Shu yil 24 aprel kuni Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida "Islom dini asl manbalarini talqin qilishdagi yondashuvlar: muammo va yechimlar" mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Xalqaro anjumanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi mutasaddi vakillari, Fatvo markazi va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining ilmiy xodimlari, oliy va o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari, yosh olimlar va tadqiqotchilar ishtirok etdi.
Yurtimiz vakillari bilan bir qatorda Turkiya, Misr, Rossiya, Hindiston kabi davlatlardan 60 dan ortiq yetakchi olimlar, professorlar, tadqiqotchilar va ilmiy xodimlar ushbu konferensiyada qatnashdi.
Qur’oni karim tilovati va xayrli duolar bilan boshlangan tadbirni Toshkent islom instituti Matbuot kotibi Abduqayyum Ismoil olib bordi.
Dastlab Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un G‘afurov tadbirni tabrik so‘zi bilan ochib berdi. Shundan so‘ng O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, Diniy idora raisi o‘rinbosari Muhammadolim Muhammadsiddiqovlar yurtimizda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni so‘zlash barobarida mavzu yuzasidan ma’ruza qilib, ayni masalaning yechimlari borasida o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi.
Anjuman “Qur’onshunoslikning dolzarb masalalari”, “Globallashuv davrida diniy ixtiloflarning oldini olishda hadis va hadis ilmlarining o‘rni” deb nomlangan ikki sho‘ba o‘z faoliyatini davom ettirdi. Unda yurtimiz va xorij olim va tadqiqotchilar mavzu borasida chiqishlar qilishdi.
Xalqaro ilmiy-amaliy anjuman yakunida bugungi kundagi dinimizning asl manbalarini talqin qilishdagi yondashuvlarlarga oid masalalarni tahlil etish barobarida ularning yechimi bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Qur’on faqat qiroat qilish uchun emas, balki uch maqsadda nozil bo‘lgan:
Imom Moturidiy rahimahulloh Qur’onning barakasiga musharraf bo‘lish uchun nimalar qilish kerakligi haqida bunday yozadi: “Alloh taolo Qur’onni “muborak”, ya’ni barakali kitob deb nomlagan. Chunki Qur’onga ergashgan, uni mahkam ushlab, ko‘rsatmalariga amal qilgan banda odamlarning ko‘zlari va qalblarida muhtaram va sharafli insonga aylanadi. Baraka shudir! Inson baraka bilan barcha yaxshiliklarga ega bo‘ladi! Ziyodalashish va o‘sishda bardavom bo‘ladi! Buning uchun, albatta, Qur’onni tadabbur qilish, ya’ni banda o‘zi uchun zararli va foydali narsalarni hamda bajarish va saqlanish lozim bo‘lgan ishlarni tanib olishi darkor”.
Ma’lumki, Qur’oni karim arab tilida bo‘lib, uning ma’nolarini tushunish va tadabbur qilishga hammaning ham qurbi yetmaydi. Bunday vaziyatlarda qanday yo‘l tutish kerakligi haqida Imom Moturidiy rahimahulloh quyidagi ko‘rsatmalarni beradi: “Qur’onni tadabbur qilish hakim (donishmand) va ahli basar (olim)larning ishi bo‘lib, avom xalqning bunda nasibasi yo‘qdir. Avom xalq mazkur ikki toifa tushuntirib bergan narsalarga ershgashishlari va ularga iqtido qilishlari shartdir”.
“Qalbi bor odam, ya’ni taammul va tafakkur qilgan banda Qur’ondan ibrat oladi. Bu oyatlarda aql kinoya tarzda qalb deb nomlangan. Chunki olimlar aql borasida ixtilof qilganlar. Ba’zi olimlar qalb aqlning o‘rni desalar, ayrimlari aql boshda joylashgan, lekin uning nuri qalbga yetib boradi va qalb aql vositasida g‘aybiy narsalarni ko‘ra boshlaydi, deganlar. Shuning uchun ham ba’zi oyatlarda aql kinoya tarzda qalb deb atalgan. Zero, ikkisining orasida bog‘liqlik mavjud bo‘lib, bu tarzda ishlatilishi lug‘atda keng tarqalagan.
Shuningdek, va’z-nasihatni qalbi hozir bo‘lgan holda tinglaganlar ham Qur’ondan ibrat oladilar. Ilm hosil bo‘lishi va tushunishning asosiy ikki omili Qur’oni karimda o‘z isbotini topgan. Birinchisi tafakkur va tadabbur qilish orqali, ikkinchisi esa qalbi hozir bo‘lgan holda jon qulog‘i bilan tinglash natijasida hosil bo‘ladi. Kimda shu ikki hislat topilsa, aql – qalbi bilan yaxshi-yomonni ajrata oladi. Alloh bilguvchiroqdir!”
“Qo‘rqinch va azob haqidagi oyatlar tilovat qilinganda Allohdan qo‘rqadigan bandaning teri titrab ketadi, rahmat oyatlari o‘qilganda esa, qalbi va terilari muloyimlashadi. Allohdan qo‘rqadigan banda har qanday oyatni o‘qisa ham, badani titrab, qalbi taskin topadi”.
Imom Moturidiy rahimahulloh Qur’onni tinglab yig‘lash mo‘tadil holda bo‘lishi kerakligini quyidagicha ifodalaydi: “Qatoda rahimahulloh bu haqda bunday degan: “Iymoni mustahkam bandalarning badanlari titrab, ko‘zlari yig‘laydi va qalblari Qur’on bilan xotirjam bo‘ladi. Ammo bid’atchilarga o‘xshab, aqllaridan ozib, xushlarini yo‘qotmaydilar”.
Darhaqiqat, qasamki, bu ummatning orasida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam, U zotning suhbati uchun Alloh tanlab olgan sahobalar va ularning shogirdlaridan-da bilimliroq kimsa yo‘q! Mazkur salafi solihlar Qur’on o‘qilganda aqldan mosuvo bo‘lib, bexush bo‘lishni bid’at sanaganlar”.
“Inson tanasiga turli ofat va kasalliklar xavf solgani kabi dinga ham ofat va zararli dardlar rahna solib, unga talofat yetkazish va uni halokatga duchor qilishga harakat qiladi. Alloh taolo tanamizni ofat va kasalliklardan saqlash uchun dori-darmonlarni yaratib qo‘ygan. Din ofati va illatlariga esa Qur’onni shifo qilib qo‘ygan! Shuning uchun ham Qur’on mazkur oyatda qalb – sadrlardagi kasalliklarga shifo va pand-nasihat deb zikr qilingan. Zero, Qur’on qotgan qalbni yumshatadi, qurigan ko‘zlarni yoshga to‘ldiradi va qorong‘u sadr – dilni nurga to‘ldiradi”.
“Qur’oni karim dunyoda shifo istaganlar uchun shifo va unga amal qilganlar uchun rahmatdir. Qur’ondan yuz o‘girgan va uni mensimaganlar uchun esa haqiqatni ko‘ra olmaslik, zarar va zulmatdir. Qur’onga ta’zim va hurmat nazari bilan qaraganlar esa shifo topadilar. Inson odatda ko‘z nuri va havodagi nurning birlashishi natijasida biror narsani ko‘ra oladi. Agar insonning ko‘zi ko‘r bo‘lsa, havodagi nur qanchalik yorqin bo‘lmasin, hech narsani ko‘ra olmaydi.
Shuningdek, ko‘z nuri qanchalik o‘tkir bo‘lmasin, havoni zulmat qoplagan bo‘lsa, inson hech narsani ko‘ra olmaydi. Huddi shu kabi, qalbida kufr, shubha va shikr bo‘lgan inson Qur’on nuri va uning shifosini ko‘ra olmaydi. Chunki qalbini zulmat qoplagan bo‘ladi. Qalbida imon nuri bo‘lgan mo‘min esa, Qur’onning nuri va shifosini ko‘rishga qodirdir. Dori-darmonlar ham shunga o‘xshaydi. Ular qanchalik foydali bo‘lmasin, inson tabiatiga mos kelmasa, shifo hosil bo‘lmaydi, aksincha, zarar bo‘ladi. Qur’on ham huddi shunday! U o‘zi shifo va rahmat bo‘lsa ham, qalbi kufr va shirk bilan kirlangan insonlarga shifo bo‘lmaydi, aksincha, xasrat-nadomat va zulmat bo‘ladi!”
“Qur’on din va inson joniga zararli bo‘lgan barcha kasallik va dardlarga shifodir”.
Imom Moturidiy rahimahulloh xushu’ bilan tilovat qilishni quyidagicha ta’riflaydi: “Xushu’ Allohdan qo‘rqish natijasida paydo bo‘lgan xavfning ta’siri bo‘lib, yuz va boshqa barcha a’zolarda zohir bo‘ladi. Shuning uchun ham ba’zi olimlar: “Namozdagi xushu’ namoz o‘qiyotgan banda o‘ng va chap tarafida turganlarni tanimasligidir. Chunki yonida turgan odamni tanish tilovat qilayotgan oyatni tushunishga xalal beradi”, deganlar.
Manba: Abu Mansur Moturidiy. Ta’vilot Ahl as-sunna. – Bayrut: Muassasa ar-risala, 2004.