Sayt test holatida ishlamoqda!
21 Iyul, 2025   |   26 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:30
Quyosh
05:08
Peshin
12:34
Asr
17:38
Shom
19:55
Xufton
21:25
Bismillah
21 Iyul, 2025, 26 Muharram, 1447

Niyat najot kalitidir

06.03.2024   814   13 min.
Niyat najot kalitidir

Dinimizdagi eng muhim, shu bilan birga, eng engil amallardan biri niyat. U tufayli oddiy kundalik ishlar ham savobga aylanadi. O'zbekiston musulmonlari idorasining Namangan viloyatidagi vakili, viloyat bosh imom-xatibi Musoxon ABBOSIDDINOV bilan shu mavzuda suhbatlashdik. 

– Assalomu alaykum, muhtaram qozi domla! Avvalo, mas'uliyatli vazifaga tayinlanganingiz bilan qutlab, Allohdan muvaffaqiyat tilaymiz. Bu­gun jamiyatimizda qator yutuqlar bilan birga ma'naviy illatlar ham oz emas. Odamlarning intilishlariga nazar solsak, aksar hollarda moddiyat ortiga tushib, mayda niyatlar bilan o'ralashib qolganlariga guvoh bo'lamiz...

– Va alaykum assalom va rahmatulloh. Tashakkur. Niyat esa qalb amalidir. Shunday ekan, unga keraklicha e'tibor qaratish, qalbdan ulug' niyatlar qilib, uni tilda ham zikr etish zarur. Alloh taolo marhamat qilgan: “Men jinlar va insonlarni faqat O'zimga ibodat qilishlari uchungina yaratdim” (Zoriyot surasi, 56-oyat). Yana bir oyati karimada faqat ezgu ishlarga chorlab, bunday deydi: “Bas, kimki Parvardigori bilan muloqotda bo'lishdan umidvor bo'lsa, u holda ezgu amal qilsin va Parvardigoriga ibodat qilishda hech kimni (Unga) sherik qilmasin” (Kahf surasi, 110-oyat). 

Darhaqiqat, biz qiladigan amallarimiz uchun niyatimizga ko'ra ajr-savobga erishamiz. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday marhamat qilganlar: “Amallar faqat niyatlarga ko'radir. Albatta, har bir kishiga niyat qilgan narsasi bo'ladi” (Muttafaqun alayh). 

Imom Ahmad ibn Hanbal ushbu hadis haqida: “Ilmning uchdan biri – shu hadisda”desa, Imom Shofe'iy: “Ilmning yarmi  shu hadisda”, degan. Imom Abu Dovud esa: “Bu – Islomning madori bo'lgan hadislardan”, deydi. Ushbu hadisga ko'ra, har bir katta yoki kichik ishni yaxshi niyat bilan bajarsak, savob olamiz. Masalan, eyish, ichish kabi muboh amallar ibodat va kasbu korga quvvat bo'lish niyatida bajarilsa, ibodatga aylanib, evaziga ajr olinadi. Ammo faqat qornini to'ydirish uchun eb-ichilsa, savob bo'lmaydi.

– Kishi rizq axtarib ko'chaga chiqish­dan oldin: “Alloh taolo ahli oilam na­faqasini zimmamga farz qilgan, shuni ado etish uchun O'zidan yordam so'rab, ishga chiqyapman. Agar Alloh tao­lo muvaffaq qilsa, oilam oldidagi shariat yuklagan vazifani bajara­man, ortganini muhtojlarga eh­son qilaman”, deb yaxshi niyat qilsa, har bir qadami va olgan har bir nafasi ibodatga aylanar ekan...

– Payg'ambar sollallohu alayhi va sallam banda ham bir amalida maqsadiga ko'ra savob olishini aytganlar. Deylik, bir kishi hatto masjidda o'tirgan bo'lsa ham, maqsadi namozni kutish bo'lsa, shuning uchun ham savob oladi. Dam olish niyatida o'tirsa, dam olishi mumkin, lekin savob olmaydi. Yana uyquga yotish oldidan “uxlab tetiklashib olsam, Allohga yanada ko'proq ibodat qilaman”, deb niyat qilsa, uning uyqusi ham ibodatga, savobli amalga aylanadi.

Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday deganlar: “Kim tunda turib namoz o'qishni niyat qilib, to'shagiga yotsa, ammo uyqu zo'rlik qilib bomdodda uyg'onsa, u kishiga niyat qilgan amalining savobi yoziladi va uyqusi unga Alloh taoloning sadaqasi hisoblanadi” (Imom Nasoiy rivoyati). 

– Niyatlarga ko'ra savoblar ham qat-qat bo'lishi mumkinmi?

– Mumkin. Masalan, ilm o'rganishdan maqsad talabi ilm – farz degan niyatda bo'lsa, unga alohida savob bo'ladi. Tolibi ilm kelajakda shu ilm orqali o'zi va o'zgalarga manfaat etkazishni niyat qilgan bo'lsa, unga ham savob oladi. Hayvonlar­ni boqishda “dinimiz hayvonlarga meh­ribonlik ko'rsatishga buyurgan” degan niyat bo'lsa, savob. Chorva boqish orqali pul topib, oila ta'minotini niyat qilsa, unga alohida savob. Bu qoida inson hayotidagi har bir narsaga nisbatan qo'llanaveradi. “Islom – oson din” deyilishining ma'nosi ham shu. Islomda odat va zarurat hisoblangan narsalarni ham ibodatga aylantirish juda oson. Birgina niyatni tuzatish bilan barcha amallar savobga aylanishi mumkin.

Imom Ja'far ibn Hayyon rahmatullohi alayh bunday degan: “Niyat – amallarning boshqaruvchisidir. Agar niyat to'g'ri bo'lsa, amal ham to'g'ri va savobli bo'ladi. Agar niyat buzuq bo'lsa, amal ham buzuq bo'ladi” (Imom Ahmad “Zuhd” kitobida keltirgan). Demak, musulmon inson shunchalar baxtliki, unga hayotining har damini, har bir amalini oxiratiga zaxira qila olishiga imkon berilgan. Musulmonning ibodatga aylanmaydigan amali yo'q, uning shaxsiy, oilaviy, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy va boshqa barcha amallari ixlosi, yaxshi niyati bilan ibodatga aylanishi mumkin.

 Solim ibn Abdulloh rahmatullohi alayhning Umar ibn Abdulaziz rahma­tullohi alayhga yo'llagan maktubida bunday satrlar bor ekan: “Allohning bandaga yordami, albatta, uning niyatiga qarab bo'ladi. Kimning niyati xolis, mukammal bo'lsa, unga Allohning yordami to'la-to'­kis bo'ladi. Ilohiy yordamning noqis bo'lishi bashariy niyatning nuqsonli ekanidandir”.

– Donishmandlar, Alloh taolodan qo'rqqan inson nafsini har kuni nazorat qilib, xuddi tijoratdagi sherigi bilan hisob-kitob qilganidek, u bilan hisoblashadi, deyishgan. Kunlik rejadagi ishlarning kutilganidan kam yo ziyoda bo'lishi ham niyatlarga bog'lanadi. Alloh taolo: (Qasamyod etaman), haqiqatan, uni (nafsni) poklagan kishi najot topur”, deydi (Shams surasi, 9-oyat). Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinishicha, Payg'ambar alayhissalom ushbu mazmunli oyatni tilovat qilganlaridan so'ng Alloh taologa bunday duo qilar ekanlar: “Yo Alloh, nafsimga taqvo ato et, O'zing uning Hojasisan va eng yaxshi Poklaguvchisan”. 

Gunohlardan saqlanib, yaxshilik qiluvchilarga jannat va'da qilingan. Unga erishish yo'li esa oson kechmaydi. Qur'oni karimda: “Alloh taqvoli bo'lganlar va ezgu ish qiluvchilar bilan (hamisha) birgadir” (Nahl surasi, 128-oyat), deyilgan. Shu bois mo'min kishi dunyoga mukkasidan ketmaydi. Aqidasini sof va mustahkam, niyatini to'g'ri qiladi. Qo'li va tili bilan boshqalarga zarar etkazmaydi. Ibodatlarda g'ayratli bo'ladi.

Qur'oni karimda taqvodorlar uchun tayyorlangan kengligi osmonu erga teng jannatga shoshilishga buyurilgan. Mufassirlar jannatga shoshilish bu ibodatlarni vaqtida ado etish, jamoatni tark etmaslik, tavba va ixlosda davomli bo'lish kabi amallardir (“Nasafiy tafsiri”, 1-jild, 182-bet), deydi. Bunda esa eng oson va birinchi qadam – ixlos ila yaxshi niyat qilishdir.

 Vakillik faoliyatiga ham to'x­talsangiz. Diniy idora nashrlariga obunani tashkil etishda Namangan viloyati vakilligingiz doimo ildamlikni qo'ldan bermay keladi.

– Rahbariyat tashabbusi bilan viloyat vakilligining tashkiliy tuzilmasi qaytadan ko'rib chiqildi. Ol­dimizga masjidlarni obod qilish, xodimlarimizning o'z ustida muntazam ishlashlarini ta'minlash, xalqimizning diniy-ma'rifiy bilimlarini boyitish yo'lida ulkan vazifalar qo'yilgan. Bu yo'lda 192 ta masjidda oliy va o'rta maxsus diniy ta'lim muassasalarini bitirgan malakali mutaxassislar xizmat qilmoqda.

Obunani tashkil etish birin­chi galda shu so­ha xodimlarining tushunchalari bilan bog'liq deb o'ylayman. Chunki “Hidoyat”, “Mo'­minalar” jurnallari, “Islom nuri” gazetasi ma'no-mazmuni jihatidan amri ma'ruf va nahyi munkardir. Imom-xatiblar har bir xonadonga kirib borolmasligi mumkin. Lekin nashrlar kirib boradi. Demak, diniy ta'­limotimiz, mav'izalarimiz xalqimizga ular orqali etkaziladi. Shularni e'tiborga olgan holda nashrlar vakillikka etib kelgan kunning o'zidayoq masjidlar orqali obunachilarga etkazish yo'lga qo'yilgan. Kunlik namozlardan keyin ham nashrlardan o'qib berilib, namozxonlarning qiziqishlari oshirib boriladi. Zero, diniy-ma'rifiy nashrlar targ'iboti imomlarimizning mu­him vazifalaridan biridir.

 Mazmunli suhbatingiz uchun ta­shakkur. .

Abdulatif ABDULLAYeV

suhbatlashdi.

 

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Maktub

14.07.2025   4478   3 min.
Maktub

Bir ota uzoq shaharga safar qildi. Ayoli va uch farzandi esa vatanda qolishdi. Bolalari uni juda yaxshi ko‘rishar va hurmat qilishar edi.

Otalari ularga birinchi maktubni yubordi. Lekin ular uni o‘qish uchun ochmadilar, balki har birlari maktubni peshonalariga surtib: “Bu buyuk habibimizdandir”, dedilar. Ushbu xatning ko‘rinishiga nazar qilib, uni chiroyli qutiga solib qo‘yishdi. Bolalar boshqa paytlarda maktubning changini artish uchun olishar va yana joyiga qo‘yib qo‘yishardi. Otalari oilasiga yuborgan hamma xatlarni shunday qilishdi.

Yillar o‘tdi. Ota uyga qaytdi. Lekin ulardan birgina farzand qolgandi. Ota undan so‘radi:

– Onang qayerda?

O‘g‘il dedi:

– Ular qattiq kasal bo‘ldilar. Bizda onamni davolash uchun mablag‘ topilmadi va vafot etdilar.

Ota dedi:

– Birinchi maktubimni ochmadingizmi?! Men sizlarga katta mablag‘ yuborgan edim-ku!

O‘g‘il dedi:

– Yo‘q!

Ota yana so‘radi:

– Ukang qayerda?

O‘g‘il dedi:

– Siz uning ba’zi o‘rtoqlarini tanirdingiz. Onamning o‘limidan keyin unga nasihat qiladigan va uni to‘g‘ri yo‘lga soladigan kimsa topilmadi. U do‘stlari bilan ketdi.

Ota hayratlanib dedi:

– Nima uchun?! Yomon o‘rtoqlarini tark qilib, mening oldimga kelishini yozgan maktubimni o‘qimadingizmi?

O‘g‘il javoban:

– Yo‘q, – dedi.

Ota dedi:

– La havla va la quvvata illa billah. Opang qayerda?

O‘g‘il dedi:

– Turmushga chiqish uchun maslahat so‘ragan haligi yigit bilan nikohlandi va u hozir baxtsiz yashayapti.

Ota darg‘azab bo‘lib dedi:

– Sizlarga bu yigitning obro‘si, xulqi yomonligi va bu to‘yga noroziligim haqida yozgan xatimni o‘qimadingizmi?

O‘g‘il dedi:

– Yo‘q! Biz xatlaringizni bir chiroyli qutida saqladik. Doim uni ziynatladik, peshonamizga surtdik, lekin o‘qimadik.

 

Bu oilaning ahvoli, uning birligi qanday tarqalib ketgani, otaning maktubini o‘qimay, undan manfaat olmay, balki uni muqaddaslab, unda yozilganlarga amal qilmay, hayotlarini qiyinlashtirganliklari haqida tafakkur qildim. So‘ng stol ustidagi chiroyli qutiga solib qo‘yilgan Qur’oni Karimga nazar soldim... Sho‘rim qurisin!

Albatta, men Allohning Maktubiga anavi bolalar otalarining xatlariga muomala qilganlari kabi munosabatda bo‘lyapman. Men Mus'hafni stolim ustiga qo‘yganman-u, lekin uni o‘qimayman, undagi narsalardan foydalanmayman ham. Axir, u butun hayotimning dasturi-ku!

Robbimga istig‘for aytdim. Mus'hafni ochdim va hech qachon uni tark etmaslikka qaror qildim. 

Arab tilidan Ziyoda Mirahmatova tarjimasi
Ibratli hikoyalar