Sankt-Peterburgdagi mashhur Ermitaj muzeyida og‘irligi 11,2 tonna keladigan ulkan tosh saqlanmoqda. Bu oddiy tosh emas. U Sohibqiron Amir Temur davriga, ya’ni Temuriylar sulolasi hukmronlik qilgan buyuk bir davrga oid tarixiy yodgorlikdir.
Ushbu tosh 1937 yili O‘zbekiston hududida joylashgan Ulug‘ tog‘da topilgan. Uning yuziga epitafiya – yodgorlik matni o‘yib yozilgan bo‘lib, u Sohibqiron Amir Temurning Dashti-Qipchoqga qilgan mashhur yurishiga bag‘ishlangan.
Matnda bunday deyiladi: “793 hijriy sana, ya’ni qo‘y yili, yoz oyida Turon sultoni Temurbek 200 minglik qo‘shin bilan To‘xtamishxonga qarshi yurishga otlandi. U shu yerga yetib kelgach, ushbu yodgorlikni o‘rnatdi. Alloh zafar bersin, insha Alloh. Alloh insonlarga rahm aylasin, bizlarni duolarida eslashsin”.
Bu yodgorlik nafaqat harbiy zafarni, balki Amir Temurning o‘z xalqi va kelajak avlodlar oldidagi mas’uliyati hamda islomiy qadriyatlarga sadoqatini ham namoyon qiladi.
Ulug‘tog‘ tog‘larida Amir Temur o‘z lashkarini joylashtirgan va ushbu xotiratoshni o‘rnatishga qaror qilgan. Askarlar tosh yig‘ishgan, mahalliy ustalar esa toshga tarixiy matnni o‘yib yozganlar. Bu harakat sohibqiron Amir Temurning har bir yutug‘i zamirida qadriyat, xotira va ibrat qoldirish istagi borligini ko‘rsatadi.
Ermitaj muzeyida nafaqat ushbu tosh balki Temuriylar davriga oid boshqa noyob eksponatlar ham bor. Ular orasida: “Mironshoh Amir Temurning o‘g‘li nomiga tayyorlangan xrizolit muhri, Temuriy ayollarining buyuk namoyandalaridan biri”, Gavharshod begimga tegishli nefrit uzuk hamda boshqa ko‘plab tarixiy ashyolar bor.
Bu kabi yodgorliklar nafaqat tarixiy axamiyatga ega, balki buyuk ajdodlarimiz qoldirgan ma’naviy merosning yorqin namunasidir.
I.Ahmedov tayyorladi.
Imom Buxoriy majmuasi nafaqat O‘zbekiston, balki butun islom olami uchun ulug‘ va muqaddas qadamjolardan biri hisoblanadi.
Hazrat Imom Buxoriydek buyuk muhaddis nomi bilan bog‘liq ushbu majmua bugun yurtimizning eng yirik ma’naviy va madaniy markazlaridan biriga aylangan. Har kuni minglab ziyoratchilar bu yerga kelib, ajdodlar merosi, ma’rifat va muqaddas tarix bilan yuzlashmoqda.
Majmua nafaqat ziyoratgoh, balki xalqimizning boy ma’naviy merosi, milliy me’morchiligi va islom sivilizatsiyasidagi o‘rnini namoyon etuvchi noyob madaniy ob’yektdir. Uni barpo etish uchun katta mehnat, yuksak mahorat va qimmatbaho qurilish materiallari sarf etilgan. Shu bois bu qutlug‘ maskanni asrab-avaylash har birimiz uchun muhim vazifadir.
Yaqinda Madaniy meros agentligi tomonidan ayrim ziyoratchilarning majmua hududida beparvo munosabatda bo‘layotgani haqida ma’lumot berildi. Ayrim holatlarda ustunlar, ayvonlar va muzey eksponatlariga ehtiyotsiz munosabatda bo‘lish, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlash kabi holatlar kuzatilmoqda. Bu esa nafaqat ziyoratgoh ko‘rkiga, balki uning ma’naviy muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Bu holat barchamizni sergaklikka chaqirishi kerak. Zero, muqaddas qadamjoga kelgan inson avvalo o‘zini munosib tutishi, tozalik va tartib-qoidalarga amal qilishi lozim. Chunki ziyoratgoh — oddiy sayrgoh emas. Bu yerda asrlar nafasi, buyuk ajdodlar ruhi va ma’rifat ziyosi mujassam.
Tozalik esa inson madaniyatining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri. Islom ta’limotida ham poklikka alohida ahamiyat berilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom “Tozalik — iymonning yarmidir”, deya ta’kidlaganlar. Demak, ziyoratgoh hududida ozodalikni saqlash nafaqat fuqarolik burch, balki ma’naviy mas’uliyat hamdir.
Ayniqsa, chet ellik mehmonlar O‘zbekiston haqidagi ilk taassurotni aynan shunday muqaddas maskanlar orqali oladi. Agar ziyoratgoh ozoda, tartibli va fayzli bo‘lsa, bu xalqimizning yuksak madaniyati va ma’naviyatini namoyon etadi. Aksincha, beparvolik va tartibsizlik mamlakatimiz nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Yosh avlodni ziyoratgoh madaniyati ruhida tarbiyalash ham muhim ahamiyatga ega. Bolalar kattalardan ibrat oladi. Agar ota-ona muqaddas joyda tartibga amal qilsa, ehtiyotkor bo‘lsa, farzand ham shu ruhda tarbiya topadi. Shu bois har bir inson o‘z harakati bilan boshqalarga namuna bo‘lishi kerak.
Imom Buxoriy majmuasi — millatimiz g‘ururi va ma’naviy boyligi. Uni asrash, tozaligini saqlash va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish har bir insonning vijdoniy burchidir. Ziyoratgohlarga bo‘lgan munosabatimiz orqali biz o‘z madaniyatimiz, ma’naviyatimiz va ajdodlar merosiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etamiz.
Asliddin Mustafoyev, majmua axborot xizmati rahbari.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati