Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Aprel, 2025   |   18 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
04:18
Quyosh
05:42
Peshin
12:28
Asr
17:07
Shom
19:07
Xufton
20:26
Bismillah
16 Aprel, 2025, 18 Shavvol, 1446
Yangiliklar

11.04.2025   1985   1 min.
Dunyo yangiliklari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Kuchingiz yetsa-da, aslo zulm qilmang!

16.04.2025   16   3 min.
Kuchingiz yetsa-da, aslo zulm qilmang!

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Hayotingiz davomida biror kishiga zulm qilmang!
Agar siz ota bo‘lsangiz, farzandlaringizga zulm qilmang!
Bordi-yu, siz rahbar bo‘lsangiz, qo‘l ostingizdagilarga zulm qilmang!
Katta bo‘lsangiz, kichiklarga zulm qilmang!

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mazlumning duosidan ogoh etib, bunday deganlar: “Mazlumning duosidan saqlaninglar, garchi  u kofir bo‘lsa ham. Chunki uning duosi to‘siqsizdir”[1].

Yana boshqa bir hadisda aytadilar: “Musulmon musulmonga birodardir. Unga zulm ham qilmaydi va (zulm qarshisida uni ) tashlab ketmaydi ham”[2].

Umar ibn Abdulaziz bir vakiliga: “Agar qudrating inson zotiga zulm qilishga undasa, Alloh taoloning ustingda soya solib turgan qudratini yodga olgin”, deya maktub yozgan edilar.

Muoviya roziyallohu anhu aytadilar: “Allohdan o‘zga madadkori bo‘lmagan kishiga zulm qilishdan hayo qilaman”.

Najoshiy aytadi: “Saltanat kufr birla yashamog‘i mumkin, ammo uning zulm bilan boqiy qolishi amrimahol”.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Mazlumning badduosidan ehtiyot bo‘ling! Chunki uning duosi bulutlar uzra ko‘tariladi. Alloh taolo: “Izzatim va jalolim haqqi, birozdan keyin bo‘lsa-da, senga, albatta, nusrat beraman”[3], deydi».


Shoir aytadi:

Zulm etma, bo‘lsang-da olam aro zo‘r,
Razolat so‘ngida nadomat bisyor.
Sen uyqu bag‘rida yotganingda hur,
Mazluming qarg‘agay ko‘zlari bedor.

Abu Mas’ud Badriy roziyallohu anhu aytadi: «Men qulimni qamchi bilan urayotgan edim. Ortimdan kimningdir “Bilgin, ey Abu Mas’ud” degan ovozini eshitdim. Achchiqlanib turganim uchunmi, bu gapni yaxshi anglamadim. Menga yaqinlashgan paytda qarasam, u Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ekanlar. U zot bunday derdilar: “Bilgin, ey Abu Mas’ud, bilib qo‘y, ey Abu Mas’ud”. Men qo‘limdagi qamchini tashlab yubordim. U zot: “Bilginki, sening mana bu qulga bo‘lgan qudratingdan ko‘ra, Alloh taolo sening ustingda qudratliroqdir”. Men: “Endi hech qachon qullarimni urmayman”, dedim. Hadisning boshqa rivoyatida: “O‘girilib qarasam Rasululloh sollallohu alayhi vasallam turgan ekanlar. Men shu zahoti: “Ey Allohning Rasuli, u Allohning yo‘lida ozoddir”, dedim.

Shunda Nabiy alayhissalom: “Mabodo shunday qilmaganingda, seni do‘zax yondirardi”[4], dedilar.

Siz ham qo‘l ostingizdagilarni urishdan saqlaning va yaqinlaringizdan biror kishiga zulm qilishdan ehtiyot bo‘ling.

Shoir aytadi:

Kishiga og‘irdur xanjar tig‘idan,
Olgan jarohati eng yaqinidan.

Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” 
nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.

 


[1]  Imom  Buxoriy, Imom Muslim rivoyati.
[2]  Imom Buxoriy rivoyati.
[3]  Ibn Abu Xaysama rivoyati.
[4]  Imom Muslim rivoyati.

 

 

Maqolalar