Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Ummu Salama roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qachon subh namozini o‘qisalar:
اللهُمَّ إِنِّي أَسْأَلُكَ عِلْمًا نَافِعًا وَعَمَلاً مُتَقَبَّلاً وَرِزْقًا طَيِّبًا
"Allohumma inniy asaluka ’ilman nafi’an va ’amalan mutaqobbalan va rizqon toyyiban", deb aytar edilar».
Ma’nosi: Allohim, Sendan foydali ilm, qabul bo‘luvchi amal, pok rizq so‘rayman (Imom Ahmad, Ibn Moja va Ibn Sunniy rivoyati).
Imom Navaviyning «Al-Azkor» kitobidan
Ajdodlarimizning muqaddas xotirasini yod etib, ezgu ishlarini davom ettirish, safimizda yurgan keksalarni e’zozlash – odamiylikning oliy mezoni va xalqimizga xos azaliy qadriyat ekanligining dalolatidir.
9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining tashabbuslari doirasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida xizmat qilib, nafaqaga chiqqan bir guruh faxriylar holidan xabar olindi.
Ziyorat davomida Diniy idora tizimida uzoq yillar samarali mehnat qilgan, yoshlarga ibrat bo‘lgan ustozlar uylariga borilib, ularga ehtirom bildirildi. Hadyalar ulashildi.
Shu bilan birga, shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, Abdurashid qori Bahromov, Usmonxon domla Alimov, Abdurazzoq hoji Yunusov, Anvar qori Tursunov kabi marhum ulug‘larimizning xonadonlariga borilib, oila ahllari holidan xabar olindi.
Shuningdek, bunday tadbirlar joylardagi vakilliklar tomonidan ham amalga oshirilib, hech kim e’tibordan chetda qolmadi. Bunday tadbirlar orqali Islom dinida o‘tganlar xotirasiga ehtirom, tiriklarni qadrlash, ustozlar o‘gitlaridan bahramand bo‘lish kabi xayrli an’analar bardavom bo‘ladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati