Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Avgust, 2025   |   17 Safar, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:59
Quyosh
05:28
Peshin
12:33
Asr
17:24
Shom
19:32
Xufton
20:54
Bismillah
11 Avgust, 2025, 17 Safar, 1447

Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida

21.04.2025   16273   14 min.
Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

O‘zbekiston taraqqiyotining yangi bosqichida jamiyatda diniy bag‘rikenglik, millatlararo totuvlik va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, jahon ilm-fani va madaniyati rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk alloma va mutafakkirlarimizning boy ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, unib-o‘sib kelayotgan yosh avlodni ona Vatanga sadoqat, milliy-diniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, yurtimizning jahon sivilizatsiyasi beshigi sifatidagi tarixiy maqomi va nufuzini tiklash bo‘yicha puxta o‘ylangan izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.

O‘tgan qisqa vaqt ichida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Samarqandda Hadis ilmi maktabi, Buxoroda Mir Arab oliy madrasasi tashkil etildi. Ushbu muassasalar “Jaholatga qarshi ma’rifat” ezgu umuminsoniy g‘oyasi asosida jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni ta’minlashga, yoshlarni zamonaviy fikrlaydigan va buyuk ajdodlarimizga har jihatdan munosib etib tarbiyalashga xizmat qilmoqda.

Shiddat bilan o‘zgarib borayotgan bugungi murakkab sharoitda dunyoda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalar mamlakatimizda “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” degan xalqchil tamoyilga asoslangan islohotlar to‘g‘ri ekanligidan dalolat bermoqda. 

Yuqoridagilarni e’tiborga olgan holda O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasida belgilangan vazifalarni ro‘yobga chiqarish, diniy-ma’rifiy sohadagi ezgu g‘oya va tashabbuslarni xalq manfaatlaridan kelib chiqib izchil davom ettirish maqsadida qaror qilaman:

I. Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlari

1. Quyidagilar fuqarolarning vijdon erkinligi huquqini ta’minlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi faoliyatni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilansin:

a) jamiyatda diniy bag‘rikenglik va konfessiyalararo totuvlikni yanada mustahkamlashga oid ilg‘or mexanizmlarni joriy etish;

b) ilm-fan va jahon sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarning insonparvarlik, ezgulik, tinchlik va bag‘rikenglik kabi umuminsoniy va oliyjanob g‘oyalarga asoslangan diniy-falsafiy merosini chuqur o‘rganish hamda keng targ‘ib etish;

v) diniy-ma’rifiy sohada kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish orqali zamon talablariga mos mutaxassislarni yetishtirish;

g) aholi orasida birdamlik, o‘zaro hurmat va mehr-oqibat ruhini kuchaytirish, ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashga qaratilgan dolzarb ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash;

d) diniy-ma’rifiy sohadagi xalqaro hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish hamda samaradorligini oshirish.

2. Diniy-ma’rifiy soha faoliyati rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Jamiyatda vijdon erkinligini kafolatlash, diniy bag‘rikenglik, fuqarolararo totuvlik hamda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash maqsadida “Bag‘rikeng jamiyat – barqaror davlat” tamoyili asosida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bilan (keyingi o‘rinlarda – Qo‘mita) O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Ichki ishlar vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi hamda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining yangi hamkorlik tizimi yo‘lga qo‘yilsin.

Quyidagilar hamkorlik tizimining asosiy vazifalari etib belgilansin:

a) diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi, asosiy vazifalari va prinsiplarini qat’iy amalga oshirishda davlat va jamoat  tashkilotlarining o‘zaro hamkorligini yo‘lga qo‘yish;

b) fuqarolarning vijdon erkinligiga bo‘lgan huquqini ta’minlash, jamiyatda turli diniy konfessiyalar vakillarining o‘zaro ahil-inoq va hamjihat hayot kechirishini qo‘llab-quvvatlash;

v) O‘zbekiston aholisining dini, e’tiqodi, milliy mansubligi, ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar huquq va qonuniy manfaatlarini to‘liq ro‘yobga chiqara olishini ta’minlash;

g) dinga bo‘lgan munosabatidan kelib chiqib ustunlik berish, kamsitish va vijdon erkinligi kafolatlari buzilishining boshqa har qanday ko‘rinishlarining oldini olish.

Qo‘mita bir oy muddatda O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Ichki ishlar vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi hamda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi bilan birgalikda hamkorlik tizimining mexanizmlarini belgilovchi qo‘shma qarorni tasdiqlasin.

II. Diniy-ma’rifiy sohaning institutsional asoslarini takomillashtirish

4. Fuqarolarning ibodatlar va diniy rasm-rusumlarni amalga oshirishi uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish, “Haj” va “Umra” ziyoratlariga borishi bilan bog‘liq xizmatlarni ko‘rsatish jarayonida ortiqcha byurokratik tartibotlarni bartaraf etish maqsadida Qo‘mita va Raqamli texnologiyalar vazirligi 2025 yil 1 sentyabrga qadar “Haj va Umra yagona portali”ni (keyingi o‘rinlarda – Portal) hamda uning mobil ilovasini ishlab chiqsin.

Belgilansinki:

a) Portal “Haj” tadbirlariga boruvchi fuqarolarning yagona elektron navbati hamda “Umra” tadbirlariga yuboriladigan ziyoratchilarning elektron ro‘yxati shakllantiriladigan tizim hisoblanadi;

b) Portalda “Haj” va “Umra” faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yig‘ish va rasmiylashtirish bilan bog‘liq jarayonlar raqamlashtiriladi;

v) vazirlik va idoralar Qo‘mita so‘roviga ko‘ra o‘zining axborot tizimlari Portalga integratsiya qilinishini ta’minlaydi;

g) Qo‘mita Portal faoliyatini moliyalashtirishga, texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlashga, aloqador davlat va nodavlat tashkilotlar uchun foydalanish imkoniyatini yaratishga mas’ul davlat organi hisoblanadi;

d) Qo‘mita “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish litsenziyasiga ega yuridik shaxslar hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasining Portaldan foydalanish imkoniyatini ta’minlaydi.

5. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Qo‘mitaning O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasini O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi (keyingi o‘rinlarda – Akademiya) etib qayta nomlash to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

Akademiya islomshunoslik va dinshunoslik sohalarida mutaxassislarni hamda o‘quv dasturi, qo‘llanma va darsliklarni tayyorlashga ixtisoslashgan tayanch davlat oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasasi etib belgilansin.

6. Quyidagilar Akademiyaning asosiy vazifalari hisoblanadi:

a) islomshunoslik, dinshunoslik, din psixologiyasi, islom iqtisodiyoti, manbashunoslik, xalqaro munosabatlar va ehtiyoj mavjud bo‘lgan boshqa sohalar bo‘yicha kadrlar tayyorlash;

b) ta’lim jarayoniga ilg‘or pedagogik texnologiyalarni, ilm-fan va texnikaning so‘nggi yutuqlarini hamda yetakchi xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari tajribasi asosida ishlab chiqilgan ta’lim dasturlarini joriy etish;

v) vijdon erkinligi va konfessiyalararo bag‘rikenglikni ta’minlash, radikallashuv, ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish hamda diniy sohadagi davlat siyosatining asoslariga oid ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish;

g) diniy-ma’rifiy yo‘nalishda ilmiy, ilmiy-ommabop adabiyotlarni tayyorlash va nashr qilish, shuningdek, internet tarmog‘ida ta’lim resurslarini joylashtirish va muntazam yangilab borish;

d) talabalarda yuksak ma’naviy va axloqiy fazilatlarni rivojlantirish, Vatanga muhabbat, uning taqdiriga daxldorlik, kasbga sadoqat hissini mustahkamlash, ta’lim-tarbiya jarayoni hamda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish;

ye) mamlakatimizda va xorijda diniy sohada faoliyat olib borayotgan ilmiy-tadqiqot va ta’lim muassasalari bilan yaqindan hamkorlik qilish.

7. Akademiyaga quyidagi huquqlar berilsin:

a) o‘quv-ilmiy jarayonlarga jalb etilgan yuqori malakali xorijiy mutaxassislar mehnatiga haq to‘lash miqdorlarini bozor kon’yunkturasidan kelib chiqib belgilash;

b) Qo‘mita bilan kelishgan holda to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish qiymatini tegishli yo‘nalish va mutaxassisliklar bo‘yicha davlat oliy ta’lim muassasalarida belgilangan bazaviy to‘lov-kontrakt qiymatidan uch baravardan ortiq bo‘lmagan miqdorda belgilash;

v) talabalarning to‘lov-kontrakt mablag‘larini to‘lash muddatlarini belgilash va uzaytirish;

g) yetuk xorijiy mutaxassislarni jalb qilish hamda Akademiya vakillarini xorijiy ilmiy-tadqiqot va ta’lim muassasalariga malaka oshirish va tajriba orttirish uchun yuborish;

d) o‘z grifi asosida darsliklar hamda boshqa o‘quv va ilmiy adabiyotlarni yaratish va nashr etish.

8. Belgilansinki, Akademiyaga o‘qitishning to‘lov-kontrakt shaklidan tushadigan mablag‘larning yetishmagan qismi davlat oliy ta’lim muassasalarini saqlash uchun ajratilgan mablag‘lar doirasida tasdiqlangan budjet parametrlariga tegishli o‘zgartirish kiritish orqali qoplanadi.

9. Qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Malaka oshirish markazini Din ishlari bo‘yicha qo‘mita huzuridagi Diniy-ma’rifiy sohada malaka oshirish va qayta tayyorlash instituti (keyingi o‘rinlarda – Institut) sifatida qayta tashkil etish haqidagi taklifiga rozilik berilsin.

Belgilab qo‘yilsinki:

a) Institut islomshunoslik, dinshunoslik, davlat va din munosabatlari asoslari, shuningdek, radikallashuvning oldini olish yo‘nalishlarida diniy sohada mutaxassislarning malakasini oshirish va qayta tayyorlashga mas’ul muassasa hisoblanadi;

b) barcha ta’lim tashkilotlarining islomshunoslik va dinshunoslik fanlari o‘qituvchilarining malakasini oshirish hamda ularni qayta tayyorlash Institut tomonidan amalga oshiriladi;

v) ta’lim jarayoni sifatini oshirish hamda ta’lim va amaliyot uyg‘unligini ta’minlash maqsadida Institut so‘roviga asosan darslarga tegishli vazirlik, idora, ilmiy-tadqiqot va tahlil markazlarining rahbar xodimlari va mutaxassislari jalb etiladi;

g) Institut qayta tashkil etilayotgan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Malaka oshirish markazining huquq va majburiyatlari, shuningdek, tuzilgan shartnomalari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi.

10.  Akademiyaga qarashli Toshkent shahri, Yunusobod tumani, Zarbuloq ko‘chasi, 14-uy manzili bo‘yicha joylashgan yotoqxona binosi operativ boshqaruv huquqi asosida Institutga bepul o‘tkazilishi ta’minlansin.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi ushbu binoni saqlash uchun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga 2025 yil uchun ajratilgan budjet mablag‘larining qoldiq qismini Institutga o‘tkazib bersin, 2026 yildan boshlab esa binoni saqlash bilan bog‘liq xarajatlarni Institutning xarajatlar smetasida rejalashtirib borsin.

11.  Qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Buxoro viloyati hokimligining Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi markazi muassisligida Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish va quyidagilarni uning asosiy vazifalari etib belgilash to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin:

a) buyuk ajdodimiz Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqati allomalarining yuksak insonparvarlik g‘oyalarini ilmiy asosda o‘rganish, yosh avlodni bag‘rikenglik hamda o‘zaro hurmat ruhida tarbiyalash maqsadida targ‘ibot ishlarini olib borish;

b) tasavvuf ta’limoti tarixi va uning bugungi kundagi ahamiyatini ilmiy tadqiq etish, “Yetti pir” allomalari va aziz avliyolarning boy ilmiy-ma’naviy merosini xalqaro maydonda keng targ‘ibqilish;

v) naqshbandiylik ta’limotining ezgu g‘oyalarini tadqiq etish uchun ilmiy-nazariy va uslubiy masalalarga bag‘ishlangan anjuman, konferensiya, ko‘rgazma, seminar-trening, tanlovlar hamda boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etish;

g) tasavvuf ta’limotining ilmiy asoslangan g‘oyalarini targ‘ib qilish, soxta tariqatchilikning oldini olish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish.

12. Qo‘mita va Akademiyaning O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini Vazirlar Mahkamasi bo‘ysunuviga o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi islomshunoslik yo‘nalishidagi ilmiy tadqiqotlarni hamda din bilan bog‘liq jarayonlar bo‘yicha tahlillarni amalga oshiruvchi ilmiy-tadqiqot muassasasi etib belgilansin.

13. Quyidagilar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining qo‘shimcha vazifalari etib belgilansin:

a) Imom Moturidiy, Abu Muin Nasafiy kabi buyuk alloma ajdodlarimiz qoldirgan boy ma’naviy merosni o‘rganish, jahon ilm-fani rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasini xalqimiz, ayniqsa, yoshlarga yetkazish, ular yaratgan asarlarning ilmiy-izohli tarjima va qiyosiy matnlarini nashr etish, mamlakatimiz hududida ro‘y bergan Birinchi va Ikkinchi Renessansning ilmiy-nazariy asoslarini tadqiq etish hamda Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining ma’naviy poydevorini yaratishda ishtirok etish;

b) islom dinining insonparvarlik mohiyati, ma’rifiy-madaniy roli va rivojlanish yo‘nalishlarini ilmiy asosda o‘rganish va keng ommaga, jumladan, xalqaro jamoatchilikka yetkazish;

v) diniy ta’lim muassasalariga ilmiy-tadqiqot va o‘quv-uslubiy masalalarda hamda pedagog kadrlar va diniy xodimlarning malakasini oshirib borishda amaliy yordam ko‘rsatish;

g) ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini saqlash, yoshlarni yot g‘oyalar ta’siridan asrashga qaratilgan strategik ahamiyatga ega loyiha va tashabbuslarni ishlab chiqish.

14. Diniy-ma’rifiy sohadagi tashkilotlar faoliyatining samaradorligini oshirib borish maqsadida doimiy asosda faoliyat ko‘rsatuvchi Diniy-ma’rifiy sohada ta’lim, fan va ilmiy-tadqiqotga oid faoliyatni muvofiqlashtiruvchi kengash (keyingi o‘rinlarda – Muvofiqlashtiruvchi kengash) tashkil etilsin va uning tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Belgilansinki:

a) Muvofiqlashtiruvchi kengash diniy-ma’rifiy sohada ta’lim, fan va ilmiy-tadqiqot ishlarining barcha jarayonlarini muvofiqlashtirish masalalariga mas’ul bo‘lgan maslahat organi hisoblanadi;

b) Muvofiqlashtiruvchi kengashning ishchi organi vazifasini Qo‘mita amalga oshiradi;

v) Muvofiqlashtiruvchi kengash tomonidan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Akademiya va boshqa diniy-ma’rifiy muassasalarning ta’lim va ilmiy-tadqiqotga oid faoliyati muvofiqlashtiriladi;

g) Muvofiqlashtiruvchi kengash majlislari har chorakda kamida bir marotaba o‘tkaziladi.

15. Quyidagilar Muvofiqlashtiruvchi kengashning asosiy vazifalari etib belgilansin:

a) “Uchinchi renessans – Yangi O‘zbekiston” g‘oyasi asosida buyuk ajdodlarimiz ilmiy merosida ulug‘langan vatanparvarlik, bag‘rikenglik kabi umuminsoniy g‘oyalarni aholi orasida keng targ‘ib etish yo‘nalishlarini belgilash;

b) diniy-ma’rifiy sohadagi muassasalar faoliyatini chuqur o‘rganib borish, o‘quv-tarbiya jarayoniga ilg‘or axborot-kommunikatsiya va pedagogik texnologiyalar, innovatsion ishlanmalarni tatbiq etish hamda ilmiy va uslubiy faoliyatini muvofiqlashtirish;

v) soha tashkilotlarida to‘plangan ilmiy-uslubiy ishlanmalar va tajribalarni tahlil etish asosida ulardagi ta’lim mazmunini takomillashtirish va muvofiqlashtirish, o‘quv reja va fan dasturlarini ishlab chiqishda uzviylik tamoyillarini ta’minlash;

g) respublikaning barcha ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida bajariladigan diniy mavzudagi tadqiqotlar (dissertatsiyalar)ning mavzu va yo‘nalishlarining ahamiyati, dolzarbligi yuzasidan tegishli tavsiyalarni berish.

III. Diniy bag‘rikenglikni yanada mustahkamlash

16. Respublikada istiqomat qiluvchi turli din vakillarining Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga daxldorlik hissini oshirish, jamiyatda konfessiyalararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni yanada mustahkamlash maqsadida Qo‘mitaning Konfessiyalar ishlari bo‘yicha kengash (keyingi o‘rinlarda – Kengash) faoliyatini takomillashtirish haqidagi taklifiga rozilik berilsin. Bunda quyidagilar inobatga olinsin:

a) Kengash tarkibiga siyosiy arboblar, jamoatchilik faollari, dinshunos olim va mutaxassislarni kuzatuvchi sifatida kiritish;

b) Kengashga diniy konfessiyalarning muammolari bo‘yicha davlat va nodavlat tashkilotlarga so‘rov, murojaat va tavsiyalar yuborish huquqini berish;

v) Toshkent, Samarqand, Buxoro va Farg‘ona viloyatlarida hududiy kengashlar tashkil etish;

g) Kengash tomonidan turli konfessiyalarga oid diniy tashkilotlarning professional xizmatchilari o‘rtasida sport musobaqalari, intellektual o‘yinlar, madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish.

Kengashning yangilangan tarkibi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

IV. Farmon ijrosini tashkil etish va nazorat qilish

17. Qo‘mita manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

18. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi S.D.Toshboyev belgilansin.

Farmon ijrosini nazorat qilish va ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.Q.Davletov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi

         Prezidenti                                                                                                             Sh.MIRZIYOЕV

 

Toshkent shahri,

2025 yil 21 aprel

Boshqa maqolalar

Olim quyoshga o‘xshaydi...

23.07.2025   12104   8 min.
Olim quyoshga o‘xshaydi...

Barchamizga ma’lumki, har bir ota-ona o‘z farzandlarining istiqboli, baxt-saodati va kelajakda mustaqil hayot kechirib, jismoniy va ruhiy jihatdan barkamol avlod bo‘lib yetishishini niyat qiladi. Mana shu maqsadlarga yetishishda Islom dinining tom ma’nodagi ulug‘vor ta’limotiga amal qilish muhim ahamiyatga ega. Islom dinida bolalarni hali murg‘akligidanoq go‘zal axloq va odobga o‘rgatib borish tavsiya etiladi.

Dinimizda yoshlarni asosan rostgo‘ylik, va’daga vafo, omonatdorlik, kattaga hurmat, kichikka izzat, o‘zgalarga mehr-oqibatli bo‘lish kabi fazilatlar sohibi qilib voyaga yetkazishga katta ahamiyat qaratiladi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadislarining birida bunday deganlar: “Ota o‘z bolasiga chiroyli odobdan ko‘ra yaxshiroq narsa bera olmaydi” (Imom Termiziy rivoyati).

Tarbiya inson kamolotining asosidir. Bizda farzand tarbiyasi har bir oila uchun asosiy vazifa bo‘lib kelgan. Hozirda ham yoshlar tarbiyasiga, ularning sifatli bilim olishlariga davlatimiz miqyosida katta ahamiyat berilmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan uchrashuvda shunday ta’kidlagan edilar: “Mening eng katta tashvishim, maqsadim — yoshlar tarbiyasi. Biz olgan marralar uchun bilimli avlod kerak. Buning uchun hamma sharoitlarni yaratishga harakat qilyapmiz. Sizlar esa vaqtning qadriga yetib, bor imkoniyatni ishga solib, o‘qishingiz kerak. Olgan bilimingiz, o‘rgangan kasb-hunaringiz kelajakda sizlarga qanot bo‘ladi”.

Bugungi kunda davlatimiz tomonidan yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga, ularni aqlan va ma’nan yetuk avlod bo‘lib yetishishiga katta e’tibor qaratilmoqda.

Islom dini ta’limotida yoshlarni aqlan tarbiya qilish ham muhim masala sanaladi. Bunda ularni manfaatli ilm sohibi qilib tarbiyalash, fikriy va ilmiy jihatdan yetuk inson qilib kamolga yetkazish nazarda tutiladi. Islom dinida ilm deganda diniy ham dunyoviy ilmlar tushuniladi. Diniy ilm insonning ruhiy hayoti, uning e’tiqodiga oid bo‘lib, oxirati uchun zarur bo‘lsa, dunyoviy ilm uning jismoniy hayoti, dunyo obodligi uchun zarurdir.

Islom ta’limotlariga jonu dili bilan amal qilgan ajdodlarimiz, buyuk bobokalonlarimiz ham shariat, ham tariqat va ham ilm-fan sohasida butun dunyoga o‘rnak bo‘lganlar.

Buyuk shoir va mutafakkir Nizomiddin Alisher Navoiy hazratlari yozganidek, “Kitob – beminnat ustoz, bilim va ma’naviy yuksalishga erishishning eng asosiy manbai”.

Inson dunyoda yashar ekan, o‘z hayotini go‘zal o‘tkazishga harakat qiladi. Turmushning farovon bo‘lishi, jamiyatning taraqqiy etishi esa faqat ilm-fan bilan bo‘ladi. Qayerda ilm-fan rivoj topsa, o‘sha yerda tarqqiyot bor. Ilm-fanning rivoji esa ilm egalari – olimlar bilan bo‘ladi.

Islom dini musulmonlarni doimo ilmga undagan. Chunki inson shaxsiyatini ilmdan boshqa hech narsa to‘g‘ri yo‘lga sola olmaydi, taraqqiyotga ham erishtira olmaydi.

«Bilimli inson quyoshga o‘xshaydi, kirgan joyini yoritadi».

Ha, ilm qorong‘uliklarni yorituvchi mash’aladir. Qorong‘ulikda qolgan har bir kishi unga muhtoj. Yuksak pog‘onalarga ilm narvoni bilan chiqiladi. Taraqqiy etishni va kamolot topishni istasak ilmning etagini mahkam ushlaylik.

Shunday ekan, biz musulmonlar o‘z farzandlarimizni bugungi kun talablari asosida tarbiyalashimiz, ularni zamonaviy ilm va kasb-hunarga yo‘naltirishga bor kuchimizni sarflashimiz lozim. Shunda farzandlarimiz xorij mamlakatlariga ishlash uchun “qora ishchi” bo‘lib emas, balki mutaxassis sifatida boradilar.

So‘nggi yillarda Yurtboshimiz tomonlaridan yoshlarni zamonaviy kasb-hunarlar va chet tiliga o‘rgatish bo‘yicha ilgari surilgan “1000 dasturchi”, “Ikki til, bir kasb” loyihalaridan ham aynan shu ezgu maqsad ko‘zlangan...

Albatta, musulmon inson o‘zga insonlarga avvalo o‘zining yuksak axloqi bilan namuna bo‘lishi kerak. Zero, insonlar xulqi go‘zal kishini yaxshi ko‘radilar. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Islomga chaqirishni boshlaganlarida qarindoshlarini “Ey Bani Fihr, ey Bani Adiy” deb chaqirdilar. Barcha to‘plandi, uyidan chiqishga imkoni bo‘lmagan kishilar nima bo‘layotganini bilib kelish uchun odam jo‘natdilar. Rasululloh alayhissalotu vasallam: “Agar men sizlarga mana bu tog‘ etagidagi vodiyda otliqlar ustingizga bostirib kelishga tayyor turibdi, deb xabar bersam, menga ishonasizlarmi?”, dedilar. Ular: “Sizning biror marta yolg‘on gapirganingizni bilmaymiz, Sizga ishonamiz”, deyishdi. Shundan keyin u zot o‘zlarini Payg‘ambar qilib yuborilganlarini aytdilar.

Bu o‘rinda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam payg‘ambar ekanlarini turli hujjat va mo‘jizalar orqali isbotlash bilan e’lon qilmadilar. Balki, eng avvalo ularga o‘zlarining axloqlari haqida savol berib, o‘zlarining rostgo‘y ekanliklarini tasdiqlatib oldilar. Bundan ko‘rinib turibdiki, musulmon kishi o‘zga kishilarga eng avvalo amali, xulqi va odobi bilan namuna bo‘lishi kerak ekan.

Kishi husni xulqli bo‘lishi uchun ahli ilm va solih zotlarni suhbatlaridan bahramand bo‘lishi va ularni odob axloqlaridan o‘ziga namuna olishi ham ayni muddaodir. Bu haqda Ibn Vahb rahmatullohi alayh bunday deganlar: “Imom Molikning ilmlaridan ko‘ra, u zotning odoblaridan o‘rganganimiz ko‘proq bo‘ldi”.

Demak, husni xulq va odob kishida o‘z-o‘zidan shakllanib qolmas ekan. Balki uni ilm ahli bilan hamsuhbat bo‘lish, ulardan ilm olish bilan birga odob-axloqlarini o‘rganish bilan kasb qilinar ekan. Ushbu xislat o‘tgan salafi solihlarimizning go‘zal odatlaridan bo‘lgan.

Junayd Bag‘dodiy rahimahulloh aytadilar: “Garchi insonning ilmi va amali oz bo‘lsa ham, to‘rtta narsa uni yuqori darajalarga ko‘taradi: Hilimlik, tavoze’lik, saxiylik va husni xulqdir. Husni xulq imonning komilligidir”.

Luqmoni Hakimning o‘g‘li otasiga: “Ey otajon, inson uchun qaysi xislat yaxshiroq?” dedi. Otasi: Din, deb javob berdi. “Agar xislat ikkita bo‘lsa-chi?” deb so‘radi. Otasi: Din va mol, dedi. Agar uchta bo‘lsa-chi? dedi o‘g‘li. Otasi: “Din, mol va hayo, dedi. O‘g‘il: “Agar to‘rtta bo‘lsa-chi?” dedi.

Otasi: Din, mol, hayo va chiroyli xulq, dedi. “Agar beshta bo‘lsa-chi?” dedi o‘g‘li. Otasi: Din, mol, hayo, chiroyli xulq va saxiylik, deb javob berdi. O‘g‘il yana: Oltita bo‘lsa-chi? deb ham so‘ragan edi, Luqmoni Hakim: “Ey o‘g‘lim, agar insonda mana shu besh xislat jamlansa, u pokiza, taqvodor, Allohga do‘st va shaytondan uzoq bo‘ladi” deb javob qildi. Mana shu beshta xislatlar borligi ham mo‘minlik sifatlaridandir.

Anas ibn Molik roziyallohu anhu aytadilar: “Albatta, banda chiroyli xulqi bilan jannatda oliy maqomga yetadi, garchi (nafl) ibodatini ko‘p qilsa ham”.

Inson yomon xulqi bilan boshqa insonlarni ko‘ngliga ozor beradigan bo‘lsa, o‘sha xulqi tufayli qilgan yaxshiliklari ham bekor bo‘ladi.

Kishi ilmga qancha muhtoj bo‘lsa, go‘zal xulqqa va odobga ham shuncha muhtojdir. Zero, ilm, go‘zal xulq va odob insonni kamolotga yetkazuvchi ikki qanotdir. Axloqi komil, bir-biriga mehribon va madadkor jamiyat baxtli va farovon jamiyatdir.

Farzandlarimiz ilm-ma’rifatli bo‘lishida eng katta mas’ul biz ota-onalar ekanimizni zinhor zinhor unutmaylik. Farzandim ilmli, odobli, kasb-hunarga ega bo‘lib, hayotda o‘z o‘rnini topib, oilasiga, vataniga, muborak diniga xizmat qiladigan, orzu-havaslaringizni ro‘yobga chiqaradigan inson bo‘lsin desak, hayotda turli keraksiz, ortiqcha hoyu-havaslarga berilib ketmasdan, ularning ehtiyoji uchun eng zaruriy badiiy, ilmiy, tanlagan kasbiga oid, dunyo va oxiratiga manfaat beradigan kitoblar, darsliklar olib berishga erinmaylik. Albatta, olib berib, ularni xursand qilib, qo‘llab-quvvatlab, shu kitoblarni birga o‘qiylik yoki o‘qishini albatta nazorat qilib turaylik.

Muhammad Quddus ABDULMANNON,
Xo‘jaobod tumani “Yetti chinor” jome masjidi imom noibi.