#Yangiliklar #Haj_2025
O‘zbekiston musulmonlari idorasining Buxoro viloyati vakilligi tashabbusi bilan Buxoro shahridagi “Abu Hafs Kabir” jome masjidida Haj va umraga oid darslar o‘tkazildi.
“Mir Arab” o‘rta maxsum islom ta’lim muassasasi mudiri Jaloliddin domla Saburov va Erkin domla Qudratov bu yil haj safariga ketayotgan navbatdagi guruh a’zolari va tayinlangan ellikboshilar ishtirok etdi.
Ma’ruzada haj qoidalari, ularni buzish oqibatlari, safar odoblari, musofir kishining ibodati, safarga tayyorgarlik va unda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan ko‘rsatmalar xususida to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, amaliyotga oid maslahatlarni bayon etdi.
Dars mobaynida ishtirokchilarni qiziqtirgan aqidaviy, fiqhiy va diniy-ijtimoiy mavzulardagi savollarga ustozlar tomonidan atroflicha javoblar berildi.
Alloh taolo Haj safariga otlanayotgan hamyurtlarimizning safarini xayrli qilsin, ulug‘ ibodatni bekamu-ko‘st ado etish barchamizga nasib etsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Buxoro viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
Vafot etganingizdan keyin nimalar bo‘lishini tasavvur qilasizmi? Bir necha soat o‘tib, siz uchun yig‘layotgan odamlarning yig‘isi to‘xtaydi. Yaqin qarindoshlaringiz ham hayot tashvishlariga ovunadi.
Ko‘p o‘tmay, rahbaringiz o‘rningizga boshqa xodim topadi. Yaqinlaringiz, farzandlaringiz ishga, tirikchilik tashvishiga tushib ketadi.
Bir oy o‘tgandan so‘ng turmush o‘rtog‘ingiz ham sizni kamroq eslay boshlaydi. Ha, odam o‘zi o‘ylaganidan ko‘ra tezroq unutiladi.
Modomiki, odamlar sizni shunchalar tez esdan chiqarar ekan, bu o‘lchovli umringizni kim yoki nima uchun sarflamoqdasiz? Bir umr “Odamlar nima derkin?” deb yashab o‘tmayapsizmi? Yashashdan maqsadingiz nima o‘zi?
Bir lahza tin olib, shular haqda o‘ylab ko‘ring. Bu olamga keltirilish sababingiz haqida mulohaza yuriting. Yaqinlaringizni hayotlik chog‘ida qadrlangki, vaqti yetganda qadr topasiz. Alloh taolo O‘zi rozi bo‘ladigan hammamizga mazmunli hayot, xayrli oqibat nasib etsin!
Akbarshoh Rasulov