Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Buzuqlikning zarari qahatchilik va ocharchilik shaklida zohir bo‘ladi. Yomg‘ir yog‘masligi, suvning ozayishi, ekinga zarar yetishi, qimmatchilik, hosilning kam bo‘lishi — bu ofatlarning barchasi zino sababidandir. Hadisi sharifda bunday deyiladi:
مَا مِنْ قَوْمٍ يَظْهَرُ فِيهِمُ الزِّنَا إِلَّا أُخِذُوا بِالسَّنَةِ
«Qaysi qavmda zino keng tarqalsa, ular qahatchilikka mubtalo qilib qo‘yiladi» («Mishkoti sharif»).
Zinoning ofati faqat zinokorning o‘ziga urmaydi. Uning zarari ijtimoiydir. Zinokorlik ko‘paygan sari qahatchilikning ko‘lami va shiddati ham ortaveradi. Alloh saqlasin!
Duolar qabul bo‘lmay qoladi.
Zino shu darajada og‘ir gunohki, zinokorning duosi qabul bo‘lmaydi.
Hazrati Usmon ibn Abul Os roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
تُفتَحُ أَبْوَابُ السَّمَاءِ نِصْفَ اللَّيْلِ فَيُنَادِي مُنَادٍ: هَلْ مِنْ دَاعٍ فَيُسْتَجَابَ لَهُ هَلْ مِنْ سَائِلٍس فَيُعْطَى هَلْ مِنْ مَكْرُوبٍ فَيُفَرَّجَ فَلَا يَبْقَى مُسْلِمٌ يَدْعُو بِدَعْوَةٍ إِلَّا اسْتَجَابَ اللهُ عَزَّوَجَلَّ لَهُ إِلَّا زَانِيَةً.
«Kechaning yarmida osmon eshiklari ochiladi. Shunda bir nido qiluvchi: «Biror duo qiluvchi bormi? Uning duosi qabul qilinadi. Biror so‘rovchi bormi? Unga ato etiladi. G‘amga botgan bormi? Uning g‘ami ketkazib qo‘yiladi. Qay bir mo‘min-musulmon duo qilsa, Alloh unga ijobat etadi. Faqatgina zinokorning duosi qabul bo‘lmaydi» (Imom Tabaroniy rivoyati).
Demak, hadisi sharifning xabariga ko‘ra, zinokorning duosi qabul bo‘lmaydi.
Barakadan mahrum bo‘ladi.
Qur’oni karimda barakaga haqdorlar faqat iymon ahli va taqvo egalari ekani qaror qilinib, bunday deyilgan: «Agar shahar-qishloq ahli iymon keltirganlarida va taqvo qilganlarida edi, albatta, ularga osmonu yerdan barakotlarni ochib qo‘yar edik. Lekin ular yolg‘onga chiqardilar, bas, ularni kasb qilgan narsalari tufayli tutdik» (A’rof surasi, 96-oyat).
Hazrat Abdulmajid Daryoobodiy rahmatullohi alayh ushbu oyatning tafsirida bunday deydilar: «Bu oyatdan ko‘rinadiki, taqvodor mo‘minlarning hojatlari g‘oyibdan ravo qilib qo‘yiladi. «Osmonu Yerning barakoti»dan murod ishlarning oxiri e’tiboridan barakotli va foydali bo‘lgan barcha narsalardir. «Barakot darvozalarini ochib qo‘yish»dan murod har ishda osonlik paydo qilishdir» («Tafsiri Majidiy»).
Demak, yuqoridagi gaplardan ma’lum bo‘ladiki, gunohkorlar va buzuq kishilar barakadan mahrum qilib qo‘yilar ekan.
«Badnazarlik va zinodan saqlanish» kitobi
asosida tayyorlandi
Namangan viloyatida faoliyat yuritayotgan imom-noiblar uchun yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda taraqqiyotimizning yangi davrida diniy sohada juda katta islohotlar amalga oshirilayotgani, o‘z navbatida imomlik sharafli va mas’uliyatli vazifa ekani, mahallalarda fuqarolar bilan muntazam ishlashlik va yot g‘oyalar ta’siriga berilmaslik, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlar imkoniyatidan oqilona foydalanish, unda ayrim dinni niqob qilib olgan kimsalar tomonidan targ‘ib etilayotgan mazhabsizlik, radikalizm va boshqa ekstremistik g‘oyalardan o‘zimizni va farzandlarimizni himoyalash, oilalar mustahkamligini ta’minlash, bugungi kun imomi zamonga ziyraklik, teran fikr bilan qarashi, o‘zining ustida muntazam ishlashi va mo‘min-musulmonlarning ma’naviy-ma’rifiy sohada ehtiyojlarini qondirish uchun doimo izlanib, xizmat qilishlariga alohida o‘rg‘u berildi.
Uchrashuv mobaynida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita mas’ul xodimi Olimjon Jo‘rayev to‘g‘ri yo‘ldan adashganlar qismatini o‘z hayotiy misollari va yoshlarda yot g‘oyalarga qarshi immunitetini shakillantirishning muhim jihatlari haqida ta’sirli suhbat qilib berdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Namangan viloyati vakilligi Matbuot xizmati