Ilm yo‘lida yurganlarga yordam – Qur’on va sunnat nurida
Ilm – bu insoniyat taraqqiyotining asosi bo‘lib, dinimiz esa bu haqiqatni har jihatdan yuksak darajada ta’kidlab keladi. Islom dini ilmni nafaqat maqtaydi, balki uni talab qilishni har bir musulmon erkak va ayolga vojib deb sanaydi. Ayniqsa, ilm talab qilayotgan kishilarga yordam berish, ularni qo‘llab-quvvatlash, yo‘llarini ochish va ularga yengillik yaratish – bu faqat insoniylik emas, balki ibodatning o‘zidir. Ushbu maqolada Qur’on oyatlari, hadisi shariflar va ulamolar hikmatlari asosida bu mavzu chuqurroq tahlil qilinadi.
Qur’oni karimda ilm ahliga ehtirom
“Agar har bir jamoatdan bir guruh chiqib, dinni o‘rganib kelsa va o‘z qavmlarini ogohlantirsa, ehtimolki, ular (gunohlardan) saqlanurlar edi” (Tavba surasi, 122-oyat).
Bu oyat ilm talab qilishning ijtimoiy va diniy mas’uliyat ekanligini ochiq-oydin ifodalaydi. Dinni chuqur tushunadigan kishilar jamiyatning ma’naviy ustunidir. Ularning tayyorgarligi uchun sharoit yaratish – bu jamoaning iymoniga dalolatdir. Har bir musulmon ilm ahlini rag‘batlantirishi, moddiy-ma’naviy yordam berishi bu oyat asosida shar’iy mas’uliyat bo‘lib qoladi.
“Ayting: bilganlar bilan bilmaganlar teng bo‘lurmi? Faqat aql egalari ibrat olurlar” (Zumar surasi, 9-oyat).
Alloh taolo ilm egalarining darajasini ulug‘lab, ularni bilmaganlardan ajratmoqda. Bu oyat, ilm egasini qadrlashni, unga xizmat qilishni va unga yordam ko‘rsatishni Allohning marhamatiga yaqinlashtiradigan amallardan biri deb anglashga undaydi.
Hadisi shariflar: Ilm yo‘lida yurganlarga jannat yo‘li ochiladi
“Kim ilm talab qilish yo‘liga tushsa, Alloh unga jannat sari yo‘lni oson qiladi” (Imom Muslim rivoyati).
Bu hadis ilm yo‘lida yurgan kishini qo‘llab-quvvatlagan har bir insonni jannat yo‘lining sheriklaridan biri bo‘lishi mumkinligini bildiradi. Ilm oluvchiga suv olib berish, kitob olib berish, yo‘l xarajatiga yordam berish, hatto unga duolar qilish ham bu yo‘lga xizmat qilishdir.
“Agar Alloh bir kishiga yaxshilikni xohlasa, uni dinni tushunishga muvaffaq qiladi” (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).
Bu hadisda Allohning bir bandaga bergan eng katta ne’matlaridan biri – ilmga rag‘batdir. Shunday insonlarni qo‘llab-quvvatlash, Alloh irodasini bajarayotganday ajr olib keladi.
Talaba – Allohning roziligini istayotgan banda. Unga yordam – bu rozilik sari qo‘l cho‘zishdir.
Ulamolar hikmatlarida:
Imom Shofe’iy rahimahulloh: “Ilm talab qiluvchiga xizmat qilish Allohga ibodat qilishdir”.
Bu so‘zlar ilmga xizmat qilishning darajasini aniq belgilaydi. Bu faqat odamga emas, balki Allohga qilinayotgan xizmat sifatida baholanadi.
Ibn Qayyim Javziyya rahimahulloh: “Ilm egalarini ko‘tarish, ularga yo‘l ochish – jamiyatning yuksalishi uchun zamin yaratadi”.
Ilm ahli yordam olmasa, jamiyat zaiflashadi. Ularning ilm olishiga, rivojlanishiga, xizmat qilishiga yordam berish jamiyatning taraqqiyotiga xizmatdir.
Ilm yo‘lida harakat qilayotgan kishilar – bu ummatning kelajak poydevoridir. Ularga yordam berish, ularga xizmat qilish, ularni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish – Qur’on va Sunnat ko‘rsatmasidir. Har birimiz bu yo‘lda hissa qo‘shsak, Alloh huzurida ajru savob olamiz va oxiratda ilm bilan do‘stlashganlardan bo‘lamiz, inshaAlloh.
Xulosa qilib aytganda “Ilm egasiga berganing – Allohga berganingdir!” bu so‘zlar har bir musulmon qalbiga yozilishi kerak.
Anvar XUJAXANOV,
Toshkent Islom instituti talabasi.
Joriy yil 2025 yil 13-23 aprel kunlari Iordaniya vaqflar, Islomiy ishlar va Muqaddas ziyoratgohlar vazirligi podshoh Abdulloh II nomidagi Voizlar tayyorlash va malakasini oshirish institutida navbatdagi o‘quv bo‘lib o‘tmoqda. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi mas’ul xodimi Yorqin domla Jumabayev ishtirok etmoqda.
Ta’kidlash lozimki, Ammon murojaatnomasining mazmuni 200 dan ortiq musulmon ulamolar hamda 50 dan ortiq mamlakatdan kelgan bayonotlar bilan umumiylashtirildi.
Murojaatnomada insonlar orasidagi o‘zaro hurmat va tinchlikni saqlash muhimligiga e’tibor qaratilgan. Bu hujjat islomda murosa va birlikka chaqiruvchi muhim qadam bo‘lib, musulmonlar orasida o‘zaro hurmat va yordamni ta’minlash uchun ishlatilgan g‘oyalardan biri hisoblanadi. Ushbu 2025 yilgi malaka oshirish kursi 46-davra hisoblanadi.
Ma’lumot o‘rnida Ammon murojaatnomasi 2004 yil 9 noyabrda (Ramazon) Iordaniya podshohi Abdulloh II tomonidan Islom dunyosida yaxshilik, o‘zaro hurmat va birlikni ta’kidlab e’lon qilingan. Har yili "Ammon murojaatnomasi" va uning mazmunini yetkazish bo‘yicha voizlar malakasini oshirish kurslari tashkil etib kelinadi.
O‘tgan yillarda o‘tkazilgan malaka oshirish kurslarida musulmon dunyosining 20 dan ortiq davlatdan vakillar ishtirok etgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati