Bismillahir Rohmanir Rohiym
Gohida sehr va ko‘z tegishi orqali ham bandaga musibat yetadi. Shuning uchun musulmon odam mazkur ikki narsadan saqlanish yo‘llarini yaxshi bilib olishi kerak. Bulardan saqlanish muolaja qilishdan ko‘ra osonroqdir. Sehr va ko‘z tegishidan saqlanish bir necha uslublar bilan amalga oshadi:
1. Tavhid orqali ruhni tetiklashtirish.
2. Borlikdagi barcha narsaning tasarrufini faqat Alloh taoloning O‘zi qilishiga iymon keltirish.
3. Yaxshiliklarni ko‘p qilish.
4. Sehrgarligi va ko‘zi borligi bilan mashhur bo‘lgan odamlardan uzoqda bo‘lish.
5. Allohdan sehr va ko‘z tegishidan panoh so‘rab, kerakli duo va zikrlarni o‘qib yurish.
6. Mazkur duo va zikrlar haq ekani va ularning foydasi borligiga iymon keltirish. Mazkur iymon qancha kuchli bo‘lsa, ta’sir ham shunchalik kuchli bo‘ladi.
7. Mazkur duo va zikrlarni aytganda qalbning hozir bo‘lishi. Chunki g‘ofil qalb bilan qilingan duo qabul bo‘lmaydi.
8. Kunduzgi duo va zikrlar bomdod namozidan so‘ng, kechkilari asr namozidan keyin aytiladi.
9. Oyatul Kursiy, Baqara surasining oxirgi ikki oyati, Ixlos, Falaq va An-Nas suralarini sehr va ko‘z tegishidan saqlanish uchun o‘qiladi. Boshqa duolar va zikrlar ushbu kitobning tegishli joyida kelgan.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf.
Kecha, 6 may kuni Buxoro shahridagi Mir Arab oliy madrasasida “Yilning eng yaxshi islom tarixi o‘qituvchisi” musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, viloyat bosh imom-xatibi, Mir Arab oliy madrasasi rektori Jobir domla Elov, hay’at a’zolari, ta’lim muassasalari rahbarlari, pedagog-o‘qituvchilar ishtirok etdi.
Musobaqa davomida ishtirokchilar 4 ta shart bo‘yicha bahs olib bordi. Ularning chiqishini malakali hakamlar hay’ati baholab bordi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra quyidagilar g‘olib deb topildi:
1-o‘rin: “Sayyid Muhyiddin maxdum” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi Muhammadyahyoxon Mahmudov 1-darajali diplom, “Haj” safari yo‘llanmasi va smart televizor bilan mukofotlandi.
2-o‘rin: Toshkent islom instituti o‘qituvchisi Xalilulloh Yusupov, 2-darajali diplom, “Umra” safari yo‘llanmasi va smart televizor bilan taqdirlandi.
3-o‘rin: Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi Sanjar Berdiyevga 3-darajali diplom va zamonaviy muzlatgich taqdim etildi.
Tanlovning qolgan 10 nafar ishtirokchisiga faxriy yorliq va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Aytish joizki, ushbu tanlov O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari pedagog-o‘qituvchilari o‘rtasida har yili o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati