Boshimizga oylar sultoni, ummat uchun ulkan imkoniyatlar oyi – Mohi Ramazon soya solib turibdi. Ayni kunlarda respublikamizning barcha hududlarida bo'lgani singari Toshkent viloyatida ham muborak oyga puxta tayyorgarlik ko'rilyapti. Rahmat oyi arafasida masjidlarning yangi binolari foydalanishga topshirilishi xayrli an'anaga aylanib qoldi.
Bugun – sayyidul ayyom juma kuni Zangiota tumanidagi "Umir" jome masjidining yangi binosi Ramazonga go'zal tuhfa sifatida mo'min-musulmonlar ixtiyoriga topshirildi.
Qur'oni karim tilovati bilan boshlangan ochilish marosimida Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov, tuman bosh imomi, nuroniy otaxonlar, mahalla faolari ishtirok etdi.
Masjidning eski binosi ta'mirtalab, namozxonlar uchun tor bo'lib qolgan edi. 2021 yilning 15 mart kuni jomening yangi binosiga ilk g'isht qo'yilgan edi. Oradan uch yil o'tib barcha shart-sharoitga ega zamonaviy baytulloh qad rostladi.
Yangi jome binosida, erto'la bilan qo'shib hisoblaganda, bir vaqtning o'zida uch ming kishi bemalol ibodatlarni ado etishi mumkin.
Go'zal imoratga monand tarzda zamonaviy tahoratxona ham bunyod etilgani mo'min-musulmonlarni behad quvontirdi. Masjidning shundoq yonginasida avtoturargoh ham barpo etilgani ayni muddao bo'ldi.
Endilikda namozxonlar yozning jaziramasida ham, qishning qahratonida ham bemalol jomega kelib, ulovlarni avtoturargohga qo'yib, emin-erkin ibodatlarni ado etishlari mumkin. Chunki masjidga konditsionerlar o'rnatilgan, iliq pol yotqizilgan.
Ochilish marosimi so'ngida Nabiy sollallohu alayhi va salamning «Kim Alloh taolo uchun bir masjid qursa, Alloh uning uchun jannatda bir uy quradi» (Imom Muslim rivoyati), degan muborak hadislari Allohning baytini obod qilishga hissa qo'shgan barcha aziz insonlarga mujda tarzida aytilib, ularning haqlariga xayrli duolar qilindi.
Eslatib o'tamiz, Ramazon oyi boshlangunga qadar Toshkent viloyatida yana 2–3 ta masjidning yangi binolarini foydalanishga topshirali, inshoalloh.







Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutiga yangi qabul qilingan 1-kurs talabalari O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari ustoz Zayniddin domla hamrohligida idora faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Tanishuv davomida talabalarga O‘zbekiston musulmonlari idorasining tarixi, tuzilmasi, asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan ishlar, ta’lim va ma’rifat yo‘nalishidagi loyihalar xususida so‘z yuritildi.
Talabalar idora faoliyatiga oid o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olib, kelgusidagi ta’lim va kasbiy faoliyatlari uchun muhim ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati