1. Duo qilish. Bu kun qilingan duolar eng afzal duodir.
Solihlardan biri aytadi: "Allohga qasam! Arafa kuni biror duo qilsam, bir yil o‘tmasidan turib uni xuddi yorishgan tong kabi amalga oshganini ko‘rdim".
O‘tgan solihlar ehtiyojlari uchun qiladigan duolarini arafa kuniga saqlab qo‘yishar edi. Qanchadan qancha orzu-umidlar va duolar arafa kunida ijobat qilingan.
2. Ushbu duoni ko‘p qilish. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Duolarning yaxshisi arafa kunidagi, men va mendan oldingi nabiylarning “Laa ilaha illallohu vahdahu laa shariyka lahu, lahul mulku va lahul hamdu va huva ’ala kulli shayin qodiyr”, deb aytgan duosidir”, dedilar.
3. Allohdan do‘zaxdan panoh so‘rash. Bu kundan ko‘ra do‘zaxdan ko‘p ozod bo‘ladigan kun yo‘q. Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Arafa kuni, Alloh bandalarni do‘zaxdan ko‘p ozod qilganchalik boshqa biror kun yo‘q!”.
4. Takbiri tashriq aytish. Bu kunning bomdod namozidan boshlab takbir aytiladi. “Allohu akbar! Allohu akbar! Allohu akbar! Laa ilaha illallohu vallohu akbar! Allohu akbar va lillaahil hamd”.
5. Ro‘za tutish. Bu kun tutilgan ro‘za ikki yillik gunohlarga kafforot bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Arafa kunining ro‘zasi undan oldingi va undan keyingi yillardagi gunohlarga kafforot bo‘ladi deb Allohdan umid qilaman”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Arafa kuningiz muborak bo‘lsin. Alloh taolo sizni bu kunning fazilatlaridan to‘liq bahramand etsin.
Davron NURMUHAMMAD
Joriy yilning 19-20 avgust kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi.
Davlatimiz Rahbari tomonidan har jabhada olib borilayotgan yangilanish va islohotlarga hamohang tarzda Diniy idora tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu tadbirda jami 700 nafar pedagog va soha mutaxassisi, jumladan, 300 nafar ishtirokchi bevosita anjuman zalida, 400 nafar ishtirokchi esa hududlardan videoselektor orqali qatnashadi.
Anjumandan ko‘zlangan maqsad sohadagi istiqbolli rejalarni muhokama qilish, diniy ta’limda pedagogik va kasbiy mahoratni oshirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni yanada keng tatbiq etish hamda diniy ta’limni yangi bosqichga olib chiqishdir.
Dastur doirasida soha rahbarlari ishtirokida tahliliy ma’ruzalar, taniqli professorlar tomonidan mahorat darslari, ilmiy-metodik mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Islom sivilizatsiyasi markazi bilan yaqindan tanishib, Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati