O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi shtabida Qur’on zali ekspozitsiyasini tashkil etish bo‘yicha navbatdagi muhokama yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilayotgan ushbu Markazning eng muhim bo‘limlaridan biri – Qur’oni karim zali konsepsiyasini yanada mukammallashtirish, uning tarkibiy qismlarini boyitish va tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi. Qur’on karim zali uchun tanlangan eksponatlarni toifalarga ajratish, birinchi toifaga kiruvchi loyihalarning texnik topshiriqlarini tayyorlash, shuningdek, ayrim eksponatlarni ekspozitsiyaga kiritish yoki kiritmaslik masalalari atroflicha tahlil qilindi.
Shuningdek, yig‘ilish davomida Qur’on zali ekspozitsiyasida multimedia mahsulotlaridan foydalanish imkoniyatlari, interaktiv yondashuvlar orqali mehmonlarga Qur’on tarixini zamonaviy shaklda yetkazish imkoniyatlari ham muhokama qilindi. Mazkur ekspozitsiya O‘zbekistonning boy diniy-madaniy merosini keng jamoatchilikka tanitishda muhim qadam bo‘lishi kutilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joizki, Qur’on zalida O‘zbekistonga aloqador 114 ta noyob Qur’on qo‘lyozmasi jamlanadi. Ular orasida Hazrati Usmon Qur’oni, VIII asrga oid Katta Langar Qur’oni, hamda turli tarixiy sulolalar davrida yurtimizda yaratilgan yoki asrab kelinayotgan betakror nusxalar mavjud.
Kecha, 28 aprel kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ishtiroklarida “Haj – 2025” mavsumini yuqori darajada o‘tkazish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda haj delegatsiyasi vakillari, ishchi guruhi a’zolari, mingboshilar va shifokorlar jamoasi ishtirok etdi.
Majlis avvalida Muftiy hazratlari haj qiluvchi inson Haq taoloning mehmoni ekani, shu bois haj amalini bajarayotgan kishiga ko‘mak bergan, uning og‘irini yengil qilgan inson ulug‘ ajru savoblarga noil bo‘lishi haqida so‘zladilar. Shuningdek, har bir ishchi guruhi a’zosi ana shunday ulug‘ darajalarni maqsad qilib, Rahmonning mehmonlariga O‘zi rozi bo‘ladigan darajada sidqidildan xizmat qilishi lozimligini alohida qayd etdilar.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari yig‘ilish davomida muborak safarga qadar ziyoratchilar bilan muntazam suhbatlar tashkil etish va ularda hajning tartib-qoidalari, farz, vojib va sunnatlari, o‘ziga xos mashaqqatlarini tushuntirish va zikru duolar qilish va yurtdoshlarimizning barcha savollariga batafsil javob berish zarurligini ta’kidladilar. Shuningdek, muborak zaminlarda har bir daqiqani g‘animat bilish, toatu ibodat ila o‘tkazish masalalariga alohida e’tibor qilishga urg‘u qaratdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Obidjon Qodirov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Bobomurod Rustamov va Shifokorlar guruhi rahbari Alisher Saatov kabilar so‘zga chiqib, tashkiliy ishlar, tibbiy jihatlar, xat-hujjatlar, jamoaviy tartib-intizomga rioya etish, qonun-qoidalarga amal qilish, hojilar xavfsizlini ta’minlash va ogohlikga oid muhim tavsiyalarni berdilar.
Shuningdek, joriy mavsumda “Haj – 2025” ishchi guruhi va shifokorlar zimmasiga juda katta mas’uliyat yuklangani, shu bois har kim o‘z vazifasini vijdonan to‘la bajarishi zarurligi ta’kidlandi.
Tadbir yakunida Haq taolodan bu yilgi haj mavsumi muvaffaqiyatli o‘tishini so‘rab xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati