Bir qishloqda Ibrohim ismli bolakay onasi bilan yashardi. Ularning yashash sharoiti uncha yaxshi emasdi. Shunga qaramasdan uning onasi har kuni eshiklari yoniga boshqalar olib yeyishi uchun yegulik qo‘yardi.
Bir kuni Ibrohim: “Onajon, siz nega boshqalar uchun har doim eshigimiz yoniga yegulik qo‘yasiz? Axir o‘zimiz ham nochor yashayapmiz-ku?” deb so‘radi. Shunda onasi tabassum bilan: “O‘g‘lim, qachonki biz Alloh bergan ne’matlarga shukr qilib, oziga qanoatlansak, borini boshqalar bilan baham ko‘rsak, shunda Alloh u ne’matlarni ko‘paytirib beradi”, dedi. Ibrohim onasining bu gaplariga unchalik ham tushunmadi. Qanday qilib uydagi narsani ikkiga bo‘lib ko‘paytirish mumkinligiga aqli yetmadi.
Bir oqshomda o‘rta yoshlardagi kishi kelib ularning eshigini qoqdi. “Har kuni sizlarning eshigingiz oldida yegulik ko‘rib, olib yerdim. Alloh sizlarning topganlaringizga baraka bersin, deya duo qilardim. O‘zim oldin tijoratchi bo‘lganman. Hozir ozroq daromad topdim. Shuni sizlarga bersam”, dedi. Ibrohim u pul bilan o‘qib, ilm oldi.
Yillar o‘tib Ibrohim juda katta olim bo‘ldi. U boshqalarga ham ilm berar ekan, onasining gaplarini eslab: “Har doim imkon darajasida yaxshilik qilishdan to‘xtamaslik kerak ekan. Qiymatidan qat’iy nazar, bor narsangizni boshqalar bilan bo‘lishish baxt ekan”, deydi. Zero, “Ular yengillikda ham, og‘irlikda ham nafaqa qiladiganlar, g‘azabini yutadiganlar va odamlarni avf qiladiganlardir. Alloh yaxshilik qiluvchilarni yoqtiradi” (Oli Imron surasi, 134-oyat).
Akbarshoh Rasulov
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Sulaymon ibn Ayub rahimahulloh bunday hikoya qiladi: “Men o‘n yildan ko‘proq vaqt davomida ilm o‘rganish va Qur’onni yod olishga harakat qilsam-da, Fotiha surasini to‘g‘ri o‘qiy olmasdim. Bu holat menga og‘ir edi. Hatto ustozim ham mendan umidini uzgan edi.
Yolg‘iz qolganimda sajdaga bosh qo‘yib yig‘lab, duolarimda Alloh taolodan tilimni burro, xotiramni o‘tkir qilishini hamda qalbimdagi g‘ashlikni ketkazishini so‘rab iltijo qilardim.
Solih insonlardan biriga holimni bayon etdim. U mendan: Ota-onang bormi? - deb so‘radi.
Men: Ha, onam bor, - deb javob berdim.
U: Onangga yaxshilik qilasanmi? – deb so‘radi.
Men: Ha onamning xizmatlarini bekamu ko‘st bajaraman, – dedim.
Shunda solih kishi menga: Onangni oldiga borib, undan Qur’oni karimni yod olishing hamda faqih bo‘lishing uchun duo qilishini so‘ra, – dedi.
Men uyga borib, bu gaplarni onamga aytdim. Volidam yarim tunda namoz o‘qidi, haqqimga xayrli duolar qildi. So‘ngra saharlik qilib, Alloh uchun ro‘za tutdi.
Tong otishi bilan onamning duolari qabul bo‘ldi. Xuddi bulutlar tarqagach quyosh charaqlagani singari aqlim ham yorishib, quvvai hofizam kuchayganini his etdim.
Shu tariqa men zehni o‘tkir va ilmli insonga aylandim. Onamning duosi barakotidan Qur’on va hadisni puxta o‘zlashtirib, ilmu-hikmat dengizida suza boshladim. Nihoyat, kuchli imomga aylandim”.
Kim biror maqsadini amalga oshirishda qiynalsa, avvalo, Alloh taologa tayanish barobarida ota-onasining duosini olsin!.
Shayx Mahmud MISRIYning
“Solih va solihalar hayotlaridan qissalar” kitobi asosida
Ilyosxon AHMЕDOV tayyorladi.