Indoneziya poytaxtida O‘zbekiston turizm salohiyatining taqdimoti o‘tkazildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Tadbirda Indoneziya sayyohlik kompaniyalari rahbarlari, Turizm va Din ishlari vazirliklari mas’ul xodimlari hamda matbuot vakillari ishtirok etdi.
"Qanot Sharq" aviakompaniyasi rahbariyati joriy yilning kuzgi mavsumidan boshlab Jakarta-Samarqand-Jidda yo‘nalishida havo qatnovlari yo‘lga qo‘yilishini e’lon qildi. Samarqand shahri va "Umra+" dasturi doirasida indoneziyalik sayyohlar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqidagi videofilm namoyish etildi.
Anjumanda so‘zga chiqqan Indoneziya din ishlari vaziri Nasiruddin Umar O‘zbekistonning islom sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan hissasi, ushbu zamindan yetishib chiqqan buyuk zotlar, mutafakkir va ulamolar to‘g‘risida so‘zlab berdi.
–O‘zbekiston – muqaddas zamin. Samarqand shahri esa Makka va Madinaga olib boruvchi asosiy darvoza, – dedi vazir Nasiruddin Umar. – Movarounnahr ulamolari Indoneziya orollarida islom dini ta’limotini qaror toptirishda alohida o‘rin tutadi. Islom olamining buyuk dahosi, Qur’ondan keyingi o‘rinda turuvchi "Al Jomiy as-Sahihi" kitobining muallifi Imom Buxoriy O‘zbekiston zaminida tavallud topgan. O‘zbekiston Prezidentining farmoni bilan taniqli muhaddisning qabri joylashgan Samarqand yonidagi Xartang qishlog‘ida ulug‘vor yodgorlik majmuasi barpo etilmoqda. Ziyoratgoh dunyo musulmonlari uchun eng ahamiyatli tuhfa bo‘lishi muqarrar. Shubhasiz, ushbu voqea nafaqat Yangi O‘zbekiston tarixida balki islom dini rivojlanishi tarixida ham munosib o‘rin egallaydi.
Imom Buxoriy indoneziyaliklar uchun nihoyatda qadrli shaxs. Uning maqbarasini ziyorat qilish har bir musulmonning orzusi. Mamlakatimiz birinchi Prezidenti Sukarno ham bundan 70 yil muqaddam ya’ni 1956 yilda muhaddisning qabrini ziyorat qilgan.
Har yili 1 million 200 mingdan ortiq vatandoshimiz Umra amallarini ado etish uchun Saudiya Arabistoniga yo‘l oladi. Ziyoratchilarimiz aksariyat hollarda Istambul, Qohira, Doha, Ammon shaharlarida to‘xtab o‘tishadi. Samarqand shahri o‘zining boy tarixi, yuksak madaniyati, islomiy obidalari, tamaddun maskanlari, o‘zbeklarga xos mehmondo‘stlik qadriyatlari, aholisining indoneziyaliklarga bo‘lgan iliq munosabati nuqtayi nazaridan qayd etilgan shaharlardan ko‘p marotaba afzaldir.
Indoneziya tomoni, shuningdek, "Umra+Samarqand" dasturini ommalashtirishda har tomonlama ko‘mak ko‘rsatishga tayyorligini bildirib, bugungi nutqi o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlarida joylashtirilishi va keng jamoatchilikka yetkazilishini urg‘uladi.
Shuningdek, targ‘ibot va tashviqot qilish orqali "Umra+Samarqand" turpaketini ommalashtirish va Indoneziyadan O‘zbekistonga turistlar sonini keskin oshirish imkoniyati mavjud ekanligini ta’kidlandi.
Tadbir doirasida "Qanot Sharq" aviakompaniyasi vakillari va Indoneziyaning "ASITA" turizm agentliklari tashkiloti raisi Rusmiati Nunung o‘rtasida Jakarta - Samarqand - Jidda yo‘nalishida aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish va indoneziyalik turistlarga xizmat ko‘rsatish to‘g‘risida hamkorlik memorandumi imzolandi.
O‘zbekiston taraqqiyotining yangi davrida diniy-ma’rifiy soha rivojiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, haj va umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish yangi bosqichga ko‘tarildi. 2016 yilda 5 ming 200 nafar vatandoshimiz haj amallarini bajargan bo‘lsa, 2024 yilda 15 mingdan ortiq mo‘min-musulmonlar hojilik sharafiga muyassar bo‘ldi.
Bu yil ham 15 mingdan ziyod yurtdoshlarimiz haj ibodatini ado etishadi. Mamlakatimizning 9 ta hududiy aeroportidan ziyoratchilar har kuni to‘g‘ridan to‘g‘ri Madina shahriga haj safariga yuboriladi. Parvozlar “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi bilan birgalikda Saudiya Arabistonining “FlyNas” va “FlyAdeal” aviakompaniyalari tomonidan amalga oshiriladi.
Yurtdoshlarimizga Madinai munavvarada hamda Makkai mukarramada barcha shart-sharoitni yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi xodimlaridan iborat dastlabki ishchi guruh faol ish olib bordi.
Madina shahrida muhtasham besh yulduzli “Zam-zam Pullman” mehmonxonasi, Makkai mukarramada “Marmara hotel”, “Romance hotel”, “Al-Ayyam elite”, “Concrete hotel”, “Abroj Dania”, “Paradise”, “Open hotel”, “Ayyed saha” kabi sakkizta mehmonxona hojilarni yuqori saviyada kutib olishga shay qilingan. Mehmonxonalarda ziyoratchilar uchun namozxonalar, oshxonalar, tibbiyot punktlari hamda boshqa zarur vositalar hozirlandi.
13 may kuni tongda muborak haj safarini niyat qilgan ziyoratchilarning dastlabki guruhi dilda quvonch, tilda shukronalik bilan muqaddas zamin sari yo‘lga chiqdi.
Bo‘lg‘usi hojilarni kuzatish uchun Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiq Toshboyev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar, shuningdek, mutasaddi tashkilotlar mas’ullari va ommaviy axborot vositalari vakillari Toshkent xalqaro aeroportida jam bo‘ldi.
Orzulari ro‘yobidan his-hayajonga to‘lgan “Haj — 2025” mavsumining ilk ziyoratchilari aeroportdan Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketdi.
Shu kuni Madina shahriga eson-omon yetib kelgan ziyoratchilar “Haj — 2025” ishchi guruhi va mutasaddilar tomonidan tantanali kutib olindi.
Yurtdoshlarimizga muhtasham “Zam-zam Pullman” mehmonxonasiga kirishlari bilanoq zam-zam suvlari, xurmo, shirinliklar va hadyalar ulashilib, izzat-ikrom ko‘rsatildi. Vatandoshlarimiz shodlik va shukronalik tuyg‘ulari bilan ziyorat va ibodatlarni ado etishga kirishdi.
Ayniqsa, mehmonxonaning Masjidi Nabaviyga juda yaqin masofada joylashgani hojilarimizni behad mamnun qilmoqda. Ular kunlik barcha ibodatni ushbu muborak masjidda ado etmoqda. Ular o‘z duolarida Yaratgandan yurtimizga tinchlik-osoyishtalik, xalqimizga bundan-da farovonlik so‘rashmoqda.
Eslatib o‘tamiz, ziyoratchilarimiz 2025 yil 13 maydan 28 mayga qadar haj safariga kuzatiladi.
«Xalq so‘zi».