Xabar berganimizdek, bugun Buxoro shahridagi Mir Arab oliy madrasasida “Moturidiy ta’limoti bilimdoni” intellektual bellashuvining Respublika bosqichi boshlandi.
Musobaqada O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalaridagi saralashdan o‘tgan talabalar ishtirok etmoqda.
Tadbir Qur’oni karim tilovati va xayrli duolar bilan boshlandi.
Bellashuv Imom Abu Mansur Moturidiyning ilmiy merosini chuqur o‘rganish va uni targ‘ib qilishga qaratilgan. Ishtirokchilar moturidiylik ta’limotining asosiy qoidalari va aqidaviy yechimlari bo‘yicha o‘z bilimlarini namoyon etishmoqda.
Bu musobaqa — ilm, ma’rifat va sof e’tiqodni mustahkamlovchi muhim voqelik!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Buxoro viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Alloh taolo aytadi: "Ularni (Allohning) O‘zi ularga tanitgan jannatga kiritur" (Muhammad surasi, 6-oyat).
Imom Tabariy rahimahulloh: "Jannat ahli jannatdagi uylarini tanib olishadi. Hatto bir kishi jannatda o‘z uyiga dunyodagi uyiga kelgani kabi borib oladi", dedi.
Ibn Kasir rahmatullohi alayhi: "Ya’ni, ular jannatda o‘z manzillarini oson topadilar", dedi.
Imom Qurtubiy rahimahulloh: "Bu oyat mo‘minlarga berilgan ulug‘ bir mujdadir. Chunki dunyoda ular sabr qildilar, iymonlarini mustahkam tutdilar. Endi jannatda o‘z makonlarini Allohning hidoyati bilan osongina topadilar. Bu Allohning ularga lutfidir", dedi.
Alloh taolo mo‘minlar va taqvodorlarni O‘zi ularga tavsiflab, ta’riflab bergan jannatga kiritadi. Bu jannat ular uchun avvaldan tayyorlangan va ular unda o‘z manzillarini xuddi dunyodagi uylarini bilgandek, osongina topadilar.