Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Avvallari bu savol o‘rtaga tashlanmagan, chunki nikoh to‘yi kimning zimmasida ekanini hamma yaxshi bilgan va unga amal qilgan. Hozir ham ko‘pchilik jamiyatlarda, hatto musulmon bo‘lmagan xalqlarda ham to‘yni er taraf qiladi. Agar «Nikoh to‘yini kelin taraf qilishi kerak» degan gap aytilsa, ularning hushi boshidan uchib ketishi turgan gap. Ayniqsa, «Osh qiz tarafda bo‘ladi. Kuyov taraf, holiga qarab, kelin taraf qilgan to‘y oshiga ikki yuz elliktagacha, ba’zida undan ham ko‘proq odam olib keladi. Agar kelin taraf ularni yaxshiroq kutib olmasa, baloga qoladi», deyilsa, mutlaqo ishonishmaydi. Ha, shariat ko‘rsatmasiga amal qilmaslik oqibatda inson tabiatiga to‘g‘ri kelmaydigan ana shunday narsalarni qilishgacha olib boradi.
Aslida, nikoh to‘yini qilish er tarafning vazifasi. Bunga hujjat ham bor, dalil ham bor:
1. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam onalarimizga uylanganlarida barcha holatlarda, o‘sha vaqtning imkoniyatidan kelib chiqib, o‘zlari nikoh to‘yi qilganlar. Birorta onamizga: «Otangga ayt, to‘y qilib bersin», demaganlar. Zotan, o‘zini er bilgan odamga bu gapni aytish ordir.
2. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uylangan erkak sahobalarga nikoh to‘yi qilishni buyurganlar. Bunga yuqorida o‘tgan Abdurrohman ibn Avf roziyallohu anhu xususidagi hadis misol bo‘ladi.
3. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam nikoh to‘yi qilishni, kambag‘al bo‘lsa ham, o‘z kuyovlari Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhuga topshirganlar.
«Ertasiga Ali ibn Abu Tolib kelib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga yaqinroq joyga turdi va u zot eshitadigan qilib:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qizlariga sovchilik qilmoqchi bo‘lgan edim. O‘zimning biror narsam ham yo‘q edi. Ammo yaqinlik va mehrlaridan umidvor bo‘lib so‘ragan edim», – dedi.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam darhol buni mulohaza qildilar va u kishiga og‘ir botmaydigan qilib:
«(Mahrga) biror narsang bormi?» – dedilar.
«Yo‘q, yo Rasulalloh», – deb javob berdi Ali.
«Hutamiyya sovuting qani?» – dedilar.
«O‘zimda, yo Rasulalloh», – dedi.
«Bo‘lmasa o‘shani ber», – dedilar.
Ali ibn Abu Tolib sovutni olib keldi.
To‘y kechasi bo‘lganida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kuyov bo‘lmish Ali ibn Abu Tolibga:
«Ey Ali, kelinga bir to‘y ham qilmoq kerak», – dedilar.
Shunda Sa’d ibn Mu’oz roziyallohu anhu:
«Menda bir qo‘chqor bor!» – dedi.
Ansoriylardan bir guruhi bir necha so’ jo‘xori jamlab kelishdi. Ana o‘sha narsalardan to‘y ziyofati uyushtirildi...»
4. Islom ummati va ulamolar jumhurining ijmo’i.
Nima uchun nikoh to‘yi qilish erkakka yuklatilgan?
Avvalo, erkakka erkak bo‘lganligi uchun nikoh to‘yi qilish yuklatilgan. Zotan, yangi qurilgan oila uning nomidagi oila bo‘ladi. Mazkur oilaning boshlig‘i aynan erkak bo‘ladi. Xotini qilib bergan to‘y erkakka sharaf emas, or-nomus bo‘ladi.
Ikkinchidan, bir qiz ota-onadan tug‘ilib, ularning tarbiyasini ko‘rib, endi voyaga yetganda ularni va boshqa oila a’zolarini tashlab, boshqa tarafga yolg‘iz o‘zi borib, yangi oilaga a’zo bo‘lishga rozi bo‘lishining o‘zi kuyov va uning oilasi uchun sharafdir. Bu bilan, kuyov va uning oilasining jamiyatdagi obro‘si oshadi. Bunga esa, aynan kelin sababchi bo‘ladi. Shuning uchun ham kuyov taraf kelinning sharafiga to‘y beradi.
"Baxtiyor oila" kitobidan
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Hamdu sano olamlar Parvardigori, biz yashirayotgan va oshkora qilgan narsalarimizni biluvchi Alloh taologa bo‘lsin. Undan hech narsa maxfiy emas — yerda ham, osmonda ham. Uni shukr va hamdlar bilan yod etamiz. Kimki o‘z ayblari bilan mashg‘ul bo‘lsa, boshqalarning ayblariga qaramaydi. Muhammad sollallohu alayhi vasallamga, U zotning oila a’zolari va sahobalariga Allohning salomu duolari bo‘lsin.
Ey musulmonlar! Allohdan qo‘rqinglar va o‘zingizni g‘iybat va chaqimchilik halokatiga tashlamanglar. Chunki bu ikki illat birodarlik aloqalari va islomiy bag‘rikenglik uchun katta xavf soluvchi, jirkanch sifatlardandir. Ular qaysi jamiyatda keng tarqalsa, o‘sha jamiyatning birligi parchalanadi, dillar orasida muhabbat o‘rniga adovat paydo bo‘ladi, dushmanga qarshi madadsiz qolingan bo‘ladi.
Chaqimchilik — bir odamning gapini boshqasiga yetkazib, ular o‘rtasini buzishga harakat qilishdir. Bu illat qancha falokatlar keltirib chiqargan, qancha do‘stlikni parchalagan, muhabbatni nafratga aylantirgan! Shundan kelib chiqib ulamolar buni sehr deb ataganlar.
Chaqimchilikdan saqlanaylik! U pastkash insonlarning odatidir. U yomonliklarni tarqatadi, sirlarni fosh qiladi, katta isyonlarga sabab bo‘ladi. Kimki sizga chaqimchilik qilsa, bilingki, u siz haqingizda ham boshqalarga chaqimchilik qiladi.
G‘iybat — birodaringizni uni yo‘qligida o‘zining yoqtirmaydigan narsalari bilan tilga olishdir — uning xulqi yoki qiyofasi haqida bo‘lsa ham. Hatto o‘sha narsa unda haqiqat bo‘lsa ham, bu — g‘iybat. Agar unda bo‘lmasa, bu tuhmat bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan g‘iybat haqida so‘ralganda: G‘iybat — birodaringizni u yoqtirmaydigan holatda tilga olishingdir, dedilar. — Agar men aytganim u kishida bo‘lsa-chi? — deb so‘raldi. — Agar aytganing unda bo‘lsa, g‘iybat qilgansan. Agar bo‘lmasa, unga tuhmat qilgansan, — dedilar.
G‘iybatdan saqlanaylik! Bu gunohni kichik deb bilmaylik. Oisha roziyallohu anho Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga Safiya onamiz haqida bir so‘z aytganlar, ya’ni — “U pakana”, deganlar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sen hozir shunday so‘z aytdingki, agar uni dengiz suviga aralashtirsang, uni bulg‘ashga yetar edi!”, deganlar.
G‘iybat va chaqimchilik — qabr azobining sabablaridandir. Rasululloh alayhissalom aytdilar: «Meni me’rojga olib chiqishganida, tirnoqlari misdan bo‘lgan insonlarni ko‘rdim, o‘z yuzlari va ko‘kraklarini tirnar edilar. Jabroildan so‘radim: “Bular kimlar?” Jabroil: “Bular insonlarning go‘shtini yeganlar va ularning sharaflariga tajovuz qilganlardir”, dedilar».
Boshqa musulmonlarning obro‘larini hurmat qilaylik! Rasululloh alayhissalom Xajjatul Vado’da: “Albatta, sizlarning qonlaringiz, mollaringiz va obro‘laringiz — bir-biringizga harom, bu kun, bu oy, va bu shaharingizning hurmati kabi” deb aytdilar.
Alloh bunday deydi: “Albatta, mo‘minlar orasida fahsh ishlar tarqalishini xohlaydiganlarga dunyo va oxiratda alamli azob bo‘ladi. Alloh biladi, sizlar bilmaysizlar”.
Alloh taolo bizlarni Qur’oni karim va Rasulining sunnatlariga muvofiq hayot kechirishimizni nasib etsin.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV