Dinimizdagi eng muhim, shu bilan birga, eng engil amallardan biri niyat. U tufayli oddiy kundalik ishlar ham savobga aylanadi. O'zbekiston musulmonlari idorasining Namangan viloyatidagi vakili, viloyat bosh imom-xatibi Musoxon ABBOSIDDINOV bilan shu mavzuda suhbatlashdik.
– Assalomu alaykum, muhtaram qozi domla! Avvalo, mas'uliyatli vazifaga tayinlanganingiz bilan qutlab, Allohdan muvaffaqiyat tilaymiz. Bugun jamiyatimizda qator yutuqlar bilan birga ma'naviy illatlar ham oz emas. Odamlarning intilishlariga nazar solsak, aksar hollarda moddiyat ortiga tushib, mayda niyatlar bilan o'ralashib qolganlariga guvoh bo'lamiz...
– Va alaykum assalom va rahmatulloh. Tashakkur. Niyat esa qalb amalidir. Shunday ekan, unga keraklicha e'tibor qaratish, qalbdan ulug' niyatlar qilib, uni tilda ham zikr etish zarur. Alloh taolo marhamat qilgan: “Men jinlar va insonlarni faqat O'zimga ibodat qilishlari uchungina yaratdim” (Zoriyot surasi, 56-oyat). Yana bir oyati karimada faqat ezgu ishlarga chorlab, bunday deydi: “Bas, kimki Parvardigori bilan muloqotda bo'lishdan umidvor bo'lsa, u holda ezgu amal qilsin va Parvardigoriga ibodat qilishda hech kimni (Unga) sherik qilmasin” (Kahf surasi, 110-oyat).
Darhaqiqat, biz qiladigan amallarimiz uchun niyatimizga ko'ra ajr-savobga erishamiz. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday marhamat qilganlar: “Amallar faqat niyatlarga ko'radir. Albatta, har bir kishiga niyat qilgan narsasi bo'ladi” (Muttafaqun alayh).
Imom Ahmad ibn Hanbal ushbu hadis haqida: “Ilmning uchdan biri – shu hadisda”, desa, Imom Shofe'iy: “Ilmning yarmi – shu hadisda”, degan. Imom Abu Dovud esa: “Bu – Islomning madori bo'lgan hadislardan”, deydi. Ushbu hadisga ko'ra, har bir katta yoki kichik ishni yaxshi niyat bilan bajarsak, savob olamiz. Masalan, eyish, ichish kabi muboh amallar ibodat va kasbu korga quvvat bo'lish niyatida bajarilsa, ibodatga aylanib, evaziga ajr olinadi. Ammo faqat qornini to'ydirish uchun eb-ichilsa, savob bo'lmaydi.
– Kishi rizq axtarib ko'chaga chiqishdan oldin: “Alloh taolo ahli oilam nafaqasini zimmamga farz qilgan, shuni ado etish uchun O'zidan yordam so'rab, ishga chiqyapman. Agar Alloh taolo muvaffaq qilsa, oilam oldidagi shariat yuklagan vazifani bajaraman, ortganini muhtojlarga ehson qilaman”, deb yaxshi niyat qilsa, har bir qadami va olgan har bir nafasi ibodatga aylanar ekan...
– Payg'ambar sollallohu alayhi va sallam banda ham bir amalida maqsadiga ko'ra savob olishini aytganlar. Deylik, bir kishi hatto masjidda o'tirgan bo'lsa ham, maqsadi namozni kutish bo'lsa, shuning uchun ham savob oladi. Dam olish niyatida o'tirsa, dam olishi mumkin, lekin savob olmaydi. Yana uyquga yotish oldidan “uxlab tetiklashib olsam, Allohga yanada ko'proq ibodat qilaman”, deb niyat qilsa, uning uyqusi ham ibodatga, savobli amalga aylanadi.
Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday deganlar: “Kim tunda turib namoz o'qishni niyat qilib, to'shagiga yotsa, ammo uyqu zo'rlik qilib bomdodda uyg'onsa, u kishiga niyat qilgan amalining savobi yoziladi va uyqusi unga Alloh taoloning sadaqasi hisoblanadi” (Imom Nasoiy rivoyati).
– Niyatlarga ko'ra savoblar ham qat-qat bo'lishi mumkinmi?
– Mumkin. Masalan, ilm o'rganishdan maqsad “talabi ilm – farz” degan niyatda bo'lsa, unga alohida savob bo'ladi. Tolibi ilm kelajakda shu ilm orqali o'zi va o'zgalarga manfaat etkazishni niyat qilgan bo'lsa, unga ham savob oladi. Hayvonlarni boqishda “dinimiz hayvonlarga mehribonlik ko'rsatishga buyurgan” degan niyat bo'lsa, savob. Chorva boqish orqali pul topib, oila ta'minotini niyat qilsa, unga alohida savob. Bu qoida inson hayotidagi har bir narsaga nisbatan qo'llanaveradi. “Islom – oson din” deyilishining ma'nosi ham shu. Islomda odat va zarurat hisoblangan narsalarni ham ibodatga aylantirish juda oson. Birgina niyatni tuzatish bilan barcha amallar savobga aylanishi mumkin.
Imom Ja'far ibn Hayyon rahmatullohi alayh bunday degan: “Niyat – amallarning boshqaruvchisidir. Agar niyat to'g'ri bo'lsa, amal ham to'g'ri va savobli bo'ladi. Agar niyat buzuq bo'lsa, amal ham buzuq bo'ladi” (Imom Ahmad “Zuhd” kitobida keltirgan). Demak, musulmon inson shunchalar baxtliki, unga hayotining har damini, har bir amalini oxiratiga zaxira qila olishiga imkon berilgan. Musulmonning ibodatga aylanmaydigan amali yo'q, uning shaxsiy, oilaviy, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy va boshqa barcha amallari ixlosi, yaxshi niyati bilan ibodatga aylanishi mumkin.
– Solim ibn Abdulloh rahmatullohi alayhning Umar ibn Abdulaziz rahmatullohi alayhga yo'llagan maktubida bunday satrlar bor ekan: “Allohning bandaga yordami, albatta, uning niyatiga qarab bo'ladi. Kimning niyati xolis, mukammal bo'lsa, unga Allohning yordami to'la-to'kis bo'ladi. Ilohiy yordamning noqis bo'lishi bashariy niyatning nuqsonli ekanidandir”.
– Donishmandlar, Alloh taolodan qo'rqqan inson nafsini har kuni nazorat qilib, xuddi tijoratdagi sherigi bilan hisob-kitob qilganidek, u bilan hisoblashadi, deyishgan. Kunlik rejadagi ishlarning kutilganidan kam yo ziyoda bo'lishi ham niyatlarga bog'lanadi. Alloh taolo: “(Qasamyod etaman), haqiqatan, uni (nafsni) poklagan kishi najot topur”, deydi (Shams surasi, 9-oyat). Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinishicha, Payg'ambar alayhissalom ushbu mazmunli oyatni tilovat qilganlaridan so'ng Alloh taologa bunday duo qilar ekanlar: “Yo Alloh, nafsimga taqvo ato et, O'zing uning Hojasisan va eng yaxshi Poklaguvchisan”.
Gunohlardan saqlanib, yaxshilik qiluvchilarga jannat va'da qilingan. Unga erishish yo'li esa oson kechmaydi. Qur'oni karimda: “Alloh taqvoli bo'lganlar va ezgu ish qiluvchilar bilan (hamisha) birgadir” (Nahl surasi, 128-oyat), deyilgan. Shu bois mo'min kishi dunyoga mukkasidan ketmaydi. Aqidasini sof va mustahkam, niyatini to'g'ri qiladi. Qo'li va tili bilan boshqalarga zarar etkazmaydi. Ibodatlarda g'ayratli bo'ladi.
Qur'oni karimda taqvodorlar uchun tayyorlangan kengligi osmonu erga teng jannatga shoshilishga buyurilgan. Mufassirlar jannatga shoshilish bu ibodatlarni vaqtida ado etish, jamoatni tark etmaslik, tavba va ixlosda davomli bo'lish kabi amallardir (“Nasafiy tafsiri”, 1-jild, 182-bet), deydi. Bunda esa eng oson va birinchi qadam – ixlos ila yaxshi niyat qilishdir.
– Vakillik faoliyatiga ham to'xtalsangiz. Diniy idora nashrlariga obunani tashkil etishda Namangan viloyati vakilligingiz doimo ildamlikni qo'ldan bermay keladi.
– Rahbariyat tashabbusi bilan viloyat vakilligining tashkiliy tuzilmasi qaytadan ko'rib chiqildi. Oldimizga masjidlarni obod qilish, xodimlarimizning o'z ustida muntazam ishlashlarini ta'minlash, xalqimizning diniy-ma'rifiy bilimlarini boyitish yo'lida ulkan vazifalar qo'yilgan. Bu yo'lda 192 ta masjidda oliy va o'rta maxsus diniy ta'lim muassasalarini bitirgan malakali mutaxassislar xizmat qilmoqda.
Obunani tashkil etish birinchi galda shu soha xodimlarining tushunchalari bilan bog'liq deb o'ylayman. Chunki “Hidoyat”, “Mo'minalar” jurnallari, “Islom nuri” gazetasi ma'no-mazmuni jihatidan amri ma'ruf va nahyi munkardir. Imom-xatiblar har bir xonadonga kirib borolmasligi mumkin. Lekin nashrlar kirib boradi. Demak, diniy ta'limotimiz, mav'izalarimiz xalqimizga ular orqali etkaziladi. Shularni e'tiborga olgan holda nashrlar vakillikka etib kelgan kunning o'zidayoq masjidlar orqali obunachilarga etkazish yo'lga qo'yilgan. Kunlik namozlardan keyin ham nashrlardan o'qib berilib, namozxonlarning qiziqishlari oshirib boriladi. Zero, diniy-ma'rifiy nashrlar targ'iboti imomlarimizning muhim vazifalaridan biridir.
– Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur. .
Abdulatif ABDULLAYeV
suhbatlashdi.
O‘zbekiston elchisi Nodirjon Turg‘unov (qarorgohi Ar-Riyoz shahrida joylashgan) Bahrayn adliya, islom ishlari va vaqf vaziri Navvof bin Muhammad al-Muovida bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Vazir muloqot avvalida O‘zbekiston zaminidan yetishib chiqqan olimlarning Islom tamadduniga hissa qo‘shgan hissasini, mamlakat tomonidan diniy-ma’rifiy sohaga qaratilayotgan e’tibor, yosh kelajak avlod uchun yaratilayotgan imkoniyatlar tahsinga sazovor ekanini ta’kidladi. Uning aytishicha, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, al-Xorazmiy, Farobiy, Zamaxshariy kabi Islom olamida yuksak obro‘-e’tibor topgan olimlarning merosi dunyo musulmonlarining umumiy boyligidir.
– So‘nggi yillarda O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar nafaqat o‘zbek xalqi, balki butun Islom ummatiga xizmat qilmoqda. Bahrayn Islom merosini o‘rganish bo‘yicha o‘zbek tomoni bilan yaqindan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va ilmiy izlanishlarni birgalikda amalga oshirishga tayyor", – dedi adliya, islom ishlari va vaqf vaziri Navvof bin Muhammad al-Muovida.
Muloqot chog‘ida Toshkent shahrida barpo etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ochilish marosimida Bahrayn delegatsiyani ishtirokini ta’minlash, O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Islom sivilizatsiyasi markazi bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, ikki mamlakat ilmiy markazlar o‘rtasida aloqalarni rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar O‘zbekiston va Bahrayn o‘rtasida adliya, Islom ishlari va vaqf sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, birgalikda ilmiy-amaliy ishlarni tashkil etish maqsadida mas’ul xodim tayinlash taklifini qo‘llab-quvvatladilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati