Sayt test holatida ishlamoqda!
19 Aprel, 2025   |   21 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
04:13
Quyosh
05:37
Peshin
12:27
Asr
17:09
Shom
19:10
Xufton
20:30
Bismillah
19 Aprel, 2025, 21 Shavvol, 1446

Rasululloh ﷺ vasila qilganmilar?

10.04.2025   4595   9 min.
Rasululloh ﷺ vasila qilganmilar?

Shari’ati islomiyada muqarrarki, inson bajaradigan har qanday amal Alloh subhanahu va taolo huzurida maqbul bo‘lishi uchun ikkita shart topilishi lozim:

Birinchisi, amal Alloh uchun xolis bo‘lmog‘i zarur, u bilan riyo va sum’a, shuningdek, biron dunyoviy manfaat ko‘zlangan bo‘lmasligi lozim. Alloh taolo aytadi: Kim Parvardigoriga ro‘baro‘ bo‘lishidan umidvor bo‘lsa, u holda yaxshi amal qilsin va Parvardigoriga bandalik qilishda biron kimsani (unga) sherik qilmasin! (Kahf, 110).

Ikkinchisi, amal to‘g‘ri bo‘lishi ya’ni, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning sunnatlariga muvofiq bo‘lishi lozim. Agar Nabiy sollallohu alayhi va sallamning yo‘llariga xilof bo‘lsa maqbul bo‘lmaydi.

Hamma davrlarda ham ayrim odamlar tushunib olishi qiyin bo‘lgan masalalardan biri – tavassul (vosita qilish) masalasidir. Shu bois ko‘pchilik tavassulning ta’qiqlangan va bid’at bo‘lgan hamda Islom asoslariga va Nabiy sollallohu alayhi va sallamning hidoyatlariga zid bo‘lgan turlariga aralashib qolib, ularning amallari qabul bo‘lishidagi shartlarning ikkinchisidan mahrum bo‘ladi.

Vasila – duoning maqbul bo‘lish darajasini ko‘tarish maqsadida qilinadi. Bu ish Ahli sunna val-jamoa e’tiqodiga ko‘ra, joiz amal hisoblanadi.

Vasila so‘zi lug‘atda U bilan o‘zgaga yaqin bo‘linadigan narsa ma’nosini anglatadi.

Istilohda esa, “Duo ijobat bo‘lishi uchun Alloh taologa Uning huzurida qadrli ekani bilingan narsani aytib duo qilish “vasila” deb ataladi”.

Soddaroq qilib aytadigan bo‘lsak, Alloh taoloning ism va sifatlari, Payg‘ambarlar, sahobalar va solih bandalar, shuningdek, yaxshi amallarni vosita qilib Alloh taologa duo qilish – vasila deyiladi.

Vasilaning mohiyati o‘zi nima? Mohiyati shundaki, banda Robbisidan so‘rayotgan narsasiga Robbisiga suyukli, uning huzurida qadrli bo‘lgan biror narsa yoki solih kishilardan birini vosita qilish orqali erishmog‘idir.

Hozirgi kunda ba’zi insonlar bilimsizlik tufayli Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam yoki solih insonlarni duolariga vasila qilganlarni kofirga chiqarib, ularga mushrik nomini tamg‘a qilmoqdalar.

Ahli sunna ulamolari o‘z asarlarida vasila qilishning joiz ekaniga oyat va hadislardan qator dalillarni keltirishgan. Jumladan, Alloh taolo Qur’oni karimda mo‘min insonlarni vasila qilishga amr qilib bunday deydi: Ey, iymon keltirganlar! Allohga taqvo qilinglar va Unga vasila axtaringiz (Moida surasi, 35-oyat).

Ushbu oyatda Alloh taolo insonlarga O‘ziga vasila izlashlarini buyurmoqda. Tafsir kitoblarida ushbu oyat haqida vasila Allohning ism va sifatlari, yaxshi amallar, payg‘ambarlar va solih bandalar ekani aytilgan.

Imom Moturidiy rahmatullohi alayh: “Bu oyat Allohga isyon qilishdan saqlanish bilan Unga muqarrab bo‘lishga urininglar” ma’nosini anglatadi”, deganlar.

Hofiz Imomuddin ibn Kasir rahmatullohi alayh oyatdagi: “Unga vasila axtaringiz”, degan so‘zining tafsirida quyidagilarni yozgan: “Vasila u bilan maqsadni hosil qilishga erishiladigan narsadir”.

Murshidul olam Shayx Xoja G‘ulom Habib ma’ruzalarining birida ushbu oyat haqida quyidagilarni aytgan edi: “Osmondan yomg‘irni kim tushiradi? Yomg‘irni osmondan Alloh tushiradi, lekin bulut vasila bo‘ladi. Go‘daklarga kim rizq beradi? Go‘daklarga Alloh rizq beradi, lekin ota-ona vasila bo‘ladi. Qabrlarga nurlarni kim tashlaydi? Qabrlarga nurlarni Alloh tashlaydi, lekin shayx vasila bo‘ladi. Alloh taolo bandalariga: Unga vasila axtaringiz, degan.

Usmon ibn Hunayf roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Bir ko‘zi ojiz kishi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam huzurlariga kelib: Allohga duo qiling, menga shifo bersin, dedi. “Xohlasang duo qilaman. Xohlasang sabr qil. Bu sen uchun yaxshidir”, dedilar. Duo qiling, – dedi.

Uni yaxshilab tahorat qilishga va ushbu duoni o‘qishga amr qildilar: “Allohim! Albatta, men Muhammad – rahmat Payg‘ambari ila Sendan so‘rayman va Senga yuzlanaman. Ey Muhammad! Albatta, ushbu hojatim ravo bo‘lishi uchun Robbimga sizni vosita qilib yuzlandim. Allohim! U Zotning men haqimdagi shafoatini qabul qil! Shundan so‘ng uning ko‘zi ochilgan holda qaytib ketdi (Imom Termiziy va Imom Ibn Moja rivoyat qilgan).

Ushbu rivoyatda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam ko‘zi ojiz insonga duo qilayotganda Payg‘ambarni vosita qilib so‘rashni o‘rgatdilar. Shunga binoan insonlar duolarida Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni o‘rtaga qo‘yib istaklarini so‘rashlari mana shu hadisga muvofiq bo‘ladi.

Afsuski, bugungi kunda aynan Rasululloh alayhissalomni ravzalarida turib u zot sollallohu alayhi va sallamni vasila qilishni ham bida’t va kufr deydiganlar ham bor.

Mana vasilaning dalillarini naqliy va aqliy jihatdan o‘rganib oldik. Endi uning turlari, joiz va nojoiz o‘rinlarini bilib olamiz.

Ahli sunnaning to‘rt mazhab ulamolari tomonidan vasila qilishning joiz ekani, uning turlari hamda mumkin bo‘lmagan tavassul masalasini keng yoritib berganlar. Unga ko‘ra vasilaning beshta turi bo‘lib, ulardan to‘rttasining joiz ekanida biror ixtilof yo‘qdir:

Zamon. Arofat kuni, Ramazon oyi, Zul hijjaning o‘n kuni, har kechaning oxirgi qismi va hakozo vasila qilinadigan ma’lum bir vaqtlar bo‘lib, ularni vasila qilib duo qilish mumkin hisoblanadi. Masalan, “Yo Allohim, Ramazon oyini vasila qilib so‘rayman, deyish mumkin.


Makon. Ka’ba, Rasullulloh sollallohu alayhi va sallamning ravzalari, Masjidul Aqso va hokazo kabi vasila qilinadigan ma’lum bir makonlar bo‘lib, ularni vasila qilib duo qilish mumkin hisoblanadi. Masalan, Allohim, Ka’bani vasila qilib so‘rayman, deyish mumkin.


Hol. Ya’ni vasila qilinadigan ma’lum bir holatlar bor. Masalan, suyanadigan hamma narsasidan umidi uzilib, hech iloj topa olmay chorasiz qolgan kishi o‘zining nochor holatini vasila qilib so‘rashi mumkin hisoblanadi. Bunday holatga tushgan kishining duolari qabul bo‘lishi Qur’oni karimda bayon qilingan: Yoki noiloj odam duo qilgan vaqtida (duosini) ijobat qiladigan va (undan) yomonlik (musibatni) yo‘q qiladigan hamda sizlarni Yerning o‘rinbosarlari qiladigan zot (yaxshi)mi?! Alloh bilan birga (yana birov) iloh bormi?! (Nasihatdan) kamdan-kam eslatma olursiz (Naml surasi 62-oyat).

Oyatning noiloj odam duo qilgan vaqtida (duosini) ijobat qiladigan… jumlasida Alloh taolo muztar bo‘lgan insonning duosini qabul qilishini eslatmoqda. Zero, suyanadigan hamma narsadan umid uzilib, chorasiz qolgan paytda beixtiyor Alloh taologa iltijo qilishga o‘tish barcha insonlarning tabiatida bor bo‘lgan xususiyatdir.


Amallar. Ya’ni vasila qilinadigan ma’lum bir amallar bor. Masalan, namoz o‘qib, ro‘za tutib, sadaqa berib, haj qilib, umra qilib, Qur’on tilovat qilib, zikr va tasbeh aytib, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga salavot aytib, istig‘for aytib, duo qilib, mo‘minlarning duolarini olib, Alloh taoloning go‘zal ismlarini aytib, savob ishlar qilib va harom ishlardan voz kechib vasila qilish mumkin:

Vasilaning yuqoridagi to‘rtta turining joizligida ixtilof yo‘q. Ammo quyidagi beshinchi turi haqida ixtilof qilingan.

Ma’lum shaxslarni vasila qilish. Ya’ni ma’lum shaxslarni vasila qilish mumkin. Ammo bunday vasila qilish mumkin emas deganlar ham bo‘lgan. Vasilaning shu turi haqidagi ixtiloflarni umumiy uch qismga ajratish mumkin:

Mu’tazila va xavorij firqalari har qanday shaxsni vasila qilishni inkor qilishgan. O‘zlarining bu da’volariga Qur’on va sunnatda kelgan umumiy xabarlarni dalil qilib keltirishgan. Masalan, Qur’oni karimda faqatgina Allohdan yordam so‘rash bayon qilingan: Va faqat Sendangina yordam so‘raymiz.

Hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday xabar berganlar: Agar so‘rasang, Allohdan so‘ra, agar yordam so‘rasang, Allohdan yordam so‘ragin (Imom Termiziy rivoyat qilgan).

Ahli sunnaning jumhuri biror ulug‘ shaxsni vasila qilish joizdir, vasila qilish uchun u zotning tirik bo‘lishi shart emas, deganlar. Shuningdek, yuqoridagi hadisni dalil qilib keltirganlarga bir qancha radiyalar qilishgan.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, shar’an joiz bo‘lgan vosila – “Yo Allohim! Men Sendan falon yaxshi amalim yoki falon insonning Seni huzuringdagi hurmati ila so‘rayman shaklida bo‘ladi. Vallohu a’lam.

Zoirjon JURABOEV,
Toshkent islom instituti talabasi.

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbek moturidiyshunosligidagi ulkan tarixiy voqelik

19.04.2025   2373   8 min.
O‘zbek moturidiyshunosligidagi ulkan tarixiy voqelik

So‘nggi yillarda mamlakatimizda mutafakkir allomalarimizning ibratli hayot yo‘llarini o‘rganish, ularning boy ilmiy-ma’naviy merosini keng targ‘ib qilishga har qachongidan ham ko‘proq e’tibor qaratilmoqda. Zotan, insoniyat sivilizatsiyasi rivojiga bebaho hissa qo‘shgan ajdodlarimizning asarlaridagi ezgu g‘oyalar, umuminsoniy qadriyatlar, bag‘rikenglik va mo‘tadillik, ilm-fan, aql va tafakkurning inson hayotidagi o‘rni va ahamiyatiga oid qarashlar yoshlarni komil inson etib tarbiyalash, jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashning muhim omili bo‘lib hisoblanadi.


Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasi o‘laroq tashkil etilgan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari boy tarixiy-madaniy merosimizni o‘rganish va qayta tiklashga xizmat qilmoqda.


Mamlakatimizda buyuk mutafakkir ajdodimiz, aqida ilmi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan Imom Abu Mansur Moturidiy va u asos solgan moturidiylik ta’limotini o‘rganishga alohida ahamiyati berilishi diqqatga sazovordir. Hanuz o‘z dolzarbligini yo‘qotmasdan kelayotgan mazkur ta’limotning bugungi kundagi o‘rni va ahamiyati haqida muhtaram yurtboshimiz: “Moturidiy ta’limoti ilm egallash jarayonida bag‘rikenglik g‘oyasi asosida inson aql-zakovatining o‘rni va ahamiyatiga yuksak e’tibor qaratadi. Bu o‘z navbatida ushbu ta’limotning keng ommalashuvida muhim o‘rin tutgan. Bunday g‘oyalarga bugungi kunda ham insoniyat katta ehtiyoj sezmoqda”, deb ta’kidlagan edi.


So‘nggi kunlarda mamlakatimiz tarixida, xususan, moturidiyshunoslik sohasida yuqorida zikr qilingan ishlarga hamohang bo‘lgan ulkan tarixiy voqelik sodir bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti muhtaram Shavkat Mirziyoyev “Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida” qaror qabul qildi. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, ushbu qaror nafaqat yurtimizda, balki xalqaro miqyosda ham Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotini tizimli hamda ilmiy asosda o‘rganishni yangi bosqichga olib chiqishga zamin yaratadi.  


Unga muvofiq, joriy yilda buyuk ajdodimiz, mutafakkir olim Imom Abu Mansur Moturidiy tavalludining 1155 yilligi mamlakatimizda keng nishonlanadi. Shu munosabat bilan tashkil qilinadigan tadbirlar doirasida Samarqand shahrida “Moturidiylik – bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat ta’limoti” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkillashtirish, xorijlik tadqiqotchilar o‘rtasida moturidiylik ta’limoti bo‘yicha ilmiy tanlov o‘tkazish, olim asarlarining o‘zbek tilidagi ilmiy-izohli akademik tarjimalarini nashr qilish, uning serqirra hayot yo‘li va ilmiy merosining bugungi kundagi ahamiyatini ochib beradigan badiiy-publitsistik film yaratish, esdalik suvenirlari, pochta markalari, taqvimlar va boshqa ko‘rgazmali axborot vositalarini muomalaga chiqarish, Samarqand shahridagi Imom Abu Mansur Moturidiy majmuasini qayta ta’mirlash va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish belgilab olindi.


Mazkur Qarorning qabul qilinishi nafaqat O‘zbekistonda, balki musulmon mamlakatlarida ham katta quvonch bilan kutib olindi. Ta’kidlash lozimki, Qaror yurtimizda Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotini o‘rganishni yanada rag‘batlantirish, bu borada amalga oshirilayotgan ishlarni mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarish, Imom Moturidiy siymosini xalqimizga yanada kengroq tanitishga xizmat qilishi bilan birga, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga alohida mas’uliyat ham yuklaydi. Birinchi navbatda, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotini o‘rganish va keng targ‘ib qilish yuzasidan amalga oshiriladigan ishlar, ilmiy tadqiqot mavzularini Qarorda belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda belgilab, asosiy faoliyat yo‘nalishlarini muvofiqlashtiradi.


Imom Abu Mansur Moturidiy musulmon olamida buyuk mutakallim, qomusiy olim va ulug‘ mutafakkir, moturidiylik ta’limotining asoschisi sifatida keng e’tirof etiladi. U asos solgan moturidiylik ta’limoti paydo bo‘lganidan to hozirgi kunga qadar e’tiqod musaffoligini asrab-avaylash, musulmonlarning jipsligi va birdamligini ta’minlash, islom niqobi ostidagi oqimlarning buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi raddiyalar berishda muhim ilmiy-amaliy ahamiyatga ega bo‘lib kelmoqda. Xususan, turli adashgan oqimlarning g‘oyalariga qarshi naqliy va aqliy dalillar asosida raddiya berish metodologiyasi hamda ma’rifiy asoslarini ishlab chiqqan Imom Moturidiy mazkur xizmatlari uchun “Imom al-huda” – “Hidoyat imomi”, “Musahhih aqida al-muslimin” – “Musulmonlarning aqidasini to‘g‘rilovchi” degan sharafli nomlarga sazovor bo‘lgan. Allomaning Abu Muin Nasafiy, Abu Barakot Nasafiy, Abu Hafs Nasafiy kabi izdoshlari uning yo‘lini munosib davom ettirib, ixtilofli aqidaviy muammolarga ilmiy yechim topish, mo‘tadil ta’limotni odamlar orasida keng tarqatishga ulkan hissa qo‘shganlar.


Imom Moturidiyning mutaassiblikka qarshi kurash metodologiyasi ham naqliy, ham aqliy dalillarga asoslangani sababli buzg‘unchi oqimlar faoliyatiga barham berishda o‘ta samarali bo‘lgan. Ushbu metodologiyaning asosini olimning “Qurolingni ilmda yasa”, degan hikmatli so‘zi tashkil qilgan. Bugungi kunda Imom Moturidiyning ushbu hikmati mamlakatimizda muvaffaqiyatli qo‘llanilayotgan “Jaholatga qarshi ma’rifat” g‘oyasi bilan har tomonlama mushtarak ekanligini ko‘rishimiz mumkin. Umuman olganda, yuqoridagilardan kelib chiqib, Imom Moturidiy hayoti, ilmiy merosi va moturidiylik ta’limotini o‘rganish hamda keng targ‘ib qilish yoshlar tarbiyasida, shuningdek, jamiyatda bag‘rikenglik va mo‘tadillik tamoyillarini qaror toptirib, ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirishda naqadar yuksak ahamiyatga ega ekanligi oydinlashadi.


Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotining o‘rganilishi xususida shuni aytish mumkinki, bugungi kunda Markazda bu borada keng ko‘lamli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Eng birinchi navbatda, Markaz qoshida tashkil qilingan Xalqaro ilmiy hay’at faoliyatini alohida tilga olish zarur. Misr, Turkiya, Iordaniya, Bosniya va Gersegovina, Germaniya, Rossiya, Malayziya kabi mamlakatlarning yetuk olimlari, mahalliy mutaxassislarni o‘z tarkibida jamlagan ushbu Hay’at ilmiy tadqiqot mavzularini mazmunan boyitish va yanada takomillashtirish, Markaz faoliyatini zamonaviy talablar asosida yo‘lga qo‘yishda benazir platforma vazifasini bajarmoqda. Shu bilan birga, Hay’at a’zolari Imom Moturidiy siymosini jahonga tanitishga ham katta hissa qo‘shmoqdalar.


Shuningdek, Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha islom tashkiloti (ICESCO), Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq qilish markazi (IRCICA), Turkiya Islom tadqiqotlari markazi (ISAM), Islom tafakkuri instituti, Saljuq universiteti, Anqara Yildirim Boyazid universiteti, al-Azhar universiteti, Malayziya islom ilmlari universiteti kabi jahonning nufuzli ilmiy va ta’lim muassasalari bilan imzolangan hamkorlikka oid memorandumlar doirasida moturidiylik ta’limoti tarixi va bugungi kundagi ahamiyati, shuningdek, zamonaviy islomshunoslikka oid dolzarb muammolarni hal qilishga qaratilgan konferensiya, seminar, davra suhbatlari va boshqa ilmiy-ma’rifiy tadbirlar muntazam tashkil etib kelinmoqda.


Markaz tomonidan Misrning al-Azhar majmuasi tadqiqotchilari o‘rtasida Imom Moturidiy merosi bo‘yicha xalqaro tanlov o‘tkazildi. Shuningdek, xorijlik tadqiqotchilar uchun Imom Moturidiy nomidagi xalqaro stipendiya joriy qilindi. Bu o‘z navbatida O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ijobiy o‘zgarishlarni jahon hamjamiyatiga yetkazish bilan birga, Markaz faoliyatini ham xorijda keng targ‘ib qilishga xizmat qilmoqda.


Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotiga oid manbalarning o‘zbek tilidagi ilmiy-izohli akademik tarjimalarini yaratish, qo‘lyozmalar asosida ilmiy tanqidiy matnlarini tayyorlash, shu asosda xalqchil risolalarni nashr qilib, aholi, ayniqsa yoshlar orasida moturidiylik ta’limotidagi bag‘rikenglik va mo‘tadillik g‘oyalarini keng targ‘ib qilishga ham alohida e’tibor qaratilayotganligini ta’kidlab o‘tish lozim. Jumladan, o‘tgan yilning o‘zida bugungi kundagi dolzarb muammolarga bag‘ishlangan 40 ga yaqin monografiya, kitob va xalqchil risola chop etildi.


Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risidagi qarorning qabul qilinishi Markaz faoliyatini yangi bosqichga olib chiqishga, uni mahalliy va xalqaro miqyosda kengaytirishga xizmat qiladi. Shu nuqtayi nazardan, ushbu Qaror nafaqat O‘zbekiston, balki xalqaro miqyosdagi moturidiyshunoslik sohasi rivojida muhim o‘rin tutishiga shubha yo‘q.


Jamoliddin Karimov,

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori

O'zbekiston yangiliklari