Sayt test holatida ishlamoqda!
10 May, 2025   |   12 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:37
Quyosh
05:10
Peshin
12:24
Asr
17:22
Shom
19:33
Xufton
21:00
Bismillah
10 May, 2025, 12 Zulqa`da, 1446
Yangiliklar

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga ravoqlarini joylashtirish muhokama qilindi

11.04.2025   4654   1 min.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga ravoqlarini joylashtirish muhokama qilindi

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi binosining kirish qismi uchun yaratilayotgan rang-tasvir asarlarini joylashtirish bo‘yicha muhokama bo‘lib o‘tdi. Unda mas’ul tashkilotlar rahbar va xodimlari, olimlar, san’atshunoslar va din arboblari ishtirok etdi.

 

Uchrashuvda markaz binosidagi 14 ta ravoqdan oxirgi ikkitasi uchun mo‘ljallangan asarlarning tayyorlanish jarayoni muhokama qilindi.

— Bu ikki ravoq juda ajoyib va muhtasham yaratilishi kerak. Biz bugun muhokama qilgan Birinchi va Ikkinchi Renessans davri ravoqlari go‘zal ishlangan, ming yillik tarix va madaniyatimiz, allomalarimiz qiyofasi gavdalangan. Bugun shu ravoqlarning ikkitasi haqida gaplashdik. Demoqchi bo‘lganim, 14 ta ravoqning barchasi bir-birini to‘ldirib borishi va bir butun kompozitsiya yaralishi kerak — dedi, tarix fanlari doktori, professor Jannat Ismoilova.

 

Shuningdek, ishtirokchilar tomonidan Qur’oni Karim zalidan o‘rin oladigan sakkizta gilam masalasi ham ko‘rib chiqildi. Qur’on zaliga qo‘yiladigan gilamlarni Qur’on oyatlarining ketma-ketligi bo‘yicha joylashtirish uchun o‘z maslahatlarini berishdi va ularning mazmun-mohiyatiga alohida to‘xtalishdi.

 

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 29 yanvar kuni ushbu markazga qilgan tashrifi jarayonida bildirilgan fikrlar, mulohazalar va tavsiyalari asosida oxirgi uchta ravoq uchun mo‘ljallangan rang-tasvir asarlarning mavzulari qayta ko‘rib chiqilgan edi.

 

Mazkur asarlarni yaratish uchun maxsus rassomlar guruhi tashkil etilgan bo‘lib, unga O‘zbekiston xalq rassomi, davlat mukofoti sovrindori, akademik Alisher Aliqulov rahbarlik qiladi.

 

Ishning mashaqqatli tomonlaridan biri shundaki, tarixiy shaxslarning qiyofasini yaratishda ilmiy va ijodiy yondashuv talab qilinadi. Nafaqat tashqi qiyofani shakllantirish balki o‘sha davr nafasini berib turadigan san’at asari yaratish lozimligi ta’kidlandi. 

Cisc.uz

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga ravoqlarini joylashtirish muhokama qilindi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga ravoqlarini joylashtirish muhokama qilindi
O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

G‘azabi chiqishining oldini oluvchi kalima

07.05.2025   2838   2 min.
G‘azabi chiqishining oldini oluvchi kalima

Sulaymon ibn Surad roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Ikki kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida so‘kishib qoldi. Ikkisidan birining ko‘zlari qizarib, tomirlari bo‘rtib chiqa boshladi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Men agar u aytsa, undagi bu narsa ketadigan kalimani bilaman. U A’uzu billahi minash-shaytonir rojiymdir», dedilar. Bas, u: «Menda jinnilik bor deb o‘ylaysanmi?» dedi» (To‘rtovlari rivoyat qilishgan).

G‘azabi chiqishining oldini olish niyatida bo‘lgan odam «A’uzu billahi minash-shaytonir rojiym»ni aytib yurmog‘i lozim. Abu Zarr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizga: Sizlardan kimda-kim g‘azablansa, tik turgan bo‘lsa, o‘tirib olsin, g‘azabi ketsa ketdi, bo‘lmasa yonboshlasin, dedilar (Abu Dovud va Ahmad rivoyati).

Albatta, bu ishlarning g‘azabni so‘ndirishi tajribada ham sobit bo‘lgan.

Imom Abu Dovud Abu Voil Ossdan quyidagi rivoyatni keltiradi: «Urva ibn Muhammad Sa’diyning oldiga kirgan edik. Bir odam gapirib, uning g‘azabini qo‘zg‘adi. Shunda u o‘rnidan turib, tahorat qildi. So‘ngra: Otam menga bobom Atiyya roziyallohu anhudan ushbu rivoyatni aytib bergan edi, deb quyidagilarni aytdi: Atiyya Sa’diy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: G‘azab shaytondandir. Shayton esa olovdan yaratilgandir. Olov suv bilan o‘chiriladi. Kimning g‘azabi kelsa, tahorat qilib olsin, dedilar (Abu Dovud rivoyati).

Albatta, mazkur va shunga o‘xshash choralar g‘azabni qaytarish uchun qo‘llaniladigan yordamchi choralardir. G‘azabning asosiy chorasi esa Allohga bo‘lgan iymon, qiyomatdan umidvorlikdir. G‘azabi chiqqan odam darhol Alloh taoloni eslashi, U Zot har bir narsani ko‘rib-bilib turganini va hamma narsani hisob-kitob qilishi shubhasizligini yodga olishi zarur.

Shuningdek, g‘azabni ishga solib yomonlik qilsa, qanday jazo olishini, g‘azabini yutib ortga qaytsa, qanday savoblar olishini o‘ylashi lozim.

Ruhiy tarbiya kitobi asosida tayyorlandi