Sayt test holatida ishlamoqda!
19 Aprel, 2025   |   21 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
04:13
Quyosh
05:37
Peshin
12:27
Asr
17:09
Shom
19:10
Xufton
20:30
Bismillah
19 Aprel, 2025, 21 Shavvol, 1446
Yangiliklar

Ruhiy tarbiya ustozi

15.04.2025   2531   4 min.
Ruhiy tarbiya ustozi

Xotira

Buyuk vatandoshimiz Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarini nafaqat Markaziy Osiyo davlatlari musulmonlari, ayni paytda butun Islom olami yuksak ehtirom bilan tilga oladi. Misrlik olim, Qur’on hofizi “al-Azhar” universiteti mudarrisi Shayx Abdulloh Husayn Sha’lon marhum Shayx hazrat haqida maqola yozib, nashr ettirdi.


Bugun – 15 aprel Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohning ham tavallud topgan, ham boqiy duyonga rihlat qilgan kunlari. Shu munosabat bilan  Shayx Abdulloh Husayn Sha’lon yozgan maqolani tarjima qilib, siz azizlarga ham ilindik.

***

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari umrini ilm o‘rganish va o‘rgatishga bag‘ishlagan mujtahid ulamolardan. U kishi ilm va taqvoda yuksak martabaga erishdi. Ilmni amal bilan, fikrni suluk bilan uyg‘unlashtirdi.


Fazilatli Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining shaxsiyatiga oid muhim xususiyatlardan biriga men u zotning tarjimayi hol va faoliyatini o‘rganish asnosida amin bo‘ldim. Hazrat ruhiy tarbiyaga va nafsni poklashga juda katta ahamiyat bergan. Bu ustozning darslari, ma’ruzalari va kitoblarida yaqqol namoyon bo‘lgan. Zero, inson ruhiy tarbiyasiz, nafsni yengmasdan turib to‘g‘ri yo‘lda bo‘lolmaydi, ulug‘ daraja hosil qilolmaydi.


Chunonchi, ruhiy tarbiya ruhni poklaydi, nafsni tozalaydi. Shu bois Islom muntazam ravishda ruhiy tarbiya bilan mashg‘ul bo‘lishga buyurgan. Alloh taolo Shams surasida bunday marhamat qiladi: «(Mazkurlar bilan qasamyod etamanki) haqiqatan, uni (nafsni) poklagan kishi najot topur va u (nafs)ni (gunohlar bilan) ko‘mib, xorlagan kimsa esa (Allohning rahmatidan) noumid bo‘lur!» (9–10-oyatlar).


Islomda ruhiy tarbiya – nafsni poklashdan maqsad sargardon ruhdan Alloh taoloni tanuvchi, U Zotga bandalikni bekamu ko‘st ado etuvchi ruhga aylanishdir. Shundan kelib chiqib, ruhiy tarbiya har bir shaxs kundalik amaliga aylanishi zarur.


Fazilatli Shayx Muhammad Sodiq bu yo‘lda tinimsiz harakat qilib, xalqni, yurtdoshlarini ruhiy tarbiyaga da’vat qildi. U kishi Movarounnahrning har bir o‘lkasida shu ishni amalga oshirdi. Ko‘p yillar har jabhada – diniy, axloqiy, madaniy va mafkuraviy jihatdan – kommunistlar ta’siri ostida bo‘lgan, hozir istiqlol nashidasini surayotgan xalq uchun ruhiy tarbiya juda kerak bo‘lgan bir paytda yashab, dinga xizmat qilib o‘tdi.


Shayx hazratlari ruhiy tarbiya faqat ilm, so‘ngra amal bilan ro‘yobga chiqishini chuqur anglagan. U kishi jiddu jahd qilib, muborak da’vatlari asnosida Alloh taolo ato etgan ilm, hikmat va basirat bilan ilmni keng yoydi. Bu jarayon “diniy savodxonlikni oshirish” deb bildi. Chunki yaratilish (fitrat)ning go‘zalligi kamolotni, salohiyatni taqozo etadi. Uning yo‘llari najotga eltadi. Hazrat shu zahmatli yo‘lda tinim bilmadi.


Darslarida ham, ma’ruzalarida ham shariat ilmi va ruhiy tarbiya omuxtaligi uzilmay kelgan. Da’vati ta’sirli, yurish-turishi, xulq-atvori barchaga o‘rnak, mohir murabbiy, hassos mutafakkir, insonlar qalbidan joy olgan ulug‘ alloma edi.


Shayx rahimahulloh muallifligida bitilgan kitoblarga kelsak, u kishi uch jilddan iborat “Ruhiy tarbiya”, “Tasavvuf haqida tasavvur”, “Zuhd va hayo”, besh jilddan iborat “Xislatli hikmatlar sharhi”, “Islom ma’naviy jinoyatlarga qarshi”, “Islom va poklik” kabi asarlarni ta’lif etgan. Boshqa asarlari ham ruhiy tarbiyadan xoli bo‘lmagan holda shariat ishlari muolajasiga bag‘ishlangan.


Shayx hazrat bu xizmatlari bilan Markaziy Osiyo mintaqasidagi musulmonlarning ruhiy-ma’naviy jihatdan yuksalishiga juda katta hissa qo‘shdi. Alloh taolodan u zotni buyuk mukofot bilan siylashini so‘raymiz. Omin!

 

Shayx Abdulloh Husayn SHA’LON,

“Al-Azhar” universitetining Qur’on,

qiroatlar va Qur’on ilmlari ustozi.

O‘zbek tiliga Tolibjon NIZOM o‘girdi.

 

 

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

O‘zbekistonda Imom Moturidiyning 1155 yillik yubileyi keng nishonlanmoqda

18.04.2025   3989   9 min.
O‘zbekistonda Imom Moturidiyning 1155 yillik yubileyi keng nishonlanmoqda

Allohga hamd, payg‘ambarlarning so‘nggisi Muhammad alayhissalom va zotning oila a’zolari hamda safdoshlariga salovatu salomlar bo‘lsin. Darhaqiqat, Imom Abu Mansur Moturidiy Samarqandiy Movarounnahr zaminida yashab ijod qilgan va shu yerda mangu qaror topgan musulmon olamining benazir allomalaridan biridir.

Uning ilmiy merosi va ta’limoti to bugunga qadar bardavom bo‘lib kelmoqda. Hatto bu ta’limot, Imom Ash’ariy ta’limoti bilan birga, bugungi kunda ahli sunna val-jamoa deb tanilgan musulmonlarning to‘qson foizini tashkil etadi. Moturidiylikka mansub musulmonlar esa ahli sunnaning qariyb teng yarmidan iborat. 

Movarounnahr diyori islom olamining yetuk allomalari voyaga yetadigan muborak zamin bo‘lgan. Xususan, Buxoro va Samarqand kabi mo‘tabar shaharlari o‘z davrida jahon ziynati, odamlarni o‘ziga ohanrabodek tortgan ilm-fan va olimlarning qarorgohi bo‘lib, ilmga tashna inson borki dunyoning turli burchaklaridan bu o‘lkaga uning olimlari ichra murodini hosil qilish uchun safar qilar edi. Kim naql ilmi – ya’ni hadis va rivoyatlarni istasa, Imom Buxoriy va Imom Termiziy singari muhaddislar bor. Kim aql va mantiqiy ilmlarga talabgor bo‘lsa, u Moturidiy, Nasafiy, Sobuniy, Sig‘noqiy va Peshog‘ariy kabi mutafakkirlarni topardi. Tilshunoslik, tafsir va adabiyotshunoslik ilmlarini izlaganlar Zamaxshariy va uning maktabidan, falsafa va hikmat ilmi talabidagilar esa Forobiy, Ibn Sino va boshqa zotlardan bahra olishar edi.Har bir talabgor bu diyorda o‘z istagini topgani uchun ham Samarqand “Ilm Ka’basi” – nomini olgan. Insonlarning qalblari Allohning Baytini tavof qilsa, ularning aqllari Samarqand atrofida parvonadek charx urar edi.

Shu bois o‘zbek xalqi o‘zining ulug‘ olimlari bilan faxrlanadi va ularni islom ilmlari sohasining barcha yo‘nalishlarida ko‘rsatgan buyuk xizmatlari uchun e’zozlaydi. O‘zbekiston hukumati o‘zbek xalqining orzu-istaklarini ro‘yobga chiqarishga vazifador bo‘lgan. Buni biz Yangi O‘zbekiston Prezidentining bu ulug‘ yurtdan chiqqan yetuk olimlarga ko‘rsatgan e’tibor va e’tirofida yaqqol ko‘rib turibmiz.

O‘zbekiston rahbariyati xalqqa uning milliy o‘zligi va islom sivilizatsiyasini qaytarishni maqsad qildi. Davlat rahbari “Yangi O‘zbekiston” va “Jaholatga qarshi ma’rifat” shiorlarini ilgari surdi. Hech qaysi millat o‘zining teran ildizlari va asoslarisiz zamonaviylik va sivilizatsiya pog‘onalarida yuksalib, taraqqiy etolmaydi. Shuning uchun ham bu yurt olimlari ulkan hissa qo‘shgan islom ilmlarini qaytarish – taraqqiyot uchun zarurat va yuksalishning asosiy shartlaridan biri hisoblanadi.

Prezident o‘z rahbarligi davrida amalga oshirgan dastlabki ishlaridan biri – ilmiy-tadqiqot markazlarini tashkil etish bo‘ldi. Bular orasida Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy  nomlari bilan atalgan markazlar alohida o‘rin tutadi. Shuningdek, poytaxt Toshkent shahrida, mazkur yurtning islom madaniyati va insoniyat tafakkuriga qo‘shgan hissasini namoyon etuvchi O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi markazi tashkil etildi.

Ushbu yo‘nalishda yana bir muhim qadam – islom olami ulamolari bilan fikr almashish bo‘ldi. Bu maqsadda o‘nlab ilmiy anjumanlar tashkil etildi. Ular islomiy ilmlarning aqliy va naqliy yo‘nalishlarini chuqur o‘rganish, ularning mazkur yurt taraqqiyotiga qanday hissa qo‘sha olishi va mamlakatni yanada yuksaltirishdagi o‘rnini belgilashga qaratilgan edi. Bu orqali O‘zbekiston nafaqat islom olamida, balki butun dunyoda ilmiy-ma’naviy yetakchiga aylanishi ko‘zda tutilgan.

Qolaversa, ushbu yo‘nalishda tashkil etilgan eng muhim anjumanlardan biri – 2020 yilda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro ilmiy konferensiya bo‘ldi. Unda dunyoning turli mamlakatlaridan yuzdan ortiq islom ulamolari ishtirok etdi. Anjumanda al-Azhar shayxi, doktor Ahmad Tayyib ham qatnashdi. Mazkur anjumanning muhim tavsiyalaridan biri – Imom Moturidiy nomidagi ilmiy markazni tashkil etish bo‘ldi. Bu markaz moturidiylik ulamolari merosini tadqiq etish, ularni keng jamoatchilikka tanitish va ilmiy meroslaridan foydalanish maqsadida ilm nurini sochuvchi maskan sifatida faoliyat yuritishi nazarda tutildi.

Markaz tomonidan o‘zbek va arab tillarida o‘nlab kitoblar nashr etildi. Ularning eng muhimlari – “Ta’vilot al-Qur’on”, Imom Moturidiyning “Kitob at-Tavhid” va “Risolatun fi at-tavhid” asarlarining arab tilidagi ilmiy matni va o‘zbek tilidagi tarjimalari bo‘ldi. 

Shuningdek, Markaz tomonidan ilmiy maqolalarni o‘z ichiga olgan va islomshunoslik hamda moturidiylik ta’limotlariga bag‘ishlangan olim va mutaxassislar tadqiqotlarini chop etuvchi ilmiy-tahliliy choraklik “Moturidiylik” jurnali ta’sis etildi. Markaz xalqaro miqyosda ko‘plab anjuman va ilmiy uchrashuvlar o‘tkazdi. Uning qoshida islom olamining turli mintaqalaridan yetuk olimlar va mutaxassislardan iborat xalqaro ilmiy kengash faoliyat olib bormoqda.

Sanab o‘tilgan muhim bosqichlardan keyin, joriy yilda Imom Abu Mansur Moturidiy tavalludining yubileyi nishonlanmoqda. Shu munosabat bilan uning ilmiy va aqidaviy merosini qayta yodga olish hamda qadrlash davlat va jamiyat hayotida muhim o‘rin tutmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan yuksak ehtirom bilan qabul qilingan qarorga muvofiq, Imom Abu Mansur Moturidiy tavalludining 1155 yilligini nishonlashga davlat darajasida e’tibor qaratilmoqda. Ushbu qarorga asosan turli davlat idoralari va tashkilotlari hamkorligida bir qator tadbirlar o‘tkazilishi belgilangan. Eng muhim voqealardan biri – 2025 yili Samarqand shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan xalqaro konferensiya bo‘lib, unga islom olamining yetakchi ulamolari hamda islomshunoslik sohasida faoliyat yurituvchi mashhur sharqshunos olimlar ishtirok etishidir. Mazkur anjuman Imom Moturidiyning islom olamidagi yuksak maqomini munosib tarzda yoritishni ko‘zlab, “Moturidiylik – bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat ta’limoti” mavzusida o‘tkaziladi.

Shuningdek, tadbirlar doirasida quyidagi yo‘nalishlarda bir qator tanlovlar va madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan:

– xorijlik tadqiqotchilar o‘rtasida moturidiylik ta’limoti bo‘yicha ilmiy tanlov;

– O‘zbekistonning diniy ta’lim muassasalari barcha bosqich talabalari o‘rtasida Imom Moturidiy ta’limotiga bag‘ishlangan tanlov;

– imom-xatiblar va islom ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida moturidiylik ta’limoti va manbalari yuzasidan musobaqalar.

Shu qatorda, O‘zbekiston bo‘ylab tanlov g‘oliblari ishtirokida madaniy-ma’rifiy uchrashuvlar, o‘quv-seminarlar va targ‘ibot tadbirlari tashkil etiladi.

Bundan tashqari,  Imom Moturidiyning “Ta’vilot al-Qur’on” va “Kitob at-Tavhid” asarlari hamda moturidiylik ta’limotini tanishtiruvchi boshqa muhim asarlarning o‘zbek va boshqa tillardagi ilmiy-akademik tarjimalari nashr etilishi rejalashtirilgan.

Sanab o‘tilganlardan tashqari, yubiley sanasini muhrlovchi esdalik buyumlari, Imom Moturidiy va moturidiylik ulamolarining hayoti va ilmiy merosi bilan bog‘liq noyob manbalarni tizimli o‘rganish, ularning nusxalarini O‘zbekistonga olib kelish va tahlil qilish, yuksak sifatli media mahsulotlar, hujjatli filmlar va audiovizual materiallar tayyorlash, ularni mahalliy va xalqaro ommaviy axborot vositalarida, internet va ijtimoiy tarmoqlarda keng targ‘ib qilish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilishi belgilandi.

Eng quvonarlisi, Prezident qarorining Imom Abu Mansur Moturidiy maqbarasi joylashgan Samarqanddagi Chokardiza ziyoratgohi  qayta ta’mirlanib, obodonlashtirilishi, bu joy yaxlit kompozitsiyaga ega yodgorlik majmuasiga aylantirilishi xususidagi bandi bo‘lib, barchamiz uzoq kutgan bu yangilik qalbimizga betakror farah baxsh etdi...

Bu yurtda yangi bir ruhiyat ufurib turibdi. Bu ruhiyat hozirgi zamonni o‘tmish bilan bog‘laydi, kelajakni bunyod etishga safarbar etadi. Bu – ilm va ma’rifat qudrati, fikr va aql quvvati, taraqqiyot va tamaddun kuchi, birlik va bag‘rikenglik kuchi, qalb va axloq kuchi, ta’sir va bunyodkorlik kuchidir. Bu yangi ruh – milliy ildizlarga suyangan holda taraqqiyotga yo‘l ochuvchi, chuqur va teran bir tafakkurning ifodasidir. Chunki, har qanday tamaddunning poyasi madaniyatdir. 

Millat o‘z tamaddunini qadrlamas ekan, yuksalmaydi. O‘z tafakkurini, qadriyatlarini boy manba sifatida dunyoga taklif eta olmas ekan, u har tarafdan o‘zlashtirishga muhtoj bo‘lib qoladi. Ammo bizda dunyoni boyitishga qodir fikr, madaniyat va kuch mavjud.

Ajdodlar qoldirgan ilm va madaniyat omonati yosh avlod qalbiga ilg‘or tarzda singdirilishi va o‘z tarixidan faxrlanish ruhida tarbiyalanishi zarur. Prezident qarori va uning ila amalga oshiriladigan ishlar aynan shu maqsadga xizmat qiladi.

Alloh har bir bunyodkor qo‘lni, har bir oqilona qarorni va har bir avlodni ulug‘ ajdodlar bilan bog‘layotgan so‘zni xayrli qilsin – shoyadki, ular o‘z buyuk o‘tmishlarini qayta tiklab, insoniyat karvonini yana ma’rifat, mo‘tadillik, bag‘rikenglik sari boshlab bora olgaylar!

Doktor Ahmad Sa’d Damanhuriy,
moturidiyshunos olim.

O‘zA

MAQOLA