Bugun, 23 aprel kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov Tayland shayxulislomi o‘rinbosari doktor Abdulloh Numsuk boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot avvalida Homidjon domla Ishmatbekov mehmonlarni tashrif bilan qutlab, O‘zbekiston va Tailand davlatlari aloqalari rivojlanib borayotgani, ikki davlat rahbarlarining munosabatlari o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish uchun zamin bo‘layotganini ta’kidladi.
Uchrashuv davomida martabali mehmonga O‘zbekiston musulmonlari idorasi tarixi, maqsad-vazifalari, asosiy faoliyat yo‘nalishlari, masjid-madrasalar faoliyati, diniy ta’lim va haj-umra tadbirlari to‘g‘risida so‘zlab berildi.
O‘z navbatida doktor Abdulloh Numsuk samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalar taraqqiy etayotgani va tomonlar samarali muloqotlar o‘tkazayotganini mamnuniyat bilan ta’kidladi. U O‘zbekiston zamini dunyo sivilizatsiyasi markazlaridan biri bo‘lgani, bu yurtdan yetishib chiqqan buyuk mutafakkirlar insoniyat taraqqiyotiga katta hissa qo‘shani, xususan, Imom Buxoriy, Imom Termiziy kabi allomalar butun musulmon olamiga mashhur ekanini e’tirof etdi.
Shuningdek, delegatsiya vakillari O‘zbekiston bilan ilm-fan, ta’lim-tarbiya, ilmiy-tadqiqot va ziyorat turizmi yo‘nalishlarida ko‘p qirrali hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanlarini bildirdi.
Muloqot asnosida Homidjon domla Ishmatbekov Tayland davlati Shayxulislomi o‘rinbosari Doktor Abdulloh Numsukni 2025 yilning sentyabr oyida Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy majmuasi ochilishi marosimlariga taklif etdi.
Tashrif davomida mehmonlar “Hazrati Usmon Mus'hafi”ni ziyorat qilib, yurtimizda olib borilayotgan tarixiy ishlarni yuqori baholadi.
Uchrashuv yakunida o‘zaro esdalik sovg‘alari almashdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
"Hidoyat" va "Mo‘minalar" jurnallari hamda "Islom nuri" gazetasi orqali xalqimizga ma’rifat ulashilmoqda. Ushbu nashrlarga eng ko‘p obuna tashkil qilgan xodimlar esa har yili taqdirlanadilar.
Bugun 12 may kuni Toshkent shahridagi "Shayx Zayniddin" jome masjidi majlislar zalida Toshkent shahar imom-xatiblari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov boshchiligida tashkil etilgan ushbu tadbir "Hidoyat" va "Mo‘minalar" jurnallari hamda "Islom nuri" gazetasiga faol obuna tashkil etgan imom-xatiblar taqdirlandilar va ularga esdalik sovg‘alari ulashildi.
Abu Mas’ud Ansoriy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Kim bir yaxshilikka dalolat qilsa, unga o‘sha yaxshilikni qilganning ajridek ajr beriladi", deya marhamat qilganlar. Darhaqiqat, yaqinlarga, do‘stlarga yaxshilik ulashish, ma’rifat tarqatishga dalolat qilish tahsinga sazovor ishdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati