Namozxon tik turganida ko‘zini sajda qiladigan joyiga, rukusida oyoq barmoqlariga, sajdasida burnining uchiga, o‘tirganida bag‘riga, birinchi salomida o‘ng yelkasiga, ikkinchi salomida chap yelkasiga qaratib o‘tirishi mustahab hisoblanadi.
Namozda ko‘zlar yumilmaydi, osmonga qaralmaydi va har tomonga alanglab ko‘z tashlanmaydi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: "Namoz ichida har tarafga qarashdan saqlaninglar, chunki kishi modomiki namoz ichida bo‘lar ekan, Robbiga munojot qiladi” (Imom Abu Dovud, Imom Nasoiy rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD
Musulmon birodaringiz qilgan xatosini tan olib, sizdan uzr so‘rab kelsa, samimiy uzr so‘rayotganiga alomatlar bor bo‘la turib, uning uzrini qabul qilmasligingiz tahrimiy makruh bo‘ladi. Chunki bu vaziyatni o‘zining foydasiga suiste’mol qilish va birodardan yomon gumon qilish bo‘ladi.
Ibn Javdon roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Kim musulmon birodaridan uzr so‘rasa-yu, ammo u qabul qilmasa, unga (nohaq) o‘lpon yig‘uvchining gunohi kabi gunoh bo‘ladi", deganlar.