Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
«Rahmonning bandalari qanday bo‘ladi?» degan savolga Furqon surasi so‘ngida javob bor:
1. Ular yerda tavozu ila yuradilar.
2. Johillar gapirganda, ular bilan tortishmasdan, “omon bo‘linglar”, deb javob qaytaradilar.
3. Tunlarni Rabbilariga sajda qilib bedor o‘tkazadilar.
4. “Rabbano, O‘zing bizni jahannamdan saqla, u juda yomon joy”, deb iltijo qiladilar.
5. Infoq qilganlarida isrof ham, xasislik ham qilmaydilar, o‘rtacha bo‘ladilar.
6. Allohdan boshqa birortaga iltijo qilmaydilar.
7. Biror jonni nohaq o‘ldirmaydilar.
8. Zino qilmaydilar. Zino qilsa, qiyomat kuni azobi bir necha barobar ko‘paytirilib, do‘zaxda xor bo‘lib, abadiy azobda qolishdan qo‘rqadilar.
9. «Ammo kim tavba qilsa, iymon keltirib, solih amal qilsa, Alloh ana o‘shalarning yomonliklarini yaxshiliklarga almashtiradi. Alloh mag‘firatli, rahmli Zotdir. Kim tavba qilib, solih amal qilsa, Allohga (U zotning mag‘firatiga) qaytgan bo‘ladi», degan oyatlarini o‘qib, chin tavba qiladilar, yomonliklardan tiyiladilar, yaxshi amallar qiladilar, hech qachon noumid bo‘lmaydilar.
10. Ular yolg‘on guvohlik bermaydilar.
11. Behuda narsalar oldidan o‘tsalar, hurmatlarini saqlagan holda o‘tadilar.
12. Rabbilarining oyatlarini eshitganda, gung va karlarga o‘xshab turmaydilar.
13. Rahmonning bandalari “Rabbano, O‘zing bizga jufti halollarimizdan va zurriyotlarimizdan ko‘zimiz quvonadigan narsalarni hadya et, bizni taqvodorlarga yo‘lboshchi qil”, deb duo qiladilar.
Abdug‘ofur Iskandar
Cafarga chiquvchilarning haqqiga duo qilish Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridan sanaladi. U zot alayhissalom:
أَسْتَوْدِعُ اللهَ دِيْنَكَ وَأَمَانَتَكَ وَخَوَاتِيمَ عَمَلِكَ
“Astavdi’ulloha diynaka va amaanataka va xavotiyma amalika”, deb sahobalarni safarga kuzatar edilar.
Ma’nosi: “Diningizni, omonatingizni va amallaringiz xotimasini Allohga topshiraman”.
Hojilarni kuzatishda quyidagi duolarni qilish tavsiya etiladi:
1. Allohim, hojilarning safarlarini oson qilgin. Ularni Senga topshirdik.
2. Allohim, hojilarni safarlari davomida har qanday balo va yomonliklardan asragin hamda oilalari bag‘riga sog‘-salomat qaytargin.
3. Allohim, hojilarning duo, ibodatlarini va qalblaridagi barcha shar’iy niyat hamda maqsadlarini ijobat etgin. Gunohlarini mag‘firat, tavbalarini qabul qilgin.
4. Allohim, hojilarning ibodatlarini O‘zing uchun xolis qilingan amallar qatorida qabul aylagin.
Allohning farz ibodatini ado etishga otlangan muhtaram yurtdoshim Alloh taolo yurtimiz, xalqimiz haqqiga qiladigan barcha duolaringizni qabul etsin. Duolaringizda bizni ham unutmang!
Hajingiz mabrur, sa’yingiz mashkur va gunohlaringiz mag‘fur bo‘lsin!
Davron NURMUHAMMAD