Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Bu yigit yoshligida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga va ota-onaga muhabbat qo‘yishning oliy namunasini ko‘rsatgan. U Islomga kirganini e’lon qilish va musulmon yoshlardan biri sifatida Alloh yo‘lida kurashish istagida Rasululloh bilan uchrashishga intiq edi. Bir kuni ushbu niyatini amalga oshirishni maqsad qildi. Masjidga bordi va u yerni muhojir va ansorlar bilan to‘la ekanini ko‘rdi. Ular Habiblari sollallohu alayhi vasallamni tinglayotgan edilar. U borib, safning orqarog‘iga, yoshlar va o‘smirlar bilan birga o‘tirdi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam so‘zlarini yakunlab tashqariga yura boshladilar. Sahobalar masjid tashqarisiga qadar yo‘llarida turishdi. Shu payt Talha ibn Baro Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga yaqinlashdi. So‘ngra qo‘llarini mehr, muhabbat bilan o‘pa boshladi va: «Men Talha ibn Baro ibn Umayrman. Sizning yoningizga Islomga kirishga, bay’at olgani keldim... O‘zingiz yaxshi ko‘rgan narsani menga amr eting. Sizga biron ishda itoatsizlik, osiylik qilmayman...», deyardi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qo‘llarini o‘pib, bay’at so‘rayotgan yigitchaga qaradilar va yelkasiga qoqib: «Senga ota-onangdan aloqangni uzasan deb buyursam, bajarasanmi?», deb so‘radilar.
Boshqa rivoyatda:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga: «Bor otangni o‘ldirib kel» dedilar. U darhol amalga oshirish uchun yurganida, uni ortga qaytarganlar», deb keladi.
Talha: «Yo‘q», dedi. Chunki unga kuchli mehr ko‘rsatuvchi, chuqur muhabbat bilan sevuvchi onasi bor edi. U ota-onasiga oq bo‘lishni tasavvur qilolmasdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga yuqoridagi savolni takrorladilar. Talha ichida rad qildi. Lekin uchinchi marta savol takrorlanganda, u «ha», dedi. Chunki uning Rasulullohga bo‘lgan muhabbati ota-onasiga bo‘lgan muhabbatdan ko‘ra kuchli edi... Balki ushbu hadisi sharif shunday insonlar haqidadir.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Sizdan birortangiz men unga ota-onasidan, bolasidan va odamlarning hammasidan mahbubroq bo‘lmagunimcha mo‘min bo‘la olmaydi», dedilar (Imom Buxoriy va Muslim rivoyat qilgan.
Talha uchinchi marotabasida «ha», deganida Rasululloh tabassum qildilar va: «Ey Talha, bizning dinimizda qarindosh-urug‘lar bilan aloqani uzish yo‘qdir. Men faqatgina diningda shubha aralashishini istamadim», dedilar...
Lekin o‘lim unga Alloh yo‘lida jang qilishidan avval yetdi. U qattiq kasal bo‘lib qoldi va bu qish fasli edi... U bir hushidan ketar, bir o‘ziga kelardi... Rasululloh solllallohu alayhi vasallamga uning xastaligi xabari yetdi. U zot kelib ko‘rdilar va ahliga qarab: «Talhaning joni uziladiganga o‘xshaydi. Agar vafot qilsa menga xabar beringlar va (dafn etishga) shoshilinglar. Toki mo‘min kishini (vafot etgach) ahli oldida tutib turish yaxshi emas», dedilar.
Yarim tunda Talha uyg‘onib ketdi. Yaqinlaridan: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam meni ko‘rgani keldilarmi?», deb so‘radi. Ular u zotning so‘zlarini xabarini berishdi. Shunda Talha roziyallohu anhu: «Yo‘q, men o‘lsam Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga xabar bermanglar. Men (tunda yursalar) u zotga yahudiylar (biron yomonlik qilishi)dan qo‘rqaman. Yana biron zararli hasharot chaqib olishidan qo‘rqaman... Yoki biron musibat yetishidan qo‘rqaman... Lekin u zotga mening salomimni aytinglar... So‘ngra, u zotdan men uchun istig‘for so‘rashlarini aytinglar», dedi. Keyin esa asta-sekin nafas olib-chiqarib, xotirjamlik va sokinlik bilan ikki shahodat kalimalarini takrorlay boshladi...»
Talha ibn Baro hatto o‘lim soatida ham... Faqat Rasululloh sollallohu alayhi vasallam haqlarida o‘ylardi.. U zotga biron ziyon yetishidan qo‘rqardi... Shu sababdan ham, garchi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga so‘nggi bor nazar solishlarini umid qilgan bo‘lsa-da, u zotning ishtiroklarisiz qabrga qo‘yilishini istadi. Chunki uning qalbidagi Payg‘ambar sevgisi har qanday xohishdan kuchliroq, har qanday rag‘batdan ustunroq edi.
Talhaning oilasi uni tong otishidan avval qabrga qo‘ydilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam namozga chiqqanlarida u zotga Talhaning vafot etgani xabarini yetkazishdi. U zot bomdod namozini ado etib, as’hoblari bilan uning qabri yoniga kelishdi va atrofida saf tortishdi. So‘ngra qo‘llarini ko‘tarib: «Allohumma alqi Tolhata, tazhaku ilayhi va yazhaku ilayka».
Allohim, Talhani Sen unga kulgan holda va u Senga kulgan holda qarshi olgin!», deya duo qildilar.
Alloh va Rasuliga bo‘lgan muhabbatning go‘zal namunalarini ko‘rsatgan yosh sahobiyning hayoti shu tarzda yakun topdi. U o‘zining ortidan bu dunyoda muhabbat, yaxshilik va vafoning xush bo‘ylarini qoldirib ketdi.
Abdulmun’im Qandil
Izoh: Ushbu yosh ansoriyning qissasi Izzuddin ibn Asirning «Asadul g‘oyati fiy ma’rifatus sahoba» asarida va yana Bag‘oviy, ibn Haysama, ibn Abu Osim va ibn Shahinlar ham keltirganlar. Bularning ba’zilarini Abu Dovud rivoyat qilgan.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda mutafakkir allomalarimizning ibratli hayot yo‘llarini o‘rganish, ularning boy ilmiy-ma’naviy merosini keng targ‘ib qilishga har qachongidan ham ko‘proq e’tibor qaratilmoqda. Zotan, insoniyat sivilizatsiyasi rivojiga bebaho hissa qo‘shgan ajdodlarimizning asarlaridagi ezgu g‘oyalar, umuminsoniy qadriyatlar, bag‘rikenglik va mo‘tadillik, ilm-fan, aql va tafakkurning inson hayotidagi o‘rni va ahamiyatiga oid qarashlar yoshlarni komil inson etib tarbiyalash, jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashning muhim omili bo‘lib hisoblanadi.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasi o‘laroq tashkil etilgan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari boy tarixiy-madaniy merosimizni o‘rganish va qayta tiklashga xizmat qilmoqda.
Mamlakatimizda buyuk mutafakkir ajdodimiz, aqida ilmi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan Imom Abu Mansur Moturidiy va u asos solgan moturidiylik ta’limotini o‘rganishga alohida ahamiyati berilishi diqqatga sazovordir. Hanuz o‘z dolzarbligini yo‘qotmasdan kelayotgan mazkur ta’limotning bugungi kundagi o‘rni va ahamiyati haqida muhtaram yurtboshimiz: “Moturidiy ta’limoti ilm egallash jarayonida bag‘rikenglik g‘oyasi asosida inson aql-zakovatining o‘rni va ahamiyatiga yuksak e’tibor qaratadi. Bu o‘z navbatida ushbu ta’limotning keng ommalashuvida muhim o‘rin tutgan. Bunday g‘oyalarga bugungi kunda ham insoniyat katta ehtiyoj sezmoqda”, deb ta’kidlagan edi.
So‘nggi kunlarda mamlakatimiz tarixida, xususan, moturidiyshunoslik sohasida yuqorida zikr qilingan ishlarga hamohang bo‘lgan ulkan tarixiy voqelik sodir bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti muhtaram Shavkat Mirziyoyev “Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida” qaror qabul qildi. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, ushbu qaror nafaqat yurtimizda, balki xalqaro miqyosda ham Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotini tizimli hamda ilmiy asosda o‘rganishni yangi bosqichga olib chiqishga zamin yaratadi.
Unga muvofiq, joriy yilda buyuk ajdodimiz, mutafakkir olim Imom Abu Mansur Moturidiy tavalludining 1155 yilligi mamlakatimizda keng nishonlanadi. Shu munosabat bilan tashkil qilinadigan tadbirlar doirasida Samarqand shahrida “Moturidiylik – bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat ta’limoti” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkillashtirish, xorijlik tadqiqotchilar o‘rtasida moturidiylik ta’limoti bo‘yicha ilmiy tanlov o‘tkazish, olim asarlarining o‘zbek tilidagi ilmiy-izohli akademik tarjimalarini nashr qilish, uning serqirra hayot yo‘li va ilmiy merosining bugungi kundagi ahamiyatini ochib beradigan badiiy-publitsistik film yaratish, esdalik suvenirlari, pochta markalari, taqvimlar va boshqa ko‘rgazmali axborot vositalarini muomalaga chiqarish, Samarqand shahridagi Imom Abu Mansur Moturidiy majmuasini qayta ta’mirlash va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish belgilab olindi.
Mazkur Qarorning qabul qilinishi nafaqat O‘zbekistonda, balki musulmon mamlakatlarida ham katta quvonch bilan kutib olindi. Ta’kidlash lozimki, Qaror yurtimizda Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotini o‘rganishni yanada rag‘batlantirish, bu borada amalga oshirilayotgan ishlarni mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarish, Imom Moturidiy siymosini xalqimizga yanada kengroq tanitishga xizmat qilishi bilan birga, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga alohida mas’uliyat ham yuklaydi. Birinchi navbatda, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotini o‘rganish va keng targ‘ib qilish yuzasidan amalga oshiriladigan ishlar, ilmiy tadqiqot mavzularini Qarorda belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda belgilab, asosiy faoliyat yo‘nalishlarini muvofiqlashtiradi.
Imom Abu Mansur Moturidiy musulmon olamida buyuk mutakallim, qomusiy olim va ulug‘ mutafakkir, moturidiylik ta’limotining asoschisi sifatida keng e’tirof etiladi. U asos solgan moturidiylik ta’limoti paydo bo‘lganidan to hozirgi kunga qadar e’tiqod musaffoligini asrab-avaylash, musulmonlarning jipsligi va birdamligini ta’minlash, islom niqobi ostidagi oqimlarning buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi raddiyalar berishda muhim ilmiy-amaliy ahamiyatga ega bo‘lib kelmoqda. Xususan, turli adashgan oqimlarning g‘oyalariga qarshi naqliy va aqliy dalillar asosida raddiya berish metodologiyasi hamda ma’rifiy asoslarini ishlab chiqqan Imom Moturidiy mazkur xizmatlari uchun “Imom al-huda” – “Hidoyat imomi”, “Musahhih aqida al-muslimin” – “Musulmonlarning aqidasini to‘g‘rilovchi” degan sharafli nomlarga sazovor bo‘lgan. Allomaning Abu Muin Nasafiy, Abu Barakot Nasafiy, Abu Hafs Nasafiy kabi izdoshlari uning yo‘lini munosib davom ettirib, ixtilofli aqidaviy muammolarga ilmiy yechim topish, mo‘tadil ta’limotni odamlar orasida keng tarqatishga ulkan hissa qo‘shganlar.
Imom Moturidiyning mutaassiblikka qarshi kurash metodologiyasi ham naqliy, ham aqliy dalillarga asoslangani sababli buzg‘unchi oqimlar faoliyatiga barham berishda o‘ta samarali bo‘lgan. Ushbu metodologiyaning asosini olimning “Qurolingni ilmda yasa”, degan hikmatli so‘zi tashkil qilgan. Bugungi kunda Imom Moturidiyning ushbu hikmati mamlakatimizda muvaffaqiyatli qo‘llanilayotgan “Jaholatga qarshi ma’rifat” g‘oyasi bilan har tomonlama mushtarak ekanligini ko‘rishimiz mumkin. Umuman olganda, yuqoridagilardan kelib chiqib, Imom Moturidiy hayoti, ilmiy merosi va moturidiylik ta’limotini o‘rganish hamda keng targ‘ib qilish yoshlar tarbiyasida, shuningdek, jamiyatda bag‘rikenglik va mo‘tadillik tamoyillarini qaror toptirib, ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirishda naqadar yuksak ahamiyatga ega ekanligi oydinlashadi.
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotining o‘rganilishi xususida shuni aytish mumkinki, bugungi kunda Markazda bu borada keng ko‘lamli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Eng birinchi navbatda, Markaz qoshida tashkil qilingan Xalqaro ilmiy hay’at faoliyatini alohida tilga olish zarur. Misr, Turkiya, Iordaniya, Bosniya va Gersegovina, Germaniya, Rossiya, Malayziya kabi mamlakatlarning yetuk olimlari, mahalliy mutaxassislarni o‘z tarkibida jamlagan ushbu Hay’at ilmiy tadqiqot mavzularini mazmunan boyitish va yanada takomillashtirish, Markaz faoliyatini zamonaviy talablar asosida yo‘lga qo‘yishda benazir platforma vazifasini bajarmoqda. Shu bilan birga, Hay’at a’zolari Imom Moturidiy siymosini jahonga tanitishga ham katta hissa qo‘shmoqdalar.
Shuningdek, Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha islom tashkiloti (ICESCO), Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq qilish markazi (IRCICA), Turkiya Islom tadqiqotlari markazi (ISAM), Islom tafakkuri instituti, Saljuq universiteti, Anqara Yildirim Boyazid universiteti, al-Azhar universiteti, Malayziya islom ilmlari universiteti kabi jahonning nufuzli ilmiy va ta’lim muassasalari bilan imzolangan hamkorlikka oid memorandumlar doirasida moturidiylik ta’limoti tarixi va bugungi kundagi ahamiyati, shuningdek, zamonaviy islomshunoslikka oid dolzarb muammolarni hal qilishga qaratilgan konferensiya, seminar, davra suhbatlari va boshqa ilmiy-ma’rifiy tadbirlar muntazam tashkil etib kelinmoqda.
Markaz tomonidan Misrning al-Azhar majmuasi tadqiqotchilari o‘rtasida Imom Moturidiy merosi bo‘yicha xalqaro tanlov o‘tkazildi. Shuningdek, xorijlik tadqiqotchilar uchun Imom Moturidiy nomidagi xalqaro stipendiya joriy qilindi. Bu o‘z navbatida O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ijobiy o‘zgarishlarni jahon hamjamiyatiga yetkazish bilan birga, Markaz faoliyatini ham xorijda keng targ‘ib qilishga xizmat qilmoqda.
Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotiga oid manbalarning o‘zbek tilidagi ilmiy-izohli akademik tarjimalarini yaratish, qo‘lyozmalar asosida ilmiy tanqidiy matnlarini tayyorlash, shu asosda xalqchil risolalarni nashr qilib, aholi, ayniqsa yoshlar orasida moturidiylik ta’limotidagi bag‘rikenglik va mo‘tadillik g‘oyalarini keng targ‘ib qilishga ham alohida e’tibor qaratilayotganligini ta’kidlab o‘tish lozim. Jumladan, o‘tgan yilning o‘zida bugungi kundagi dolzarb muammolarga bag‘ishlangan 40 ga yaqin monografiya, kitob va xalqchil risola chop etildi.
Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risidagi qarorning qabul qilinishi Markaz faoliyatini yangi bosqichga olib chiqishga, uni mahalliy va xalqaro miqyosda kengaytirishga xizmat qiladi. Shu nuqtayi nazardan, ushbu Qaror nafaqat O‘zbekiston, balki xalqaro miqyosdagi moturidiyshunoslik sohasi rivojida muhim o‘rin tutishiga shubha yo‘q.
Jamoliddin Karimov,
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori