Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan e’lon qilingan "Huquqiy savodxonlik oyligi" doirasidagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, maxsus kurslar va seminar-treninglar boshlandi.
Bulardan dastlabkisi 2025 yil 6 may kuni Mir Arab oliy madrasasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Maxsus kurs Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari D.Maxsudov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari M.Muhammadsidiqov, Mir Arab oliy madrasasi rektori J.Elov shuningdek, ustoz va talabalar ishtirokida bo‘lib o‘tdi.
So‘zga chiqqanlar tomonidan diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan islohotlar, Konsepsiyaning ahamiyati, 2025 yil 21 apreldagi "Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Farmoni bilan joriy etilgan yangi tizimlar haqida fikrlar bildirildi.
Joriy yilning 6 may kuni Mir Arab o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida navbatdagi ma’rifiy uchrashuv tashkil etildi.
Unda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari D.Maxsudov tomonidan muassasa o‘qituvchilari, xodimlari hamda talabalariga "Fuqarolarning vijdon erkinligini ta’milash va diniy sohadagi davlat siyosati Konsepsiyasi"ning mazmun-mohiyatini ifoda etuvchi maxsus kurs mashg‘uloti o‘tib berildi.
Tadbir davomida Konsepsiyada mustahkamlangan vijdon erkinligi tamoyillari, diniy e’tiqod erkinligini ta’minlashga qaratilgan qonunchilik asoslari va fuqarolarning huquqiy madaniyatini oshirish masalalari keng yoritildi. Diniy-ma’rifiy sohadagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Manba: Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Axborot xizmati