Prezident Shavkat Mirziyoyev 28 may kuni Samarqandga tashrif buyurib, Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qildi. Qur’on oyatlari tilovat qilindi.
Butun islom olamida Imom Buxoriyning hurmati yuksak, uning maqbarasini ko‘rish istagidagi insonlar ko‘p. Shu bois ziyoratchilarga sharoitlarni kengaytirish maqsadida bu yerda yangi majmua barpo etilmoqda.
Tashrif chog‘ida Prezidentimiz qurilishning borishini ko‘zdan kechirdi.
Majmuaning umumiy maydoni 44 gektar etib kengaytirilgan. Hozirgi kunda mo‘tabar maqbara, 10 ming kishilik masjid, 4 ta minora qurib bitkazilgan.
Yangi majmua ziyorat bilan birga ma’rifat, tarbiya, ibrat o‘chog‘i bo‘ladi. Muzey, ma’muriyat, mehmonxona va boshqa xizmat ko‘rsatish binolarini o‘z ichiga oladi. Peshtoqlar va ayvon devorlariga “Sahihi Buxoriy”dan hadislar bitiladi.
Davlatimiz rahbariga majmuada bo‘lajak sharoitlar haqida axborot berildi. Maqbara hovlisi va xiyobonlarga ko‘proq daraxtlar ekish zarurligi aytildi.
president.uz
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Ayol kishi uyida eriga iqtido qilib namoz o‘qisa bo‘ladimi? Agar joiz bo‘lsa, ayol qayerda turadi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ha, ayollar uyda erlari yoki boshqa erkak mahramlariga iqtido qilgan holda jamoat bo‘lib namoz o‘qishlari joiz bo‘ladi. Bu borada alloma Alouddin Kosoniy rahimahulloh bunday zikr qiladilar:
“Agar imom bilan bir ayol namoz o‘qimoqchi bo‘lsa, uning orqasida turadi. Chunki ayolni erkak bilan bir safda yonma-yon turishi erkakning namozini buzadi. Agar imomdan tashqari bir erkak va bir ayol bo‘lsa, erkak imomning o‘ng tomoniga va ayol esa, orqasida turadi. Agar imomdan tashqari ikki erkak va bitta ayol bo‘lsa, ikki erkak imomning orqasida va bitta ayol ularning orqasida turadi. Agar erkaklar va ayollar hamda yosh o‘g‘il va qiz bolalar jamoat bo‘lib namoz o‘qimoqchi bo‘lsalar, u holda imomning orqasida dastlab balog‘atga yetgan erkaklar turadi. So‘ng balog‘atga yetmagan yosh o‘g‘il bolalar, so‘ng balog‘atga yetgan ayollar, so‘ng yosh qizlar turadilar” (“Badoyeus-sanoye’” kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi