Shu yil 5 iyun kuni - hijriy zulhijja oyining to‘qqizinchi kuni ziyoratchilarimiz Mino vodiysidan erta tongdan guruh-guruh bo‘lib zamonaviy avtobuslarda Arafot maydoniga yetib kelishdi. Ushbu muborak joyda hamyurtlarimiz uchun alohida ajratilgan joyda barcha tayyorgarliklar hozirlab qo‘yilgan.
Ishchi guruhi tomonidan ziyoratchilarimiz xotirjam ibodat qilishlari uchun keng va shinam chodirlar tayyorlangan, sovutkich va muzlatkichlar uzluksiz ishlamoqda, uch mahal issiq ovqat, shirinlik va salqin ichimliklar muntazam taqdim etilmoqda.
Alloh taolo barcha hojilarning hajlarini mabrur, elu yurt haqqiga qilgan duolarini qabul aylasin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Buxoro shahridagi "Sayfiddin Boxarziy" (Shayx ul-Olam) jome masjidida zamonaviy talablar asosida barpo etilgan yangi tahoratxona namozxonlar ixtiyoriga topshirildi.
Mazkur inshoot bir vaqtning o‘zida 70 nafargacha namozxonga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega. Shuningdek, unda imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun maxsus jihozlangan 4 ta alohida xona ham tashkil etilgan.
Inshoot yozgi va qishki mavsumlarda ibodat qiluvchilar uchun maksimal darajada qulay bo‘lgan barcha zarur sharoitlar, jumladan, isitish va sovitish tizimlari bilan to‘liq ta’minlangan.
Alloh taolo ushbu xayrli ishga hissa qo‘shgan homiylar, mehnat qilgan quruvchi va ustalarning ezgu amallarini dargohida husni qabul aylasin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati