Islom – ulug' din. Uning ta'limotidagi har amalga rioya qilish ulug' ajrlarni qo'lga kiritishga sabab bo'ladi. Islomda vaqtning ham alohida ahamiyati bor.
Alloh taolo Qur'oni karimda marhamat qiladi: «Albatta, Allohning nazdida oylarning adadi – Allohning osmonlar va Yerni yaratgan kunidagi bitigiga muvofiq – o'n ikki oydir. Ulardan to'rttasi (urush) taqiqlangan oylardir. Ana shu to'g'ri dindir. Bas, o'sha (oy)larda (jang qilib) o'zingizga zulm qilmangiz! Mushriklar (mazkur to'rt oy asnosida) sizlarga yoppasiga urush ochsalar, (sizlar ham) ularga yoppasiga urush ochingiz! Yana, bilib qo'yingizki, Alloh taqvolilar bilan birgadir!»(Tavba surasi, 36-oyat).
Bu to'rt oyga Zulqa'da, Zulhijja, Muharram va Rajab oylari kiradi. Mana bu oylarni hatto johiliyat davrida, ya'ni Islom dini paydo bo'lgunga qadar o'tgan ummatlar ham hurmat va ehtirom qilishar edi. Qabilalar o'rtasida jang davom etib turganda shu oylar kirib kelsa, darhol urushni to'xtatishib qurol-aslahalarini echib qo'yar edilar.
Muqaddas dinimizda har bir sananing o'z fazilati bor. Shu jumladan, Rajab oyining ham. Rajab oyi qamariy oylarning ettinchisi bo'lib, urush harom qilingan ulug' oylardan biri hisoblanadi. Zero, “rajab” so'zi lug'atda “ulug'lash”, “hurmat bajo keltirish” ma'nolarini anglatadi.
Hadisi shariflarda ham bu oy ulug'lanadi. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bu oy haqida:“Albatta, rajab Allohning oyi, sha'bon mening oyim, ramazon esa, ummatlarimning oyidir” – deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Sahobalar va ulardan keyingi salafi solihlarimiz Ramazon oyidan so'ng tutgan ro'zalari qabul bo'lishini Alloh taolodan so'rashar edi. Rajab oyi kelganda esa, Ramazonga sog'-salomat etishni so'rar edilar. Bu haqda Nabiy alayhissalomdan hadis rivoyat qilingan.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rajab oyi kirsa, Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Allohumma baarik lanaa fiy rajabin va sha'bana va ballig'naa ramazona” (“Ey Alloh! Rajab va sha'bon oylarida bizga baraka bergin va Ramazon oyiga etkazgin”) der edilar” (Imom Ibn Asokir va Imom Bayhaqiy rivoyati).
Mashhur tobein Abu Qiloba rahimahulloh Rajab oyi fazilati haqida bunday degan: Omir ibn Shibldan rivoyat qilinadi, Abu Qiloba roziyallohu anhudan eshitdim, u zot aytadilar: “Rajab oyida ro'za tutuvchilar uchun jannatda bir qasr bor” (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Imkoni bor kishilar Rajab oyidan boshlab nafl ro'za tutib, Ramazon ro'zasiga o'zlarini tayyorlab borishlari maqsadga muvofiqdir.
Shuni ham aytib o'tish kerakki, xalqimiz orasida Rajab oyida qilish shart, deb tushuniladigan ibodatlar paydo bo'lgan. Aslida ularning asosi mavjud emas. Shariatimiz ko'rsatmalarida Rajab oyining muayyan bir kunini ro'za bilan xoslanmagan.
Aslida nafl ro'za tutish, nafl namoz o'qish savobli ishlardan. Lekin buning uchun muayyan kunni belgilab, ushbu ish shariat ko'rsatmasi deb, odat qilib olish hamda bunga dalil sifatida turli to'qima hadislarni rivoyat qilish to'g'ri emas. Ayniqsa, Rajab oyining yigirma ettinchi kechasida “Rag'oib namozi”ni ado etish borasida naql qilingan hadislarning barchasi to'qima bo'lib, unga amal qilinmaydi. Chunki uning bid'at ekanini Ibn Nujaym, Ibn Obidin va Abdulhay Laknaviy kabi muhaqqiq ulamolarimiz tomonidan ochiq-oydin aytib o'tilgan (“Bahrur-roiq”, “Raddul Muhtor”, “al-Osorul marfu'a fil-axboril-mavzua”).
Rajab oyida ham boshqa oylarda bo'lgani kabi nafl ro'za va namozni biror kunga belgilamasdan, odat qilmasdan o'qilaveradi. Aslida bu oy Ramazoni sharifga tayyorgarlikning boshlanishidir.
Abduqahhor domla YuNUSOV,
Toshkent shahar bosh imom-xatibi
حدثنا محمد بن معاذ بن يوسف المروزي نا محمد بن معاوية نا الليث بن سعد نا الحكيم بن عبد الله بن قيس عن عامر بن سعد بن أبي وقاص عن أبيه سعد بن أبي وقاص قال: قال رسول الله صلى الله عليه وعلى آله وسلم: من سمع المؤذن يؤذن فقال: وأنا أشهد أن لا إله إلا الله وحده لا شريك له وأن محمدا عبده ورسوله رضيت بالله ربا وبالإسلام دينا وبمحمد صلى الله عليه وعلى آله وسلم نبيا غفر له.
Sa’d ibn Abu Vaqqos aytadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va ’alaa olihi vasallam: “Kim muazzinning azon aytayotganini eshitganda: “Va ana ashhadu allaa ilaha illallohu vahdahu laa shariyka lahu va anna Muhammadan ’abduhu va Rasuluhu.
Roziytu billaahi Robban va bil Islaami diynan va bi Muhammadin sollallohu alayhi va ’alaa olihi vasallam nabiyyan” deb aytsa, uning gunohlari kechiriladi”, dedilar.
Ma’nosi: Guvohlik beramanki, Allohdan boshqa iloh yo‘q, U yakkayu yagonadir, sherigi yo‘qdir va Muhammad Uning bandasi va Rasulidir. Allohni Robb, Muhammadni Rasul va Islomni din deb rozi bo‘ldim.
Abu Said Haysam ibn Kulayb Shoshiyning
“Musnadi Shoshiy” asaridan
Davron NURMUHAMMAD tarjimasi