Sayt test holatida ishlamoqda!
08 May, 2025   |   10 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:40
Quyosh
05:12
Peshin
12:25
Asr
17:20
Shom
19:31
Xufton
20:57
Bismillah
08 May, 2025, 10 Zulqa`da, 1446

Beshinchisi bo‘lmang, halok bo‘lasiz!

16.04.2025   5425   3 min.
Beshinchisi bo‘lmang, halok bo‘lasiz!

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Alloh alaqdan yaratgan insonning birinchi muallimi Alloh jalla jaloluhuning O‘zidir. Alloh unga qalam bilan ilm bergan, bilmagan narsasini o‘rgatgan.

Alloh subhanahu va taolo Muhammad sollallohu alayhi vasallamni ummiylarga va boshqalarga muallim qildi. U zot ularga Kitobni va hikmatni – Qur’on va sunnati mutohharani o‘rgatdi. Bu haqiqat Qur’oni Karimda quyidagicha ifodalanadi:

«U ummiylarga ularning ichidan Uning oyatlarini o‘qib beradigan va ularni poklaydigan hamda ularga Kitobni va hikmatni o‘rgatadigan Rasulni yuborgan Zotdir. Holbuki, ular ilgari ochiq-oydin zalolatda edilar. Va ulardan hali ularga qo‘shilmagan boshqalarga ham. Va Uning O‘zi azizdir, hakimdir» (Juma surasi, 2–3-oyatlar).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ummatlariga Kitob va hikmatni o‘rgatdilar, chunki bu ikkisi barcha ummatni saodatga yetaklovchi ilohiy vahiydir. Bu ikkisi asosiy maqsad bo‘lsa, boshqa ilmlar unga eltuvchi vositadir.

Oyati karimalarning nozil bo‘lishiga, ularning nozil bo‘lishiga sabab bo‘lgan voqealariga zamondosh bo‘lgan qavm fiqh, usuli fiqh deb atalgan ilmlarga muhtoj bo‘lmagan. Chunki ular Qur’onning tilini yaxshi tushunishgan, shariatni joriy qilish jarayonidagi voqea-hodisalar bilan birga yashashgan. Ayni paytda, biror muammoga duch kelib qolishsa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bevosita murojaat qilishgan. Siyrat va siyar, ya’ni g‘azot ahkomlari ilmiga kelsak, bu ilmlarning qahramonlari ularning o‘zlari bo‘lishgan, voqealarning bevosita ishtirokchilari bo‘lishgan. Shuningdek, ular arab tili ilmiga ham behojat bo‘lishgan, chunki ular shu tilning egalari, yuksak balog‘at sohibi bo‘lishgan. Bu avlod zamon taqozosi o‘tgan ulamolarimizni majbur qilgan mantiq va bahs-munozara ilmi kabi aqliy ilmlarga ham muhtoj bo‘lmagan.

Xullas, ular Kitob va Sunnat ilmidan boshqa ilmga muhtoj bo‘lishmagan. Alloh taolo Nabiy sollallohu alayhi vasallamga topshirgan vazifalar mana shu edi: «Va senga odamlarga nozil qilingan narsani o‘zlariga bayon qilib berishing uchun Zikrni nozil qildik» (Nahl surasi, 44-oyat).

Ilm olish shu to‘rt rukn ustiga qurilgan: Kitob va Sunnatni o‘rganish, muallim (ilm beruvchi), muta’allim (ilm oluvchi) va ularning orasidagi ta’lim jarayoni. Ushbu to‘rt rukn orasida mustahkam aloqa bor.

Ilmning sharafi o‘rganilayotgan ilmning sharafiga qarab bo‘ladi. Bu yerda o‘rganilayotgan ilm esa Allohning kitobi, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridir. Bulardan ulug‘ ilm bormi?!

Tolibning sharafi u o‘rganayotgan ilmning sharafiga, muallimning sharafi ham u o‘rgatayotgan ilmning sharafiga bog‘liqdir. Ta’limning sharafi esa uning samarasiga, natijasiga qarab bo‘ladi. Shu to‘rt rukn bo‘lmaganida Islom dini shu kunimizgacha, Alloh xohlagan vaqtgacha qolmagan bo‘lar edi.

Bazzor va Tabaroniy Abu Bakradan rivoyat qilgan hadisda «Yo olim bo‘l, yo muta’allim bo‘l, yo tinglovchi bo‘l yoki (ilmga) muhabbatli bo‘lgin. Beshinchisi bo‘lma, halok bo‘lasan», deyilgan. Men bu to‘rt xislatga quyidagilarni qo‘shimcha qilaman: yo ilm ahliga xodim bo‘l, yo ularning ilmini nashr qiluvchi bo‘l, yo maktab-madrasalar ochib tarqatuvchi bo‘l, yoki tolibi ilmlarning homiysi bo‘lgin.

Shayx Muhammad Avvomaning
«Maolimul irshodiyya li sinoati tolibil ilm»
kitobidan
Muhammad Ali Muhammad Yusuf tarjimasi.

 

Boshqa maqolalar

Huquqiy savodxonlik soati

07.05.2025   6476   1 min.
Huquqiy savodxonlik soati

O‘zbekiston musulmonlari idorasining Namangan viloyat vakilligida viloyat bosh imom-xatibi Musoxon domla Abbosiddinov rahbarliklarida viloyat Adliya boshqarmasi bilan hamkorlikda viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan masjidlar mutavallilari uchun yig‘ilish o‘tkazildi.


Yig‘ilishda viloyat Adliya boshqarmasi mutaxassisi Z.Axmedxodjayeva, Yangi Namangan tumani kadastr bo‘limi boshlig‘i O.Usmanov, notarius A.Artiqovlar ishtirok etdilar. 


Unda notiqlar tomonidan mutavalli masjid imom-xatibining xo‘jalik ishlari bo‘yicha yordamchisi, masjidlarning iqtisodiy faoliyatini yaxshilash, xodimlarning oylik ish xaqi bilan ta’minlash,  qurilish-ta’mirlash ishlarini belgilangan tartib va me’yorlarga rioya qilgan holda amalga oshirish, masjid mulkini iqtisod qilish maqsadida geleokollektorlar o‘rnatish, mavjud qozonxonalarni xavfsiz hududlarga olib chiqish, ish yuritish nomenklaturasiga, ichki mehnat tartib qoidalariga va muomala madaniyatiga rioya qilish, masjidlarning tozalik va obodonlashtirish ishlariga mas’ul ekanini aytib o‘tildi.


Masjidlarning ta’sis xujjatlari, ish haqlarini me’yorlashtirish, yangi xodim ishga qabul qilinganda Adliya boshqarmasini onlayn xabardor qilish, masjidlardagi mavjud “tekshirishlarni ro‘yxatga olish kitobi”ni yuritish tartibi yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi.


Yig‘ilish davomida masjidlarning qo‘shimcha yer maydonlarini qonuniylashtirish, kadastr hujjatini rasmiylashtirish tartib-qoidalari va huquqiy oqibatlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi. 


Yig‘ilish davomida  qatnashchilar o‘zlarining qiziqtirgan savollariga  mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar oldilar.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Namangan viloyati vakilligi
Matbuot xizmati

Huquqiy savodxonlik soati Huquqiy savodxonlik soati Huquqiy savodxonlik soati Huquqiy savodxonlik soati