Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Avgust, 2025   |   23 Safar, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:07
Quyosh
05:34
Peshin
12:32
Asr
17:18
Shom
19:23
Xufton
20:43
Bismillah
17 Avgust, 2025, 23 Safar, 1447

Rajab – ramazonga tayyorgarlik oyidir

13.01.2024   1819   5 min.
Rajab – ramazonga  tayyorgarlik oyidir

 Islom – ulug' din. Uning ta'limotidagi har amalga rioya qilish ulug' ajrlarni qo'lga kiritishga sabab bo'ladi. Islomda vaqtning ham alohida ahamiyati bor.

Alloh taolo Qur'oni karimda marhamat qiladi: «Albatta, Allohning nazdida oylarning adadi – Allohning osmonlar va Yerni yaratgan kunidagi bitigiga muvofiq – o'n ikki oydir. Ulardan to'rttasi (urush) taqiqlangan oylardir. Ana shu to'g'ri dindir. Bas, o'sha (oy)larda (jang qilib) o'zingizga zulm qilmangiz! Mushriklar (mazkur to'rt oy asnosida) sizlarga yoppasiga urush ochsalar, (sizlar ham) ularga yoppasiga urush ochingiz! Yana, bilib qo'yingizki, Alloh taqvolilar bilan birgadir!»(Tavba surasi, 36-oyat).

Bu to'rt oyga Zulqa'da, Zulhijja, Muharram va Rajab oylari kiradi. Mana bu oylarni hatto johiliyat davrida, ya'ni Islom dini paydo bo'lgunga qadar o'tgan ummatlar ham hurmat va ehtirom qilishar edi. Qabilalar o'rtasida jang davom etib turganda shu oylar kirib kelsa, darhol urushni to'xtatishib qurol-aslahalarini echib qo'yar edilar.

Muqaddas dinimizda har bir sananing o'z fazilati bor. Shu jumladan, Rajab oyining ham. Rajab oyi qamariy oylarning ettinchisi bo'lib, urush harom qilingan ulug' oylardan biri hisoblanadi. Zero, “rajab” so'zi lug'atda “ulug'lash”, “hurmat bajo keltirish” ma'nolarini anglatadi.

Hadisi shariflarda ham bu oy ulug'lanadi. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bu oy haqida:“Albatta, rajab Allohning oyi, sha'bon mening oyim, ramazon esa, ummatlarimning oyidir” – deganlar (Imom Muslim rivoyati).

Sahobalar va ulardan keyingi salafi solihlarimiz Ramazon oyidan so'ng tutgan ro'zalari qabul bo'lishini Alloh taolodan so'rashar edi. Rajab oyi kelganda esa, Ramazonga sog'-salomat etishni so'rar edilar. Bu haqda Nabiy alayhissalomdan hadis rivoyat qilingan.

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rajab oyi kirsa, Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Allohumma baarik lanaa fiy rajabin va sha'bana va ballig'naa ramazona” (“Ey Alloh! Rajab va sha'bon oylarida bizga baraka bergin va Ramazon oyiga etkazgin”) der edilar” (Imom Ibn Asokir va Imom Bayhaqiy rivoyati).

Mashhur tobein Abu Qiloba rahimahulloh Rajab oyi fazilati haqida bunday degan: Omir ibn Shibldan rivoyat qilinadi, Abu Qiloba roziyallohu anhudan eshitdim, u zot aytadilar: “Rajab oyida ro'za tutuvchilar uchun jannatda bir qasr bor” (Imom Bayhaqiy rivoyati).

Imkoni bor kishilar Rajab oyidan boshlab nafl ro'za tutib, Ramazon ro'zasiga o'zlarini tayyorlab borishlari maqsadga muvofiqdir.

Shuni ham aytib o'tish kerakki, xalqimiz orasida Rajab oyida qilish shart, deb tushuniladigan ibodatlar paydo bo'lgan. Aslida ularning asosi mavjud emas. Shariatimiz ko'rsatmalarida Rajab oyining muayyan bir kunini ro'za bilan xoslanmagan.

Aslida nafl ro'za tutish, nafl namoz o'qish savobli ishlardan. Lekin buning uchun muayyan kunni belgilab, ushbu ish shariat ko'rsatmasi deb, odat qilib olish hamda bunga dalil sifatida turli to'qima hadislarni rivoyat qilish  to'g'ri emas. Ayniqsa, Rajab oyining yigirma ettinchi kechasida “Rag'oib namozi”ni ado etish borasida naql qilingan hadislarning barchasi to'qima bo'lib, unga amal qilinmaydi. Chunki uning bid'at ekanini Ibn Nujaym, Ibn Obidin va Abdulhay Laknaviy kabi muhaqqiq ulamolarimiz tomonidan ochiq-oydin aytib o'tilgan (“Bahrur-roiq”, “Raddul Muhtor”, “al-Osorul marfu'a fil-axboril-mavzua”).

Rajab oyida ham boshqa oylarda bo'lgani kabi nafl ro'za va namozni biror kunga belgilamasdan, odat qilmasdan o'qilaveradi. Aslida bu oy Ramazoni sharifga tayyorgarlikning boshlanishidir.

Abduqahhor domla YuNUSOV,

Toshkent shahar bosh imom-xatibi

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

"Maqomi mahmud" nima?

15.08.2025   1995   2 min.

Savol: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Maqomi mahmudning egasi bo‘lsalar, unda nega azon aytilganidan keyin Allohim, u zotni O‘zing va’da qilgan Maqomi mahmudga yetkazgin, deb duo qilamiz? Bundan go‘yoki (Alloh saqlasin) Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga Maqomi mahmud berilmagandek bo‘lib chiqmayaptimi?

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Yo‘q, bunday emas. “Maqomi mahmud” “Maqtalgan maqom” ma’nosida bo‘lib, aksariyat ulamolar nazdida “Maqomi mahmud”dan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning buyuk shafoatlari iroda qilingan. Bu izzat va karomatning eng oliy maqomi bo‘lib, u Odam avlodidan faqatgina ul muborak zotgagina nasib etgan, xolos.

Shuningdek, azon so‘ngida o‘qiladigan duoda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari bizga Alloh taolodan u zot uchun “Maqomi mahmud”ni so‘rashni o‘rgatganlar. Bu maqomni Alloh taolo u zotga va’da qilgan.

Qolaversa, Payg‘ambarimiz alayhissalom mazkur duoni qilish orqali u zotning shafoatlariga noil bo‘lishimizning xushxabarini ham berganlar. Albatta, U zot alayhissalomga “Maqomi mahmud” so‘rashimiz, bu maqom u zotga berilmaganligini anglatmaydi, chunki Alloh taoloning va’dasi amalga oshgan ish kabidir.

Shunday ekan, bizning azon duosida “Maqomi mahmud”ni Allohdan so‘rashimizning ma’nosi nima degan savolga ulamolar u zot bizning duoyimiz tufayli Maqomi mahmudga erishmaydilar, balki Alloh taolo u zotga bu maqomni aniq qilib qo‘ygan.

Biz bu duoni u zotning shafoatlariga noil bo‘lish uchun qilamiz. Bundan tashqari bunday duo qilishning ma’nosi yo “Maqomi mahmud”ning bardavom bo‘lishini, ya’ni u zotga berilgan maqtalgan maqomni davomli qilgin deb so‘rash ma’nosida yoki banda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam haqlariga duo qilish orqali o‘z ehtiyojlarini Alloh taolodan so‘rashi mumkin ekanligiga ishoradir, deb javob berganlar. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.