Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Alloh taolo Nabiy sollallohu alayhi vasallamni maxluqotlarga rahmat o‘laroq yuborgan kundan afzalroq xursandchilik bormi?!
Kim Muhammad sollallohu alayhi vasallamning tavalludlari bilan shodlanmasa, aslo shodlik, xursandchilik ko‘rmaydi.
U zotning tug‘ilishlari bilan rahmat buloqlari otilib, olam rahmatga to‘ldi. Shuning uchun ham, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning mavlidlari Alloh taoloning ne’matini nishonlash va bu yuksak inoyatdan xursandchilik bayrami bo‘lgan.
Bu bayramni ushbu ne’matlarning qadrini bilgan, uni bardavom va ziyoda bo‘lishini umid qilgan kishilar nishonlaydi...
Alloh taolo Muhammad sollallohu alayhi vasallamni bashariyatga qanday sevishni o‘rgatish uchun yuborgan...
Nabiy sollallohu alayhi vasallamga chin muhabbat qo‘yuvchi kishini sunnatga faqat to‘g‘ri ergashayotganini, bid’atchini esa (amali kabi) muhabbati ham nuqsonli ekanini ko‘rasiz.
Nabiy sollallohu alayhi vasallamning mavlidlari bilan mo‘min kishigina quvonadi.
Mo‘minlar ushbu munavvar oyni Habibimiz sollallohu alayhi vasallam mavlidlari munosabati bilan xursandchilikda o‘tkazadilar. Zero, mavlidi sharif oyi xursandchilik qilish, mehr-muhabbat ko‘rsatish, yaxshilik, ehson-sadaqalar qilish oyidir.
Nabiy sollallohu alayhi vasallamga muhabbat qo‘yuvchi har bir kishi bu oy kelishidan avval tayyorgarlik ko‘rib, oy davomida imkon qadar ulug‘ ne’matga shukronasi, shodligini izhor qilishga intilgan.
Solih kishilar mavlidni nishonlashga moddiy imkon topolmasalar, hech bo‘lmasa bu oy davomida shomdan keyin tong otguncha yo‘lni yoritib turishi uchun chiroqlarini yoqib derazalariga qo‘yib qo‘yar ekanlar.
Onam Alloh rahmat qilsin bobosi shayx Mustafo haqida shunday der edi: "Bobom Rabi’ul avval tashrifidan bir necha oy avval tayyorgarlikni boshlab yuborardi. Aslida bobom davlatmand emasdi, lekin holatini birovga bildirmas, aksincha uning yaxshi amallari, zikr majlisi, mehmondorchiligi sababidan uyimiz barakaga to‘lib ketardi.
Mavlid oyi arafasida jonliq so‘yib, pullarini jamg‘arib qo‘yar, bu oy kirishi bilan bir jarchi qishloq chor atrofida baland ovozda: «Kim yegulikka, kiyim-kechikka ehtiyoji bo‘lsa shayx Mustafoning uyiga borsin!» deb aylanib chiqardi. Qishloqdagi yosh bolalar uning ortidan quvonch bilan chopqillashardi".
Shayx Mustafoning hovlisi bog‘-rog‘lari bor, bezatilgan baland qasr emas, balki loydan qurilgan qishloqdagi oddiy uylardan edi. Chunki bu uy egasi topganini tuproqqa sarflashning o‘rniga to‘g‘ri Alloh taolo yo‘lida ishlatib, foydasi aniq bo‘lgan tijoratni afzal ko‘rar edi.
Kechki payt shayx Mustafoning hovlisida chiroqlar ilinib, odamlar to‘planishib zikr, salavot, madhlar aytilardi.
So‘ngra taom tortilib, boy-kambag‘allar birga xursandchilik qilishardi. Unda barakani ko‘rardingiz. Faqir qalbidan ehson sohibi haqiga Allohdan kengchilik so‘rab duo qilar, sohibi ehson esa, Alloh taologa yaqinlashishiga sabab bo‘ladigan shunday ishga muvaffaq qilgani va buni yanada ziyoda qilishini, hayoti davomida yaxshilikda bardavom etishini so‘rab duo qilardi.
Bu xayrli odat boshqa hamqishloqlarimiz xonadonida ham davom etardi.
Muhammad Xolid Sobitning
«Tarixul ihtifol bi mavlidin Nabiy sollallohu alayhi vasallam» kitobidan
Muhammad Zarif Muhammad Olim tayyorladi.
Alloh taolo aytadi: «Ular ehson qilganlarida isrof ham, xasislik ham qilmaslar (tutgan yo‘llari) buning o‘rtasida – mo‘tadildir»[1].
O‘zingizdan boyroq bo‘lganlar bilan tenglashishga urinmang. Aks holda bo‘yningizgacha qarzga botib, malomatga qolasiz.
O‘zingizga, oila a’zolaringizga, shuningdek, qo‘li yupin kishilarga nisbatan ziqnalik qilmang.
Ziqna odam uchun ta’magir bo‘lmasdan yashayotganining o‘zi katta gap. Alloh taolo aytadi: «(Baxillik qilib) qo‘lingizni bo‘yningizga bog‘lab ham olmang. (Isrofgarchilik qilish bilan) uni butunlay yoyib ham yubormang. Aks holda malomat va mahrumlikda o‘tirib qolursiz»[2].
Men juda katta maosh oladigan, biroq oy tugamasidanoq oyligidan bir chaqa ham qolmaydigan kishilarni bilaman. “Ular shuncha pulni, mol-dunyoni qayerga sarflashyapti ekan”, deb hayron qolaman. Alloh taolo aytadi: «...va mutlaqo yo‘l qo‘ymang! Chunki isrofgarlar shaytonlarning do‘stlaridir. Shayton esa, Parvardigoriga nisbatan o‘ta noshukr edi»[3].
Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu: “Ancha kunga yetadigan ro‘zg‘orlikni bir kunda ishlatib yuboradigan oilaga achchig‘im keladi”, deganlar.
Muoviya roziyallohu anhu: “Zoye bo‘lgan, birovning haqqi o‘tib ketgan narsani “isrof” deb hisoblayman”, deganlar.
Sarf-xarajatda isrofgarchilikka yo‘l qo‘yadiganlar, ziqnalik qiluvchilar dunyoda har kuni qanchadan-qancha musulmon ochlikdan o‘layotganini nahot bilishmasa?!
Kimdir e’tiroz bildirib: “Ular bizdan uzoqda-da” desa, “Axir ular bizning Islomdagi birodarlarimiz, din qardoshlarimiz-ku!” – deymiz. Biz erta qiyomat kunida ular borasida ham so‘roq qilinmaymizmi? Qolaversa, oramizda ro‘zg‘origa ora-sirada go‘sht kiradiganlar bor. Gohida shu ozgina go‘shtni olishga ham imkon topa olmay, oylab go‘sht yemaydilar.
Bir jamoa odamlar Qays ibn Uboda roziyallohu anhuning oldilariga ozroq yegulik so‘rab kelishdi. U zot bog‘larida to‘kilgan mevalarni terib, yaxshisini chirigidan ajratib saralayotgan edilar. Ular Qays roziyallohu anhuga nima uchun kelishganini aytishdi. Sahobiy ularga so‘raganlarini berdilar. Kelgan jamoa bir-birlariga ajablanib qarab: “Nochor hayot kechirayotgan bo‘lsangiz, yana qizg‘anmay infoq qilishingiz qiziq bo‘ldi-ku”, deyishdi. U zot: “Sizlarga ehson qilish uchungina shunday yashayman”, dedilar (ya’ni, sahobiy roziyallohu anhu men iqtisod qilaman va isrof qilmaganim holda, siz kabi muhtojlarga yordam berishga ham ortinaman demoqchi bo‘ldilar).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Chiqimda iqtisod qilish tirikchilikning yarmidir. Odamlarga muhabbatli bo‘lish aqlning yarmidir. Chiroyli savol berish esa yarim ilmdir”, [4] dedilar.
Ulug‘lardan biri aytadi: “Kim farzandiga iqtisod qilib yashashni o‘rgatsa, unga ko‘p meros qoldirishdan ham ko‘proq yaxshilik qilibdi”.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Furqon surasi, 67-oyat.
[2] Isro surasi, 29-oyat.
[3] Isro surasi, 26–27-oyatlar.
[4] Imom Tabaroniy rivoyati.