O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari tomonidan belgilab berilgan topshiriqlar ijrosini bajarish maqsadida Farg‘ona viloyatida diniy soha xodimlari hamda masjidlar faoliyatini yanada samarali yo‘lga qo‘yish, jamoat bilan ishlashda yuksak mas’uliyatni ta’minlash maqsadida viloyat bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev rahbarligida ishchi guruh tashkil etildi. Hozirga qadar viloyatning Quva, Qo‘shtepa, Rishton va Bag‘dod tumanlarida o‘rganishlar olib borildi.
Ushbu ishchi guruh tomonidan viloyatning turli hududlaridagi masjidlar va imom-xatiblar faoliyati o‘rganilib, bir qator muhim yo‘nalishlar bo‘yicha tahlil va baholash ishlari olib borilmoqda. Bu jarayonda quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratilmoqda:
Masjidlarda sanitariya va gigiyena holati
Masjid — nafaqat ibodatgoh, balki poklik va ozodalik ramzi hamdir. Shu bois, har bir masjidda sanitariya talablariga amal qilish, ibodatga keluvchilar uchun qulay va tozalikka rioya qilingan muhit yaratish muhim ahamiyat kasb etadi.
Ishchi guruh sanitariya holatini o‘rganar ekan, masjid ichidagi yuvinish joylari, tahoratxonalar, gilamlar, havo aylanishi, suv ta’minoti va atrof muhit tozaligiga alohida e’tibor qaratmoqda. Ayrim masjidlarda muntazam sanitariya ishlari yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, ba’zi hollarda bu masalada to‘liq ijro ta’minlanmagan. Shu asosda amaliy tavsiyalar berilmoqda.
Yong‘in xavfsizligi holati
Masjidlarda yong‘in xavfsizligini ta’minlash — jamoat xavfsizligining muhim qismi hisoblanadi. Ishchi guruh bu borada masjidlardagi o‘t o‘chirish vositalari, elektr tarmoqlarining holati, evakuatsiya chiqish yo‘llari va yozma tartibdagi xavfsizlik rejalarini ko‘zdan kechirmoqda.
Ba’zi masjidlarda yong‘in xavfsizligi talablariga to‘liq amal qilinayotgan bo‘lsa-da, boshqalarida muayyan kamchiliklar aniqlanib, mutaxassislar tavsiyasi asosida tezkor choralar ko‘rish lozimligi qayd etilmoqda.
Qurilish va ta’mir ishlarining me’yoriy talablarga muvofiqligi
Masjidlarda olib borilayotgan qurilish va ta’mir ishlari belgilangan me’yor va talablarga muvofiq bo‘lishi lozim. Ishchi guruh qurilish ishlari amalga oshirilayotgan obyektlarda loyihaviy hujjatlar, masjidning tarixiy va me’moriy xususiyatlariga rioya etilgan-etilmaganini o‘rganmoqda.
Qurilish ishlari vaqtinchalik emas, ko‘p yillar davomida xizmat qiladigan ibodat maskanini vujudga keltirishga qaratilgan bo‘lishi lozim. Shu bois, bu borada ham texnik nazorat va mas’uliyatli yondashuv talab etilayotganiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Imom-xatiblar va masjid xodimlarining ijro intizomi
Masjid faoliyatining samaradorligi, avvalo, unda xizmat qilayotgan imom-xatiblar va xodimlarning mas’uliyatliligiga bog‘liq. Ishchi guruh bu borada jamoat bilan ishlash madaniyati, vaqtga rioya, hujjat yuritish tartibi va ish yuzasidan hisobot berish tizimini ham tahlil qilmoqda.
Ijro intizomiga sust qaralayotgan holatlarda imom-xatiblarga tegishli eslatma va tavsiyalar berilmoqda. Shu bilan birga, o‘z burchini sidqidildan ado etayotgan fidoiy xodimlar alohida e’tirof etilmoqda.
Shaxsiy xulq-atvorda namuna bo‘lish
Imom-xatiblar faqatgina ibodat rahnamosi emas, balki jamiyat uchun yuksak axloqiy namuna bo‘lishi kerak. Ular jamoat oldidagi chiqishlari, munosabati, kiyinish madaniyati va umumiy xulq-atvori orqali keng ommaga ta’sir ko‘rsatadi.
Ishchi guruh imomlarning shaxsiy fazilatlarini, jamoa bilan qanday aloqada ekanini, muhtojlarga munosabati va aholining turli qatlami bilan muloqot madaniyatini ham baholamoqda. Bu orqali diniy xodimlar orasida ma’naviy yetakchilik fazilatini yanada yuksaltirish ko‘zda tutilgan.
Ushbu tizimli o‘rganishlar orqali Farg‘ona viloyatida masjidlar faoliyati yanada tartibli, tahlil va tavsiyalarga asoslangan holda yo‘lga qo‘yish, qolaversa, ishchi guruh tomonidan aniqlangan kamchiliklar yuzasidan mas’ul shaxslarga aniq vazifalar belgilash va ijroga qaratish, yaxshi natijalarni esa ommalashtirish ko‘zda tutilgan.
Hududlardagi o‘rganishlar davom etmoqda.
Farg‘ona viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
O‘zbekiston taraqqiyotining yangi bosqichida jamiyatda diniy bag‘rikenglik, millatlararo totuvlik va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, jahon ilm-fani va madaniyati rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk alloma va mutafakkirlarimizning boy ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, unib-o‘sib kelayotgan yosh avlodni ona Vatanga sadoqat, milliy-diniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, yurtimizning jahon sivilizatsiyasi beshigi sifatidagi tarixiy maqomi va nufuzini tiklash bo‘yicha puxta o‘ylangan izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
O‘tgan qisqa vaqt ichida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Samarqandda Hadis ilmi maktabi, Buxoroda Mir Arab oliy madrasasi tashkil etildi. Ushbu muassasalar “Jaholatga qarshi ma’rifat” ezgu umuminsoniy g‘oyasi asosida jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni ta’minlashga, yoshlarni zamonaviy fikrlaydigan va buyuk ajdodlarimizga har jihatdan munosib etib tarbiyalashga xizmat qilmoqda.
Shiddat bilan o‘zgarib borayotgan bugungi murakkab sharoitda dunyoda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalar mamlakatimizda “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” degan xalqchil tamoyilga asoslangan islohotlar to‘g‘ri ekanligidan dalolat bermoqda.
Yuqoridagilarni e’tiborga olgan holda O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasida belgilangan vazifalarni ro‘yobga chiqarish, diniy-ma’rifiy sohadagi ezgu g‘oya va tashabbuslarni xalq manfaatlaridan kelib chiqib izchil davom ettirish maqsadida qaror qilaman:
I. Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlari
1. Quyidagilar fuqarolarning vijdon erkinligi huquqini ta’minlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi faoliyatni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilansin:
a) jamiyatda diniy bag‘rikenglik va konfessiyalararo totuvlikni yanada mustahkamlashga oid ilg‘or mexanizmlarni joriy etish;
b) ilm-fan va jahon sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarning insonparvarlik, ezgulik, tinchlik va bag‘rikenglik kabi umuminsoniy va oliyjanob g‘oyalarga asoslangan diniy-falsafiy merosini chuqur o‘rganish hamda keng targ‘ib etish;
v) diniy-ma’rifiy sohada kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish orqali zamon talablariga mos mutaxassislarni yetishtirish;
g) aholi orasida birdamlik, o‘zaro hurmat va mehr-oqibat ruhini kuchaytirish, ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashga qaratilgan dolzarb ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash;
d) diniy-ma’rifiy sohadagi xalqaro hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish hamda samaradorligini oshirish.
2. Diniy-ma’rifiy soha faoliyati rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Jamiyatda vijdon erkinligini kafolatlash, diniy bag‘rikenglik, fuqarolararo totuvlik hamda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash maqsadida “Bag‘rikeng jamiyat – barqaror davlat” tamoyili asosida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bilan (keyingi o‘rinlarda – Qo‘mita) O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Ichki ishlar vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi hamda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining yangi hamkorlik tizimi yo‘lga qo‘yilsin.
Quyidagilar hamkorlik tizimining asosiy vazifalari etib belgilansin:
a) diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi, asosiy vazifalari va prinsiplarini qat’iy amalga oshirishda davlat va jamoat tashkilotlarining o‘zaro hamkorligini yo‘lga qo‘yish;
b) fuqarolarning vijdon erkinligiga bo‘lgan huquqini ta’minlash, jamiyatda turli diniy konfessiyalar vakillarining o‘zaro ahil-inoq va hamjihat hayot kechirishini qo‘llab-quvvatlash;
v) O‘zbekiston aholisining dini, e’tiqodi, milliy mansubligi, ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar huquq va qonuniy manfaatlarini to‘liq ro‘yobga chiqara olishini ta’minlash;
g) dinga bo‘lgan munosabatidan kelib chiqib ustunlik berish, kamsitish va vijdon erkinligi kafolatlari buzilishining boshqa har qanday ko‘rinishlarining oldini olish.
Qo‘mita bir oy muddatda O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Ichki ishlar vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi hamda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi bilan birgalikda hamkorlik tizimining mexanizmlarini belgilovchi qo‘shma qarorni tasdiqlasin.
II. Diniy-ma’rifiy sohaning institutsional asoslarini takomillashtirish
4. Fuqarolarning ibodatlar va diniy rasm-rusumlarni amalga oshirishi uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish, “Haj” va “Umra” ziyoratlariga borishi bilan bog‘liq xizmatlarni ko‘rsatish jarayonida ortiqcha byurokratik tartibotlarni bartaraf etish maqsadida Qo‘mita va Raqamli texnologiyalar vazirligi 2025 yil 1 sentyabrga qadar “Haj va Umra yagona portali”ni (keyingi o‘rinlarda – Portal) hamda uning mobil ilovasini ishlab chiqsin.
Belgilansinki:
a) Portal “Haj” tadbirlariga boruvchi fuqarolarning yagona elektron navbati hamda “Umra” tadbirlariga yuboriladigan ziyoratchilarning elektron ro‘yxati shakllantiriladigan tizim hisoblanadi;
b) Portalda “Haj” va “Umra” faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yig‘ish va rasmiylashtirish bilan bog‘liq jarayonlar raqamlashtiriladi;
v) vazirlik va idoralar Qo‘mita so‘roviga ko‘ra o‘zining axborot tizimlari Portalga integratsiya qilinishini ta’minlaydi;
g) Qo‘mita Portal faoliyatini moliyalashtirishga, texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlashga, aloqador davlat va nodavlat tashkilotlar uchun foydalanish imkoniyatini yaratishga mas’ul davlat organi hisoblanadi;
d) Qo‘mita “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish litsenziyasiga ega yuridik shaxslar hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasining Portaldan foydalanish imkoniyatini ta’minlaydi.
5. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Qo‘mitaning O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasini O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi (keyingi o‘rinlarda – Akademiya) etib qayta nomlash to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
Akademiya islomshunoslik va dinshunoslik sohalarida mutaxassislarni hamda o‘quv dasturi, qo‘llanma va darsliklarni tayyorlashga ixtisoslashgan tayanch davlat oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasasi etib belgilansin.
6. Quyidagilar Akademiyaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
a) islomshunoslik, dinshunoslik, din psixologiyasi, islom iqtisodiyoti, manbashunoslik, xalqaro munosabatlar va ehtiyoj mavjud bo‘lgan boshqa sohalar bo‘yicha kadrlar tayyorlash;
b) ta’lim jarayoniga ilg‘or pedagogik texnologiyalarni, ilm-fan va texnikaning so‘nggi yutuqlarini hamda yetakchi xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari tajribasi asosida ishlab chiqilgan ta’lim dasturlarini joriy etish;
v) vijdon erkinligi va konfessiyalararo bag‘rikenglikni ta’minlash, radikallashuv, ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish hamda diniy sohadagi davlat siyosatining asoslariga oid ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish;
g) diniy-ma’rifiy yo‘nalishda ilmiy, ilmiy-ommabop adabiyotlarni tayyorlash va nashr qilish, shuningdek, internet tarmog‘ida ta’lim resurslarini joylashtirish va muntazam yangilab borish;
d) talabalarda yuksak ma’naviy va axloqiy fazilatlarni rivojlantirish, Vatanga muhabbat, uning taqdiriga daxldorlik, kasbga sadoqat hissini mustahkamlash, ta’lim-tarbiya jarayoni hamda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish;
ye) mamlakatimizda va xorijda diniy sohada faoliyat olib borayotgan ilmiy-tadqiqot va ta’lim muassasalari bilan yaqindan hamkorlik qilish.
7. Akademiyaga quyidagi huquqlar berilsin:
a) o‘quv-ilmiy jarayonlarga jalb etilgan yuqori malakali xorijiy mutaxassislar mehnatiga haq to‘lash miqdorlarini bozor kon’yunkturasidan kelib chiqib belgilash;
b) Qo‘mita bilan kelishgan holda to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish qiymatini tegishli yo‘nalish va mutaxassisliklar bo‘yicha davlat oliy ta’lim muassasalarida belgilangan bazaviy to‘lov-kontrakt qiymatidan uch baravardan ortiq bo‘lmagan miqdorda belgilash;
v) talabalarning to‘lov-kontrakt mablag‘larini to‘lash muddatlarini belgilash va uzaytirish;
g) yetuk xorijiy mutaxassislarni jalb qilish hamda Akademiya vakillarini xorijiy ilmiy-tadqiqot va ta’lim muassasalariga malaka oshirish va tajriba orttirish uchun yuborish;
d) o‘z grifi asosida darsliklar hamda boshqa o‘quv va ilmiy adabiyotlarni yaratish va nashr etish.
8. Belgilansinki, Akademiyaga o‘qitishning to‘lov-kontrakt shaklidan tushadigan mablag‘larning yetishmagan qismi davlat oliy ta’lim muassasalarini saqlash uchun ajratilgan mablag‘lar doirasida tasdiqlangan budjet parametrlariga tegishli o‘zgartirish kiritish orqali qoplanadi.
9. Qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Malaka oshirish markazini Din ishlari bo‘yicha qo‘mita huzuridagi Diniy-ma’rifiy sohada malaka oshirish va qayta tayyorlash instituti (keyingi o‘rinlarda – Institut) sifatida qayta tashkil etish haqidagi taklifiga rozilik berilsin.
Belgilab qo‘yilsinki:
a) Institut islomshunoslik, dinshunoslik, davlat va din munosabatlari asoslari, shuningdek, radikallashuvning oldini olish yo‘nalishlarida diniy sohada mutaxassislarning malakasini oshirish va qayta tayyorlashga mas’ul muassasa hisoblanadi;
b) barcha ta’lim tashkilotlarining islomshunoslik va dinshunoslik fanlari o‘qituvchilarining malakasini oshirish hamda ularni qayta tayyorlash Institut tomonidan amalga oshiriladi;
v) ta’lim jarayoni sifatini oshirish hamda ta’lim va amaliyot uyg‘unligini ta’minlash maqsadida Institut so‘roviga asosan darslarga tegishli vazirlik, idora, ilmiy-tadqiqot va tahlil markazlarining rahbar xodimlari va mutaxassislari jalb etiladi;
g) Institut qayta tashkil etilayotgan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Malaka oshirish markazining huquq va majburiyatlari, shuningdek, tuzilgan shartnomalari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi.
10. Akademiyaga qarashli Toshkent shahri, Yunusobod tumani, Zarbuloq ko‘chasi, 14-uy manzili bo‘yicha joylashgan yotoqxona binosi operativ boshqaruv huquqi asosida Institutga bepul o‘tkazilishi ta’minlansin.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi ushbu binoni saqlash uchun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga 2025 yil uchun ajratilgan budjet mablag‘larining qoldiq qismini Institutga o‘tkazib bersin, 2026 yildan boshlab esa binoni saqlash bilan bog‘liq xarajatlarni Institutning xarajatlar smetasida rejalashtirib borsin.
11. Qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Buxoro viloyati hokimligining Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi markazi muassisligida Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish va quyidagilarni uning asosiy vazifalari etib belgilash to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin:
a) buyuk ajdodimiz Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqati allomalarining yuksak insonparvarlik g‘oyalarini ilmiy asosda o‘rganish, yosh avlodni bag‘rikenglik hamda o‘zaro hurmat ruhida tarbiyalash maqsadida targ‘ibot ishlarini olib borish;
b) tasavvuf ta’limoti tarixi va uning bugungi kundagi ahamiyatini ilmiy tadqiq etish, “Yetti pir” allomalari va aziz avliyolarning boy ilmiy-ma’naviy merosini xalqaro maydonda keng targ‘ibqilish;
v) naqshbandiylik ta’limotining ezgu g‘oyalarini tadqiq etish uchun ilmiy-nazariy va uslubiy masalalarga bag‘ishlangan anjuman, konferensiya, ko‘rgazma, seminar-trening, tanlovlar hamda boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etish;
g) tasavvuf ta’limotining ilmiy asoslangan g‘oyalarini targ‘ib qilish, soxta tariqatchilikning oldini olish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish.
12. Qo‘mita va Akademiyaning O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini Vazirlar Mahkamasi bo‘ysunuviga o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi islomshunoslik yo‘nalishidagi ilmiy tadqiqotlarni hamda din bilan bog‘liq jarayonlar bo‘yicha tahlillarni amalga oshiruvchi ilmiy-tadqiqot muassasasi etib belgilansin.
13. Quyidagilar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining qo‘shimcha vazifalari etib belgilansin:
a) Imom Moturidiy, Abu Muin Nasafiy kabi buyuk alloma ajdodlarimiz qoldirgan boy ma’naviy merosni o‘rganish, jahon ilm-fani rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasini xalqimiz, ayniqsa, yoshlarga yetkazish, ular yaratgan asarlarning ilmiy-izohli tarjima va qiyosiy matnlarini nashr etish, mamlakatimiz hududida ro‘y bergan Birinchi va Ikkinchi Renessansning ilmiy-nazariy asoslarini tadqiq etish hamda Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining ma’naviy poydevorini yaratishda ishtirok etish;
b) islom dinining insonparvarlik mohiyati, ma’rifiy-madaniy roli va rivojlanish yo‘nalishlarini ilmiy asosda o‘rganish va keng ommaga, jumladan, xalqaro jamoatchilikka yetkazish;
v) diniy ta’lim muassasalariga ilmiy-tadqiqot va o‘quv-uslubiy masalalarda hamda pedagog kadrlar va diniy xodimlarning malakasini oshirib borishda amaliy yordam ko‘rsatish;
g) ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini saqlash, yoshlarni yot g‘oyalar ta’siridan asrashga qaratilgan strategik ahamiyatga ega loyiha va tashabbuslarni ishlab chiqish.
14. Diniy-ma’rifiy sohadagi tashkilotlar faoliyatining samaradorligini oshirib borish maqsadida doimiy asosda faoliyat ko‘rsatuvchi Diniy-ma’rifiy sohada ta’lim, fan va ilmiy-tadqiqotga oid faoliyatni muvofiqlashtiruvchi kengash (keyingi o‘rinlarda – Muvofiqlashtiruvchi kengash) tashkil etilsin va uning tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Belgilansinki:
a) Muvofiqlashtiruvchi kengash diniy-ma’rifiy sohada ta’lim, fan va ilmiy-tadqiqot ishlarining barcha jarayonlarini muvofiqlashtirish masalalariga mas’ul bo‘lgan maslahat organi hisoblanadi;
b) Muvofiqlashtiruvchi kengashning ishchi organi vazifasini Qo‘mita amalga oshiradi;
v) Muvofiqlashtiruvchi kengash tomonidan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Akademiya va boshqa diniy-ma’rifiy muassasalarning ta’lim va ilmiy-tadqiqotga oid faoliyati muvofiqlashtiriladi;
g) Muvofiqlashtiruvchi kengash majlislari har chorakda kamida bir marotaba o‘tkaziladi.
15. Quyidagilar Muvofiqlashtiruvchi kengashning asosiy vazifalari etib belgilansin:
a) “Uchinchi renessans – Yangi O‘zbekiston” g‘oyasi asosida buyuk ajdodlarimiz ilmiy merosida ulug‘langan vatanparvarlik, bag‘rikenglik kabi umuminsoniy g‘oyalarni aholi orasida keng targ‘ib etish yo‘nalishlarini belgilash;
b) diniy-ma’rifiy sohadagi muassasalar faoliyatini chuqur o‘rganib borish, o‘quv-tarbiya jarayoniga ilg‘or axborot-kommunikatsiya va pedagogik texnologiyalar, innovatsion ishlanmalarni tatbiq etish hamda ilmiy va uslubiy faoliyatini muvofiqlashtirish;
v) soha tashkilotlarida to‘plangan ilmiy-uslubiy ishlanmalar va tajribalarni tahlil etish asosida ulardagi ta’lim mazmunini takomillashtirish va muvofiqlashtirish, o‘quv reja va fan dasturlarini ishlab chiqishda uzviylik tamoyillarini ta’minlash;
g) respublikaning barcha ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida bajariladigan diniy mavzudagi tadqiqotlar (dissertatsiyalar)ning mavzu va yo‘nalishlarining ahamiyati, dolzarbligi yuzasidan tegishli tavsiyalarni berish.
III. Diniy bag‘rikenglikni yanada mustahkamlash
16. Respublikada istiqomat qiluvchi turli din vakillarining Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga daxldorlik hissini oshirish, jamiyatda konfessiyalararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni yanada mustahkamlash maqsadida Qo‘mitaning Konfessiyalar ishlari bo‘yicha kengash (keyingi o‘rinlarda – Kengash) faoliyatini takomillashtirish haqidagi taklifiga rozilik berilsin. Bunda quyidagilar inobatga olinsin:
a) Kengash tarkibiga siyosiy arboblar, jamoatchilik faollari, dinshunos olim va mutaxassislarni kuzatuvchi sifatida kiritish;
b) Kengashga diniy konfessiyalarning muammolari bo‘yicha davlat va nodavlat tashkilotlarga so‘rov, murojaat va tavsiyalar yuborish huquqini berish;
v) Toshkent, Samarqand, Buxoro va Farg‘ona viloyatlarida hududiy kengashlar tashkil etish;
g) Kengash tomonidan turli konfessiyalarga oid diniy tashkilotlarning professional xizmatchilari o‘rtasida sport musobaqalari, intellektual o‘yinlar, madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish.
Kengashning yangilangan tarkibi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
IV. Farmon ijrosini tashkil etish va nazorat qilish
17. Qo‘mita manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
18. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi S.D.Toshboyev belgilansin.
Farmon ijrosini nazorat qilish va ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.Q.Davletov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOЕV
Toshkent shahri,
2025 yil 21 aprel