Sayt test holatida ishlamoqda!
01 May, 2025   |   3 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:51
Quyosh
05:21
Peshin
12:25
Asr
17:16
Shom
19:23
Xufton
20:47
Bismillah
01 May, 2025, 3 Zulqa`da, 1446

Ular 6 narsadan mahrum bo‘lmaydilar

08.04.2025   4032   3 min.
Ular 6 narsadan mahrum bo‘lmaydilar

Siz yaxshi fe’l-atvorga ega bo‘lgan holda oilangiz, qarindosh-urug‘larga  silai rahmli, ota-onangizga va atrofingizdagilarga yaxshilik qilayotgan bo‘lsangiz...

Tongni Allohga tasbehu hamd ila qarshi olib, Uni ulug‘laganingiz holda qosh qoraytirsangiz...

Alloh yaratgan narsalarida go‘zallikni ko‘rishga ishtiyoqmand bo‘lsangiz...

Yaralmishlarning bari Allohga tasbeh aytishini anglab yetsangiz va siz befoyda narsalar uchun emas, aksincha, buyuk ishlar uchun yaratilgan ekaningizga inonsangiz...

Odam bolalarining xatokor ekanini anglab, sizga yomonlik qilganni afv etish va ularga nisbatan kengfe’l bo‘lish harakatida bo‘lsangiz...

Agarda siz manmanlik, mansabparastlik va adovatdan najotga erishgan bo‘lsangiz va aytib o‘tilmagan o‘nlab ijobiy xis­latlar sizda topilsa, demak, siz Allohning hikmatini tushunib yetishga, U Zotga yaqinlashishga, Uni yaxshi ko‘rib, Unga shukr qilishga qodir kishiga aylanibsiz.

Alloh sizni boshqalardan afzal va mukarram qilgan, maqsadlaringizga erishtirgan. Shu tariqa siz inson Allohning yerdagi xalifasi ekanligini tushunib yetasiz va Allohning muxlis bandalari qatoridan o‘rin olishga tayyor bo‘lib borasiz.

Hakimlardan biri aytadi: “Kim oltita narsa bilan rizqlansa, boshqa bir oltitadan mahrum bo‘lmaydi:

1. Kimga shukr qilish nasib qilsa, ziyodalikdan mahrum bo‘lmaydi.
Zero, Alloh taolo Ibrohim surasining 7-oyatida: «...Qasamki, agar  (bergan ne’matlarimga) shukr qilsangiz, albatta (ularni yanada) ziyoda qilurman. Bordi-yu, noshukrchilik qilsangiz, albatta, azobim (ham) juda qattiqdir», deydi.


2. Kimga sabr qilish nasib etsa, savobdan mahrum bo‘lmaydi.
«...Albatta, sabr qilguvchilarga (oxiratda) mukofotlari behisob berilur»[1].


3. Kim tavba bilan rizqlansa, qabuldan mahrum bo‘lmaydi.
Bunday deyilishiga sabab shuki, Alloh taolo: «U bandalaridan tavbani qabul qiladigan...»[2], degan. 


4. Kim istig‘for bilan rizqlansa, mag‘firatdan benasib bo‘lmaydi.
Chunki Alloh taolo aytadi: «...Men dedimki: “Parvardigoringizdan mag‘firat so‘rangiz! Albatta, U (bandalariga nisbatan) o‘ta mag‘firatli bo‘lgan Zotdir”»[3].


5. Duo ila rizqlangan kishi ijobatdan mahrum qilinmaydi.
Zero, Alloh taolo G‘ofir surasining 60-oyatida aytadi: «...Menga duo qiling, Men sizlar uchun (duolaringizni) ijobat qilay!..».


6. Kim ehson qilsa, o‘rni to‘ldirilmay qolmaydi. Zero, Alloh taolo Saba’ surasining 39-oyatida: «...Biror narsani (muhtojlarga xolis) ehson qilsangiz, bas, (Alloh) uning o‘rnini to‘ldirur...», deya marhamat qiladi.

Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” 
nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.


[1]  Zumar surasi, 10-oyat.
[2]  Shuuro surasi, 25-oyat.
[3]  Nuh surasi, 10-oyat.

 

 

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Insoniylik bebahodir

29.04.2025   4195   1 min.
Insoniylik bebahodir

Bir odamning qorni ochdi. U garchi iqtisodiy ahvoli yaxshi bo‘lmasa-da, bir tamaddixonaga kirib, taom buyurtma qildi. Buyurtma tayyor bo‘lgunga qadar derazadan tashqariga qarab o‘tirarkan, ellik yoshlardagi odam tez-tez tamaddixonaga qarab qo‘yayotgani, kirishga jazm qilolmay turganiga ko‘zi tushdi. O‘tgan ketganlar unga e’tibor bermas, u esa aftidan juda och qolgan edi. 
 

Shu payt buyurtma berilgan taom olib kelindi. U esa hech o‘ylanmasdan ovqatni olib, o‘zi och bo‘lsa-da, ko‘chadagi odamga olib chiqib berdi. So‘ng ortiga qaytib, hisobni berishlarini so‘radi. Holatni zimdan kuzatib turgan tamaddixona rahbari xizmatchiga bir qog‘oz berdi. Unda bunday so‘zlar yozilgan edi:

“Insoniylik bebahodir, sizday oliyjanob inson bizning tamaddixonaga kelganidan baxtiyormiz. Ruxsat bersangiz, siz bir miskinni mehmon qilganingiz kabi biz ham sizni mehmon qilsak”.


Xulosa shuki, Alloh taolo hech bir amalni zoye qilmas, bandasini bandasidan qarzdor holda qoldirmas, ehsonga ehson bilan javob qaytarar ekan.

Shunday ekan, imkonimiz borida boshqalarga yaxshilik qilib qolaylik.

Akbarshoh Rasulov

O'zbekiston yangiliklari