Ular: “Nega bir masala bo'yicha bir imom halol deb hukm qilgan bo'lsa, boshqasi harom degan. Qanday qilib halol narsa bir vaqtning o'zida ham halol, ham harom bo'lishi mumkin?” deb so'rashdi.
Men: “Avvalgi payg'ambarlarning shariatida ham turli farqlar bo'lgan. Masalan, Odam alayhissalom davrlarida o'z singlisiga uylanish harom edimi yoki halolmi?”.
Ular: “Halol edi”, dedilar.
Men: “Bugunchi?” deb so'radim.
Ular: “Harom”, deyishdi.
Men: “Har bir payg'ambarning shariati o'sha davr uchun to'g'ri hisoblangan. Odam alayhissalomga iymon keltirish bilan birga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ham iymon keltiramiz va har ikki payg'ambarni haq deb bilamiz”.
Ular: “Payg'ambarlarning payg'ambar etib yuborilgan vaqtlari turlicha bo'lgan” dedi.
Men: “To'g'ri payg'ambarlar davri bir-biridan farq qiladi. Mazhablar esa geografik joylashishi bo'yicha farqlanadi. Masalan, shofe'iylar Shri-Lankada istiqomat qilsa, hanafiylar Pokistonda. Shu sababli, ba'zan vaqtning, ba'zan joylashuvning har xilligi tufayli halol va harom o'rtasida turfa xillik vujudga kelgan”.
Keling yanada tushunarliroq bo'lishi uchun bir misol keltirsam. Uzoq yillardan beri ramazon oyining birinchi kuni va hayit kunini belgilash bo'yicha turli xillik bo'lib keladi. Saudiya Arabistonida hayit kuni bo'lsa, Pokistonda ramazon hali tugamagan bo'ladi. Shundan kelib chiqib sizlarga savol: “Hayit kuni ro'za tutish harommi yoki halolmi?”
Ular: “Harom”, deyishdi.
Men: “Ramazon oyida hayit namozini ado etish-chi, harommi? Lekin Saudiya Arabistonida musulmonlar hayit kunini nishonlashlari, Pokistondagilar esa ro'za tutishlari to'g'rimi?” deb so'radim.
Ular: “Ha, to'g'ri”, dedilar.
Men: “Ha, to'g'ri. Chunki ramazonni boshlanishi ham, tugashi ham oyga qarab belgilanadi. Saudiyada oy ko'ringani uchun ular hayit namozini ado etishadi, Pokistonda esa oy hali ko'rinmadi.
Shuning uchun, Saudiyada hayit namozi o'qiladi. Pokistonda esa ro'za tutiladi. Har ikkisi ham to'g'ri. Agar to'rtta kishi qo'liga tayoq olib Saudiyada hayit namozining o'qilishiga qarshilik qilib, “hayit namozini o'qimang, chunki Pokistonda hali ramazon oyi tugagani yo'q” deb jar solsa fitna bo'lmaydimi?” Ogoh bo'lingki fitna og'ir gunohdir”, dedim.
Davomi bor...
Davron NURMUHAMMAD
“Musulmon banda tahorat olganida tana a’zolari poklanishidan tashqari gunohlari ham kechiriladi”, deb eshitganmiz. Bunga dalil bo‘luvchi hadislar bor-mi?
Usmon ibn Affon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim tahoratni mukammal ado etsa, gunohlari tanasidan, hatto tirnoqlari ostidan chiqib ketadi”, deganlar (Imom Muslim, Imom Nasoiy, Imom Ahmad, Imom Tabaroniy, Imom Bayhaqiy rivoyati).
Odatda, ochiq a’zolardagi kirlar yopiq turgan yoki tirnoq ostida yig‘ilgan kirlarga nisbatan oson poklanadi. Tirnoq ostidagi kirlarni tozalash uchun alohida e’tibor talab etiladi. Bu yerda banda tirnog‘i ostidagi gunohlar ham kechirilishi aytilmoqda. Bu esa tahorat sababidan Alloh va banda o‘rtasidagi kichik gunohlarning birontasi ham qolmay kechirilishiga dalolat qiladi.
Abu Umoma roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi: “Agar musulmon banda tahorat qilsa, gunohlari qulog‘idan, ko‘zidan, ikki qo‘lidan, ikki oyog‘idan chiqib ketadi. Agar o‘tirsa, gunohlari kechirilgan holda o‘tiradi” (Imom Ahmad, Imom Tabaroniy “Avsat”da va Imom Bayhaqiy rivoyati).
Banda tahoratini risoladagidek bajarsa, qulog‘i, ko‘zi, qo‘li va oyog‘i sodir etgan gunohlari kechiriladi. Agar u tahorat qilib bo‘lsa, bironta ham gunohi qolmaydi.
Abdulloh Sunobihiy roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi: “Agar mo‘min banda tahorat qilib, og‘zini chaysa, og‘zidan gunohlari chiqib ketadi. Agar burniga suv olib qoqsa, burnidan gunohlari chiqib ketadi. Agar yuzini yuvsa, yuzidan, hatto ikki ko‘zining chetidan gunohlari chiqib ketadi. Agar ikki qo‘lini yuvsa, qo‘lidan, hatto qo‘lining tirnoqlari tagidan gunohlari chiqib ketadi. Agar boshiga mas'h tortsa, boshidan, hatto ikki qulog‘idan gunohlari chiqib ketadi. Agar ikki oyog‘ini yuvsa, oyog‘idan, hatto oyog‘ining tirnoqlari ostidan gunohlari chiqib ketadi. So‘ngra masjidga borishi, (o‘qigan) namozi unga qo‘shimcha (savob) bo‘ladi” (Imom Nasoiy, Imom Ibn Moja, Imom Molik, Imom Ahmad, Imom Hokim rivoyati).
Ma’lumki, tahorat bilan namoz banda gunohlariga kafforat bo‘ladi. Agar tahoratni mukammal qilib, xushu bilan namoz o‘qilsa, bu namoz orqali banda ko‘p ajrlarga erishadi.