmat qilmoqda.
Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotiga oid manbalarning o‘zbek tilidagi ilmiy-izohli akademik tarjimalarini yaratish, qo‘lyozmalar asosida ilmiy tanqidiy matnlarini tayyorlash, shu asosda xalqchil risolalarni nashr qilib, aholi, ayniqsa yoshlar orasida moturidiylik ta’limotidagi bag‘rikenglik va mo‘tadillik g‘oyalarini keng targ‘ib qilishga ham alohida e’tibor qaratilayotganligini ta’kidlab o‘tish lozim. Jumladan, o‘tgan yilning o‘zida bugungi kundagi dolzarb muammolarga bag‘ishlangan 40 ga yaqin monografiya, kitob va xalqchil risola chop etildi.
Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risidagi qarorning qabul qilinishi Markaz faoliyatini yangi bosqichga olib chiqishga, uni mahalliy va xalqaro miqyosda kengaytirishga xizmat qiladi. Shu nuqtayi nazardan, ushbu Qaror nafaqat O‘zbekiston, balki xalqaro miqyosdagi moturidiyshunoslik sohasi rivojida muhim o‘rin tutishiga shubha yo‘q.
Jamoliddin Karimov,
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori