Odatda odam bir natija ko‘rsatsa, nimagadir erishsa bunda o‘zining kuch va imkoniyatlari, harakatlarini birlamchi sanay boshlaydi va shunda xatoga yo‘l qo‘yadi. Holbuki, Allohning fazlisiz hech kim hech bir narsaga ega bo‘la olmaydi.
UFC chempioni Joze Aldo 10 yil mobaynida hecham yengilmagan. Lekin Ligada yangi jangchi bilan urushganida esa 13 sekundda nokautga uchragan.
Krishtianu Ronaldo eng cho‘qqiga chiqqan edi. Lekin Liga chempionatida gol ura olmadi.
Yugurish bo‘yicha rekordchi Useyn Bolt finalda oyog‘i qayrilib, finishga yetib bora olmagan.
Mashhur Mixael Shumaxer esa oyog‘ini sindirib olib, chempionatni o‘tkazib yuborgan.
Afsonaviy shaxmatchi Robert Fisher hayotidagi eng muhim o‘yinda yosh bola qiladigan xatoga yo‘l qo‘yib, yutqazgan...
Demak, hayotda nima bo‘lishidan qat’iy nazar esda tuting: nasibada borini olasiz. Harakat va urinishlar sabablar, xolos.
Shunday ekan, har ishga siqilmang. Allohga suyaning. Hammasini Uning amridan, deb biling! Adashib, uloqib ketishdan panoh tilang. Zotan, inson baribir ojizdir.
Alloh taolo Haj surasining 73-oyatida bunday misol keltiradi: “...bir pashshani yarata olmaslar, agar pashsha ulardan biror narsani tortib olsa, uni undan ayirib ololmaslar”. Rostdan ham, bir pashsha chaqsa, uni tutishga, bizdan olganini qaytarib olishga qodir emasmiz. Bas, Rabbimizga tayanib, o‘zimizni, ishlarimizni havola qilib yashaylik, azizlar! Ishoning, bu eng ulug‘ saodatdir.
Akbarshoh Rasulov
Yurtimizda barcha sohalar qatori diniy-ma’rifiy soha rivojiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar xalqimizning ma’naviy hayotida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, Toshkent shahrida Islom sivilizatsiyasi markazining tashkil etilishi hamda Samarqandda muhaddislar sultoni Imom Buxoriy hazratlari nomi bilan bog‘liq majmuaning ochilishi bu sohadagi ulkan ishlardan dalolat beradi. Bu kabi bunyodkorlik va ma’rifiy tashabbuslar milliy va diniy merosimizni asrab-avaylash, uni keng targ‘ib etishda muhim ahamiyatga ega.
Ayni paytda, diniy sohada amalga oshirilayotgan islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish, ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish va ular bilan o‘zaro fikr almashishga ham katta e’tibor qaratilmoqda. Shu bilan birga, O‘zbekistondagi bag‘rikenglik, diniy bag‘rikeng muhit va ma’rifiy yondashuvni xalqaro maydonda keng targ‘ib etish ishlari ham izchil amalga oshirilmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, diniy sohada xalqaro hamkorlik tobora yuksalib, yangi mazmun bilan boyib bormoqda.
Ana shunday sa’y-harakatlar doirasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiligidagi delegatsiya Shvetsiya davlatida bo‘lib qaytdi. Mazkur tashrif doirasida xorijiy hamkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan yangiliklar, islohotlar va erishilayotgan yutuqlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Tashrif davomida Shvetsiyadagi masjidlar faoliyati bilan yaqindan tanishildi. O‘zaro muloqotlar jarayonida O‘zbekistondagi masjidlar faoliyati, ularda olib borilayotgan ma’rifiy ishlar, aholi bilan ishlash tajribasi haqida ham atroflicha ma’lumotlar taqdim etildi. Bu esa xorijlik hamkorlarda katta qiziqish uyg‘otib, o‘zaro tajriba almashish imkoniyatlarini yanada kengaytirdi.
Ayniqsa, yurtimizda amalga oshirilayotgan “inson qadri uchun” tamoyilining amaliy natijalari xalqaro miqyosda ham o‘z ifodasini topayotgani alohida ta’kidlandi. Tashrif doirasida muftiy hazrat boshchiligidagi delegatsiya a’zolari Shvetsiyada yashayotgan vatandoshlar bilan ham uchrashuv o‘tkazdilar. Samimiy muloqotlar davomida ularning hol-ahvoli so‘ralib, ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, milliy va diniy qadriyatlarga sodiq qolish masalalari muhokama qilindi.
Shubhasiz, bunday xalqaro tashriflar nafaqat o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga, balki yurtimizning diniy-ma’rifiy salohiyatini dunyoga tanitish, milliy qadriyatlarimizni targ‘ib etish va tajriba almashishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu esa O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini yanada oshirishga xizmat qiladi. Alloh taolo barcha ishlarimizni xayrli va barakali bo‘lishini nasib qilsin!
Ubaydulloh Abdullayev,
Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi
Ulamolar kengashi a’zosi