Sayt test holatida ishlamoqda!
30 Aprel, 2025   |   2 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:53
Quyosh
05:22
Peshin
12:25
Asr
17:16
Shom
19:22
Xufton
20:45
Bismillah
30 Aprel, 2025, 2 Zulqa`da, 1446

Rasululloh ﷺ meni ko‘rgani keldilarmi?

14.04.2025   3626   5 min.
Rasululloh ﷺ meni ko‘rgani keldilarmi?

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Bu yigit yoshligida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga va ota-onaga muhabbat qo‘yishning oliy namunasini ko‘rsatgan. U Islomga kirganini e’lon qilish va musulmon yoshlardan biri sifatida Alloh yo‘lida kurashish istagida Rasululloh bilan uchrashishga intiq edi. Bir kuni ushbu niyatini amalga oshirishni maqsad qildi. Masjidga bordi va u yerni muhojir va ansorlar bilan to‘la ekanini ko‘rdi. Ular Habiblari sollallohu alayhi vasallamni tinglayotgan edilar. U borib, safning orqarog‘iga, yoshlar va o‘smirlar bilan birga o‘tirdi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam so‘zlarini yakunlab tashqariga yura boshladilar. Sahobalar masjid tashqarisiga qadar yo‘llarida turishdi. Shu payt Talha ibn Baro Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga yaqinlashdi. So‘ngra qo‘llarini mehr, muhabbat bilan o‘pa boshladi va: «Men Talha ibn Baro ibn Umayrman. Sizning yoningizga Islomga kirishga, bay’at olgani keldim... O‘zingiz yaxshi ko‘rgan narsani menga amr eting. Sizga biron ishda itoatsizlik, osiylik qilmayman...», deyardi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qo‘llarini o‘pib, bay’at so‘rayotgan yigitchaga qaradilar va yelkasiga qoqib: «Senga ota-onangdan aloqangni uzasan deb buyursam, bajarasanmi?», deb so‘radilar.

Boshqa rivoyatda:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga: «Bor otangni o‘ldirib kel» dedilar. U darhol amalga oshirish uchun yurganida, uni ortga qaytarganlar», deb keladi.

Talha: «Yo‘q», dedi. Chunki unga kuchli mehr ko‘rsatuvchi, chuqur muhabbat bilan sevuvchi onasi bor edi. U ota-onasiga oq bo‘lishni tasavvur qilolmasdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga yuqoridagi savolni takrorladilar. Talha ichida rad qildi. Lekin uchinchi marta savol takrorlanganda, u «ha», dedi. Chunki uning Rasulullohga bo‘lgan muhabbati ota-onasiga bo‘lgan muhabbatdan ko‘ra kuchli edi... Balki ushbu hadisi sharif shunday insonlar haqidadir.

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Sizdan birortangiz men unga ota-onasidan, bolasidan va odamlarning hammasidan mahbubroq bo‘lmagunimcha mo‘min bo‘la olmaydi», dedilar (Imom Buxoriy va Muslim rivoyat qilgan.

Talha uchinchi marotabasida «ha», deganida Rasululloh tabassum qildilar va: «Ey Talha, bizning dinimizda qarindosh-urug‘lar bilan aloqani uzish yo‘qdir. Men faqatgina diningda shubha aralashishini istamadim», dedilar...

Lekin o‘lim unga Alloh yo‘lida jang qilishidan avval yetdi. U qattiq kasal bo‘lib qoldi va bu qish fasli edi... U bir hushidan ketar, bir o‘ziga kelardi... Rasululloh solllallohu alayhi vasallamga uning xastaligi xabari yetdi. U zot kelib ko‘rdilar va ahliga qarab: «Talhaning joni uziladiganga o‘xshaydi. Agar vafot qilsa menga xabar beringlar va (dafn etishga) shoshilinglar. Toki mo‘min kishini (vafot etgach) ahli oldida tutib turish yaxshi emas», dedilar.

Yarim tunda Talha uyg‘onib ketdi. Yaqinlaridan: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam meni ko‘rgani keldilarmi?», deb so‘radi. Ular u zotning so‘zlarini xabarini berishdi. Shunda Talha roziyallohu anhu: «Yo‘q, men o‘lsam Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga xabar bermanglar. Men (tunda yursalar) u zotga yahudiylar (biron yomonlik qilishi)dan qo‘rqaman. Yana biron zararli hasharot chaqib olishidan qo‘rqaman... Yoki biron musibat yetishidan qo‘rqaman... Lekin u zotga mening salomimni aytinglar... So‘ngra, u zotdan men uchun istig‘for so‘rashlarini aytinglar», dedi. Keyin esa asta-sekin nafas olib-chiqarib, xotirjamlik va sokinlik bilan ikki shahodat kalimalarini takrorlay boshladi...»

Talha ibn Baro hatto o‘lim soatida ham... Faqat Rasululloh sollallohu alayhi vasallam haqlarida o‘ylardi.. U zotga biron ziyon yetishidan qo‘rqardi... Shu sababdan ham, garchi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga so‘nggi bor nazar solishlarini umid qilgan bo‘lsa-da, u zotning ishtiroklarisiz qabrga qo‘yilishini istadi. Chunki uning qalbidagi Payg‘ambar sevgisi har qanday xohishdan kuchliroq, har qanday rag‘batdan ustunroq edi.

Talhaning oilasi uni tong otishidan avval qabrga qo‘ydilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam namozga chiqqanlarida u zotga Talhaning vafot etgani xabarini yetkazishdi. U zot bomdod namozini ado etib, as’hoblari bilan uning qabri yoniga kelishdi va atrofida saf tortishdi. So‘ngra qo‘llarini ko‘tarib: «Allohumma alqi Tolhata, tazhaku ilayhi va yazhaku ilayka».

Allohim, Talhani Sen unga kulgan holda va u Senga kulgan holda qarshi olgin!», deya duo qildilar.

Alloh va Rasuliga bo‘lgan muhabbatning go‘zal namunalarini ko‘rsatgan yosh sahobiyning hayoti shu tarzda yakun topdi. U o‘zining ortidan bu dunyoda muhabbat, yaxshilik va vafoning xush bo‘ylarini qoldirib ketdi.

Abdulmun’im Qandil

Izoh: Ushbu yosh ansoriyning qissasi Izzuddin ibn Asirning «Asadul g‘oyati fiy ma’rifatus sahoba» asarida va yana Bag‘oviy, ibn Haysama, ibn Abu Osim va ibn Shahinlar ham keltirganlar. Bularning ba’zilarini Abu Dovud rivoyat qilgan.

Boshqa maqolalar
Maqolalar

O‘zbekistonda Imom Moturidiy ilmiy merosiga yuksak e’tibor qaratilmoqda

28.04.2025   4262   3 min.
O‘zbekistonda Imom Moturidiy ilmiy merosiga yuksak e’tibor qaratilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori jahon ilmiy jamoatchiligi, ayniqsa turkiy davlatlarda alohida quvonch va xursandchilik bilan kutib olinmoqda.

Jumladan, turkiyalik moturidiyshunos olim va mutaxassislar ushbu tashabbusni tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan muhim qaror sifatida baholamoqdalar. Anqara Yildirim Boyazid universiteti professori, doktor Ahmad Yildirim tomonidan e’lon qilingan maqola fikrimizning yorqin dalili bo‘la oladi. Maqolada yurtboshimiz qabul qilgan mazkur qaror buyuk mutafakkir ajdodlarimizning boy ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, qayta tiklash va uni jahon hamjamiyatiga tanitish yo‘lidagi muhim qadam sifatida e’tirof etilgan.

Maqolada Imom Moturidiyning islom tafakkuri tarixida tutgan o‘rni alohida ta’kidlangan. Unda bayon etilishicha, Imom Moturidiy ilmiy merosi bugungi globallashuv davri muammolarini hal etishda muhim o‘rin tutadi. Imom Moturidiy o‘z davrida nafaqat diniy, balki falsafiy, axloqiy va ijtimoiy masalalarni ham qamrab olgan mukammal tizimni yaratgan. Moturidiylik ta’limoti asosan aql va hikmatga tayangan holda, insonning axloqiy mas’uliyatiga urg‘u qaratadi.  

Ahmad Yildirimning ta’kidlashicha, Imom Moturidiyning hikmatga asoslangan tafakkur tizimi bugungi kun odami hayotdan ma’no izlash jarayonida duch kelishi mumkin bo‘lgan muammolarga ham yechim bera oladi. Maqolada e’tirof etilgan so‘zlar e’tiborga molik: “Imom Moturidiyning bugungi kunimiz uchun ham ahamiyatli bo‘lgan qarashlarini yanada chuqurroq o‘rganish, ularni yuzaga chiqarib, insoniyat taraqqiyotiga safarbar qilish lozim. Shundan kelib chiqqan holda maxsus tadqiqotlar zarurligi ayni haqiqatdir. Mana shuni anglagan holda O‘zbekistonda 2025 yil Imom Moturidiyning 1155 yilligini nishonlash yili deb e’lon qilindi”.

Shuningdek, Ahmad Yildirim O‘zbekiston Prezidentining “Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq amalga oshiriladigan ishlar, jumladan, “Moturidiylik – bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat ta’limoti” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazish, talabalar o‘rtasida moturidiylik ta’limoti bo‘yicha musobaqa va davra suhbatlarini tashkil etish, moturidiylik allomalari hayoti va ilmiy merosiga oid xorijiy mamlakatlarda saqlanayotgan noyob qo‘lyozma va boshqa madaniy boyliklarni aniqlash hamda ularning nusxalarini O‘zbekistonga olib kelish kabi tadbirlarni ham alohida e’tirof etgan.

Ahmad Yildirim o‘z maqolasini quyidagicha yakunlaydi: “O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylarining oqilona rahbarligi hamda 2025 yilda Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini nishonlashga oid qarori ortidan Movarounnahrda Islom sivilizatsiyasi tarixini o‘zgartirgan allomalarning avvalgi safida turuvchi Imom Moturidiyni xotirlash va uning fikrlarini qayta jonlantirish, yosh avlodni adashgan mutaassib oqimlar tuzog‘iga tushib qolishining oldini olish, shuningdek, insoniyatga bugungi kunda odamlar o‘tmishdagidan ko‘ra ko‘proq muhtoj bo‘lgan tinchlik, bag‘rikenglik va yuksak ishonch madaniyatini taqdim etadigan yangi Islom sivilizatsiyasi binosini barpo etish yo‘lida yana bir muhim qadam qo‘yilgan bo‘ladi”.

O‘zA

MAQOLA