O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan noyob hujjatli film – “Usmon Mus'hafi: Madinadan Movarounnahr sari” nomli loyiha ustida ish boshlanmoqda. Filmda dunyodagi eng qadimiy Qur’on qo‘lyozmasi – VII asrda pergamentga yozilgan, hajmi 53x68 sm bo‘lgan va 353 varaqdan iborat Usmon Mus'hafining Madinadan Movarounnahrgacha bo‘lgan tarixiy yo‘li yoritiladi.
Filmda qo‘lyozmaning yaratilishidan tortib, turli sivilizatsiyalar davrida boshdan kechirgan murakkab tarixiy jarayonlar, uning O‘zbekistonga qanday saqlanib kelgani va hozirda Islom sivilizatsiyasi markazida muqaddas meros sifatida e’zozlanayotgani hujjatlar, tarixiy manbalar hamda mutaxassislarning izohlariga tayangan holda yoritiladi.
Mazkur hujjatli film markazdagi ekspozitsiya tarkibiga kiritilishi rejalashtirilgan bo‘lib, u ziyoratchilar va mehmonlar uchun muhim ma’naviy-tarixiy tajribani taqdim etadi. Film orqali tomoshabinlar nafaqat Qur’onning tarixiy qadr-qimmati, balki O‘zbekiston zaminining bu bebaho merosni asrab-avaylashdagi tutgan o‘rni haqida chuqur tasavvurga ega bo‘lishadi.
cisc.uz
Bugun, 16 may kuni Samarqand viloyati bosh imom-xatibi Ahmadxon domla Alimov Tayloq tumanidagi “O‘rta” masjidga bordi. Domla juma namozidan oldin “Kamtarga kamol, manmanga zavol” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy ma’ruza qildi.
Ma’ruzada insonning ichki kamolotga erishishida kamtarlikning naqadar muhim ekani, manmanlik va kibr kabi xulqlarning inson va jamiyat uchun keltirishi mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlari haqida so‘z yuritildi. Shuningdek, Islom axloq-odobining oliy qoidalari, nafsni tarbiyalash, jamiyatda o‘zaro hurmat va insofni qaror toptirish kabi mavzular keng yoritildi.
Juma namozini o‘qish asnosida yurt tinchligi, el-yurt farovonligini so‘rab duo qildilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati