Uchrashuvda mas’ullar Markaz kutubxonasi fondini mahalliy va xorijiy nashriyotlarda chop etilgan diniy-ma’rifiy, ilmiy-ommabop, zamonaviy adabiyotlar bilan boyitish bo‘yicha fikr-mulohazalarini bayon etdi. Muhokama markaziga diniy-ma’rifiy yo‘nalishdagi eksponatlarning mazmuni, ma’lumotlarning asosli ekanligi, ularni boyitish va takomillashtirish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot markazlaridan mutaxassislarni jalb etish, buyuk ajdodlarimizning madaniy meroslarini ommalashtirish maqsadida ularning ilmiy-ma’rifiy asarlarning qo‘lyozma va nashr nusxalari qo‘rgazmasini tashkil etish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan diniy-ma’rifiy yo‘nalishdagi islohotlar haqida iliq fikrlar aytildi. O‘zbekistondagi xalqaro Islom akademiyasi rektori Markaz ekspozitsiyasini tashkil etishda samarali ishlar amalga oshirilayotgani haqida so‘z yuritdi:
— O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasi bo‘yicha oldimizga ustuvor vazifalar qo‘yilgan edi. Shu topshiriqlar asosida sohalar kesimida samarali ishlar qilinmoqda. Bunda Markaz ekspozitsiyasini boyitishda zamonaviy yondashgan holda ishlar olib borilmoqda. Bunda nodir kitoblar va qo‘lyozmalar ro‘yxati shakllantirilmoqda. Sohaviy yangiliklar va keng jamoatchilikka ma’lum bo‘lmagan manbalarni ekspozitsiya uchun taqdim etishni rejalashtirganmiz. Umuman olganda, Markaz bunyod etilishida hissa qo‘shish – bu katta ishonch va mas’uliyatdir!
Uchrashuvda, shuningdek, Markaz katta ilmiy xodimi Abdushukur Muratov loyihalar bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida o‘z ma’ruzasi bilan qatnashdi, hamkorlar, diniy-ma’rifiy yo‘nalishda viloyatlarda faoliyat yuritayotgan tashkilotlar va hamkorlar onlayn ishtirok etib, mavzu doirasida fikr-mulohazalarini bildirib o‘tdi.
cisc.uz
Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan anjuman doirasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev Misr Vaqf ishlari vaziri Shayx Usoma Azhariy, islom olamidagi nufuzli tashkilot Musulmon donishmandlar kengashi Bosh kotibi Muhammad Abdussalom hamda Ozarbayjon diniy tashkilotlar bilan ishlash qo‘mitasi raisi Ramin Alamshah o‘g‘li Mamedov bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Muloqotlarda Prezidentimiz tashabbuslari bilan yurtimizda vijdon va e’tiqod erkinligini ta’minlash, diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish, diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik hamda allomalar merosini tadqiq etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuqori baholandi. Shuningdek, mazkur yo‘nalishlarda alohida qonun, qaror va maxsus farmonlar qabul qilingani, jamiyatimizda turli diniy konfessiyalar vakillari orasida ahil-inoqlik yanada mustahkamlangani va mo‘min-musulmonlar toat-ibodat qilishi uchun keng imkoniyatlar taqdim etilgani alohida qayd etildi.
Martabali mehmonlar davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik yil sayin rivoj topib borayotganini ta’kidlashdi. Bugungi murakkab davrda mana shunday xalqaro hamkorlik, o‘zaro tajriba almashish va anjumanlar tashkil etishning ahamiyati katta ekaniga urg‘u qaratildi.
Uchrashuvda tomonlar ilmiy tadqiqot, diniy ta’lim, zamonaviy fatvolar ishlab chiqish, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish va diniy soha xodimlari malakasini oshirish kabilarda hamkorlik qilishni kengaytirishga kelishdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati