Sayt test holatida ishlamoqda!
26 Iyul, 2025   |   1 Safar, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:36
Quyosh
05:13
Peshin
12:35
Asr
17:36
Shom
19:50
Xufton
21:19
Bismillah
26 Iyul, 2025, 1 Safar, 1447
Videolar

Sayf bin Salim Al-Hodiy: O‘mon o‘zbek xalqining boy tarixi, buyuk merosini e’tirof etadi (+video)

08.04.2025   6866   3 min.

Sulton Qobus universiteti Tarbiya fakulteti Islomshunoslik kafedrasi professori Sayf bin Salim Al-Hodiy Islom sivilizatsiyasi markazi va umuman yurtimiz madaniy merosining ahamiyati haqidagi fikrlarini O‘zA o‘quvchilari bilan bo‘lishdi. Intervyuda o‘monlik olim 2024 yil 23-27 avgust kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida o‘tkazilgan “Buyuk ajdodlar merosi – III Renessans poydevori” VIII Xalqaro kongressdagi ishtirokini eslab, davlatimiz rahbari boshchiligida amalga oshirilayotgan islohotlar, Islom sivilizatsiyasiga ulkan hissa qo‘shgan hamyurtlarimiz hamda O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasidagi madaniy aloqalarga to‘xtaldi.

– Yirik anjumanda ishtirok etish uchun O‘zbekistonda bo‘lganimda yurtingizda ma’naviy-ma’rifiy, diniy jabhada juda katta yangilanishlar, ijobiy o‘zgarishlar yuz berganiga, yirik ta’lim, ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etilganiga guvoh bo‘ldim. Shunday yirik loyihalardan biri – O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bunyod etilayotgani. Ushbu majmua ekspozitsiyasi islom ilmi va gumanitar fanlarga oid ko‘plab noyob materiallar bilan boyitilmoqda. Ayniqsa zaminingizdan yetishib chiqqan buyuk olimlarning boy merosi, ular haqidagi muhim ma’lumotlar barkamol avlod tarbiyasida juda muhim ahamiyat kasb etadi. “Buyuk ajdodlar merosi – III Renessans poydevori” VIII Xalqaro kongressi ham o‘zbek xalqi boy merosiga qayta murojaat qilish, jarayonning beqiyos ahamiyatini ta’kidlashga ishoradir. Qadim meros, ilmiy bilimlar, xususan kognitiv, tabiiy va eksperimental fanlar rivojini Ibn Sino, Al-Farobiy, Abu Rayhon Beruniy kabi olimlarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Islom ilmi, masalan fiqh va hadis haqida gapirganda esa Al-Buxoriy, At-Termiziy, Az-Zamaxshariy, Ash-Shoshiy kabi ajdodlaringizni alohida sanab o‘tish joiz. Bu nomlar dunyoda va islom olamida beqiyos mavqega ega.

Biz ham kelajakda O‘mon – O‘zbekiston hamkorligini yanada jadallashtirish uchun bor imkoniyatni safarbar etamiz. Xususan, Sulton Qobus universiteti O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari bilan talabalar almashinuvi, o‘zaro tashrif, forum, konferensiya, seminar va ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlarida hamkorlik qilishga tayyor.

Tarixga nazar tashlasak, marhum Sulton Qobus bin Said O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutining hozirgi binosini qurishda faollik ko‘rsatganiga guvoh bo‘lamiz. Bu Hazrati oliylarining din, fiqh, tarix, astronomiya, matematika kabi fanlarga mehri, shu yurtdan yetishib chiqqan olimlarga hurmat-e’tibori ramzi edi. Qolaversa, loyiha davlatlarimiz o‘rtasidagi mavjud madaniy va iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashga ham hissa qo‘shgan. 2018 yil mart oyida institut yangi binosining ochilish marosimida ishtirok etgan O‘mon delegatsiyasiga Sulton Haysam bin Toriq Ol Said rahbarlik qilgan. Tadbirda hukumat, UNESCO tashkiloti va arab davlatlari elchixonalari vakillari, mamlakatdagi ixtisoslashgan oliy o‘quv yurtlari, arxiv va ilmiy muassasalar mas’ullari ishtirok etgani xorijiy matbuotda ham keng yoritilgan edi.

Ishonch bilan aytishim mumkinki, O‘mon har doim o‘zbek xalqining boy tarixi va buyuk merosini e’tirof etadi, bunday ezgu ishlarni targ‘ib etishda O‘zbekistonni faol qo‘llab-quvvatlaydi.

Muharrama Pirmatova, Anvarxo‘ja Ahmedov (video), O‘zA

VIDEO
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Diniy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlari sanasi va manzili ma’lum bo‘ldi

23.07.2025   5290   1 min.
Diniy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlari sanasi va manzili ma’lum bo‘ldi

#xabar #kirish_imtihoni #sana #manzil

 2025-2026 o‘quv yili uchun O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari hamda Toshkent islom instituti Modul ta’lim shakli uchun kirish imtihonlari sanasi va manzillari bilan tanishing: 

 
1-hudud:  JOYLASHUV (https://maps.app.goo.gl/Vmbm88k5b7tJg9WH6) 
29-31 iyul kunlari Toshkent shahri Chilonzor tumanidagi "Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf" jome masjidi majlislar zali;


2-hudud:  JOYLASHUV (https://maps.app.goo.gl/4LDn82ij51CtGkzq5)
5-7 avgust kunlari Namangan viloyati Namangan shahridagi "Hidoya" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi;


3-hudud:  JOYLASHUV (https://maps.app.goo.gl/E5fnbp9h4M34JbMV9)
11 avgust kuni Qashqadaryo viloyati Qarshi shahridagi Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi;


4-hudud:  JOYLASHUV (https://maps.app.goo.gl/NwTKBd1QPhnj66sG9)
13 avgust kuni Buxoro viloyati Buxoro shahridagi Mir Arab oliy madrasasi;


5-hudud:  JOYLASHUV (https://maps.app.goo.gl/sLRA2EXo4rfrHhNPA)

15 avgust kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahridagi "Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi.


Imtihon sanalari hududlardagi abituriyentlar sonidan kelib chiqqan holda belgilangan.


Ma’lumot o‘rnida abituriyentlar o‘zining imtihon ruxsatnomasida ko‘rsatilgan hududdagina imtihon topshirishi mumkin. Boshqa hududlarda qabul qilinmaydi. Shu bois ulardan o‘zlari tanlagan hududda bo‘lishlari talab etiladi.  


Hurmatli abituriyentlar! Qabul imtihonlari to‘g‘risidagi ishonchli ma’lumotlarni O‘zbekiston musulmonlari idorasi va diniy ta’lim muassasalarning rasmiy sahifalarida kuzatib boring. 


Imtihon ruxsatnomasini olish tartibi bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot beriladi. 


2025-2026 o‘quv yili qabul jarayonlari haqidagi so‘nggi yangiliklarni @qabulmuslimuz (https://t.me/qabulmuslimuz) telegram sahifasida kuzatib boring. 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
 Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari