Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Alloh alaqdan yaratgan insonning birinchi muallimi Alloh jalla jaloluhuning O‘zidir. Alloh unga qalam bilan ilm bergan, bilmagan narsasini o‘rgatgan.
Alloh subhanahu va taolo Muhammad sollallohu alayhi vasallamni ummiylarga va boshqalarga muallim qildi. U zot ularga Kitobni va hikmatni – Qur’on va sunnati mutohharani o‘rgatdi. Bu haqiqat Qur’oni Karimda quyidagicha ifodalanadi:
«U ummiylarga ularning ichidan Uning oyatlarini o‘qib beradigan va ularni poklaydigan hamda ularga Kitobni va hikmatni o‘rgatadigan Rasulni yuborgan Zotdir. Holbuki, ular ilgari ochiq-oydin zalolatda edilar. Va ulardan hali ularga qo‘shilmagan boshqalarga ham. Va Uning O‘zi azizdir, hakimdir» (Juma surasi, 2–3-oyatlar).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ummatlariga Kitob va hikmatni o‘rgatdilar, chunki bu ikkisi barcha ummatni saodatga yetaklovchi ilohiy vahiydir. Bu ikkisi asosiy maqsad bo‘lsa, boshqa ilmlar unga eltuvchi vositadir.
Oyati karimalarning nozil bo‘lishiga, ularning nozil bo‘lishiga sabab bo‘lgan voqealariga zamondosh bo‘lgan qavm fiqh, usuli fiqh deb atalgan ilmlarga muhtoj bo‘lmagan. Chunki ular Qur’onning tilini yaxshi tushunishgan, shariatni joriy qilish jarayonidagi voqea-hodisalar bilan birga yashashgan. Ayni paytda, biror muammoga duch kelib qolishsa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bevosita murojaat qilishgan. Siyrat va siyar, ya’ni g‘azot ahkomlari ilmiga kelsak, bu ilmlarning qahramonlari ularning o‘zlari bo‘lishgan, voqealarning bevosita ishtirokchilari bo‘lishgan. Shuningdek, ular arab tili ilmiga ham behojat bo‘lishgan, chunki ular shu tilning egalari, yuksak balog‘at sohibi bo‘lishgan. Bu avlod zamon taqozosi o‘tgan ulamolarimizni majbur qilgan mantiq va bahs-munozara ilmi kabi aqliy ilmlarga ham muhtoj bo‘lmagan.
Xullas, ular Kitob va Sunnat ilmidan boshqa ilmga muhtoj bo‘lishmagan. Alloh taolo Nabiy sollallohu alayhi vasallamga topshirgan vazifalar mana shu edi: «Va senga odamlarga nozil qilingan narsani o‘zlariga bayon qilib berishing uchun Zikrni nozil qildik» (Nahl surasi, 44-oyat).
Ilm olish shu to‘rt rukn ustiga qurilgan: Kitob va Sunnatni o‘rganish, muallim (ilm beruvchi), muta’allim (ilm oluvchi) va ularning orasidagi ta’lim jarayoni. Ushbu to‘rt rukn orasida mustahkam aloqa bor.
Ilmning sharafi o‘rganilayotgan ilmning sharafiga qarab bo‘ladi. Bu yerda o‘rganilayotgan ilm esa Allohning kitobi, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridir. Bulardan ulug‘ ilm bormi?!
Tolibning sharafi u o‘rganayotgan ilmning sharafiga, muallimning sharafi ham u o‘rgatayotgan ilmning sharafiga bog‘liqdir. Ta’limning sharafi esa uning samarasiga, natijasiga qarab bo‘ladi. Shu to‘rt rukn bo‘lmaganida Islom dini shu kunimizgacha, Alloh xohlagan vaqtgacha qolmagan bo‘lar edi.
Bazzor va Tabaroniy Abu Bakradan rivoyat qilgan hadisda «Yo olim bo‘l, yo muta’allim bo‘l, yo tinglovchi bo‘l yoki (ilmga) muhabbatli bo‘lgin. Beshinchisi bo‘lma, halok bo‘lasan», deyilgan. Men bu to‘rt xislatga quyidagilarni qo‘shimcha qilaman: yo ilm ahliga xodim bo‘l, yo ularning ilmini nashr qiluvchi bo‘l, yo maktab-madrasalar ochib tarqatuvchi bo‘l, yoki tolibi ilmlarning homiysi bo‘lgin.
Shayx Muhammad Avvomaning
«Maolimul irshodiyya li sinoati tolibil ilm» kitobidan
Muhammad Ali Muhammad Yusuf tarjimasi.
Ibn Javziy rahimahulloh aytadi: “Bir ajoyib holat haqida fikr yuritdim: ba’zida mo‘minning boshiga bir ish tushsa, u astoydil duo qiladi, ammo duolarining ijobati ko‘rinmaydi. Umidsizlikka tushay deganda, uning qalbiga qaraladi. Agarda u Allohning fazlidan umidini uzmagani holda taqdiriga rozi bo‘lsa, duoning ijobati tezlashadi. Bu ma’nolar Alloh taolo nozil qilgan oyati karimada o‘z ifodasini topgan: «...Hatto Payg‘ambar va iymonli kishilar: “Allohning yordami qachon (kelar ekan)?» degan edilar. Ogoh bo‘lingki, Allohning yordami (hamisha) yaqindir”»[1].
Shunday holat Ya’qub alayhissalom bilan ham bo‘lgan. U zotning o‘g‘illari Yusuf alayhissalom dom-daraksiz yo‘qolib qolganida, kushoyish kelishidan noumid bo‘lmaganlar. Keyingi o‘g‘illari ham tortib olinganida, u zot Allohning fazlidan umidlarini uzmaganlari holda: «...Shoyadki, Alloh ularning (Yusuf, Binyamin va Misrda qolgan o‘g‘limning) barchalarini (bag‘rimga) qaytarsa...»[2], deganlar.
“Duoyimning ijobat bo‘lish muddati uzayib ketdi”, deb qayg‘urmang. Alloh taolo sizning tazarruingiz, yalinib-yolvorishlaringizni ko‘rishni iroda qilmoqda. Sizni qilgan sabringizga ajr ila mukofotlamoqchi. Siz shayton bilan jang qilishingiz uchun ham duoyingizning ijobatini kechiktirish ila sizni sinayapti.
Gohida Alloh taolo sizning aziymat, qat’iyatingiz naqadar quvvatli ekani va baloga qanchalik sabrli ekaningizni ko‘rish uchun ham dard berib imtihon qiladi. Agar sabr qila olsangiz, demak, siz itoatkor bandalar safidasiz. Bordi-yu, irodasizlik qilsangiz, ziyonkorlardan bo‘lasiz. Sabrdan keyin faqat va faqat yechim, yorug‘ kunlar bor.
Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhu: “Sabr qilsang, ajrga ega bo‘lasan, baribir yozilgani bo‘ladi. Sabrsizlik qilsang, gunohkor bo‘lib qolasan, baribir yozilgani bo‘ladi”, deganlar.
Shoir aytadi:
Baloyu imtihon kelsa, alarga har on rizo ko‘rsat,
Sinov bergan sihatni ham O‘zi bergay aniq, albat.
Bandasiga ne hukm etsa, hikmati bor, itoat qil,
Bitganidan qutulmoqlik chorasizdir, bil, ey g‘ofil!
Noumidlik xanjarini ko‘kragingga urma ammo,
Ki Allohning qudratila yechilgaydir har muammo.
Allohdan umidingizni uzmang. Sinovlarga sabr qiling, shundagina ulkan ajrlarni qo‘lga kiritasiz. Fazl ibn Sahl aytadi: “Kasalliklarda ne’matlar bor”. Bu borada quyidagilarga e’tiborli bo‘ling:
– gunohlardan tozalash;
– savobni qo‘lga kiritish;
– g‘aflatdan uyg‘onish;
– sog‘lik ne’matini eslab qo‘yish;
– tavbaga shoshilish.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Baqara surasi, 214-oyat.
[2] Yusuf surasi, 83-oyat.