O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi shtabida Qur’on zali ekspozitsiyasini tashkil etish bo‘yicha navbatdagi muhokama yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilayotgan ushbu Markazning eng muhim bo‘limlaridan biri – Qur’oni karim zali konsepsiyasini yanada mukammallashtirish, uning tarkibiy qismlarini boyitish va tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi. Qur’on karim zali uchun tanlangan eksponatlarni toifalarga ajratish, birinchi toifaga kiruvchi loyihalarning texnik topshiriqlarini tayyorlash, shuningdek, ayrim eksponatlarni ekspozitsiyaga kiritish yoki kiritmaslik masalalari atroflicha tahlil qilindi.
Shuningdek, yig‘ilish davomida Qur’on zali ekspozitsiyasida multimedia mahsulotlaridan foydalanish imkoniyatlari, interaktiv yondashuvlar orqali mehmonlarga Qur’on tarixini zamonaviy shaklda yetkazish imkoniyatlari ham muhokama qilindi. Mazkur ekspozitsiya O‘zbekistonning boy diniy-madaniy merosini keng jamoatchilikka tanitishda muhim qadam bo‘lishi kutilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joizki, Qur’on zalida O‘zbekistonga aloqador 114 ta noyob Qur’on qo‘lyozmasi jamlanadi. Ular orasida Hazrati Usmon Qur’oni, VIII asrga oid Katta Langar Qur’oni, hamda turli tarixiy sulolalar davrida yurtimizda yaratilgan yoki asrab kelinayotgan betakror nusxalar mavjud.
Kuni kecha S.Mirziyoyeva hamda Musulmon donishmandlar kengashi bosh kotibi Muhammad Abdusalom o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. (https://t.me/SShMirziyoyeva/2834) O‘zbekiston Prezidenti yordamchisi islom dini asosida yotgan umuminsoniy va ma’naviy qadriyatlarni qo‘llab-quvvatlayotgani uchun mazkur xalqaro tashkilotga minnatdorlik bildirdi.
Shuningdek, Saida Mirziyoyeva har yili o‘tkaziladigan Shayx Zoid nomidagi «Insoniy birodarlik» mukofotining 2026 yilgi hakamlar hay’ati tarkibiga kiritilganidan benihoya mamnun ekanini izhor etdi.
«Faqat birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz bilan biz bu dunyoni yanada yaxshiroq qila olamiz», — deya ta’kidladi S.Mirziyoyeva.
Shayx Zoid nomidagi «Insoniy birodarlik» mukofoti — dunyo taraqqiyotiga katta hissa qo‘shayotgan, inson huquqlari, tinchlik va adolat uchun kurashayotgan shaxslarga beriladigan, xalqaro darajada eng yuqori baholanadigan yuksak e’tiroflardan biridir.
Ushbu mukofot 2019 yilda Rim papasi Fransisk va Al-Azhar universiteti bosh imomi Ahmad At-Toyib o‘rtasida Abu-Dabida bo‘lib o‘tgan tarixiy uchrashuv sharafiga ta’sis etilgan bo‘lib, ular birgalikda insoniy birodarlik haqidagi hujjatni imzolagan edi.
BAA asoschisi marhum Shayx Zoid ibn Sulton Al-Nahayon nomi bilan ataladigan ushbu mukofot jamg‘armasi 1 million dollar bo‘lib, sovrin puli ijtimoiy muammolarga yechim topayotgan, tinchlik va birdamlikka hissa qo‘shayotgan shaxslar va tashkilotlar o‘rtasida taqsimlanadi.
Hakamlar hay’ati tarkibiga turli yillarda oliy martabali va nufuzli shaxslar kiritilgan, jumladan:
Doktor Uided Bushamaui, Janob Kaylash Satyartxi — tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti sohiblari; Katerin Samba-Panza — Markaziy Afrika Respublikasining sobiq prezidenti; Megavati Sukarnoputri — Indoneziyaning sobiq prezidenti; Irina Bokova — YUNЕSKOning sobiq bosh direktori; Rebeka Grinspan Mayufis xonim — BMTning Savdo va taraqqiyot bo‘yicha konferensiyasi (UNCTAD) bosh kotibi; Avraam Kuper — AQSHning Xalqaro diniy erkinlik bo‘yicha komissiyasi raisi.
2025 yildagi hakamlar hay’ati quyidagilardan iborat:
Makki Sall — Senegal va Afrika Ittifoqining sobiq prezidenti;
Xose Luis Rodriges Sapatero — Ispaniyaning sobiq bosh vaziri;
Ngozi Okonjo-Iveala — Jahon savdo tashkiloti bosh direktori;
Kardinal Piter Kudvo Appiah Turkson — Pontifik Fanlar akademiyasi va Pontifik Ijtimoiy fanlar akademiyasining maslahatchisi;
Patrisiya Skotland — Millatlar hamdo‘stligi bosh kotibi;
Muhammad Abdusalom — «Insoniy birodarlik» mukofoti bosh kotibi.